Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi

Jahon 09:26 / 24.12.2024 4243

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats ilk marta Hamas guruhi siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya joriy yil iyuli oxirida Tehronda o‘ldirilishi ortida Isroil hukumati turganini tan oldi.

Kats Yamanda Eron ko‘magida Isroil bo‘ylab raketalar va dronlar uchirayotgan husiychilarga qarshi kurash haqida gapiraturib, bu voqeani ham eslab o‘tdi.

«Biz Hamasni mag‘lub etdik, «Hizbulloh»ni mag‘lub etdik, Eronning mudofaa tizimlari va ishlab chiqarish tizimlarini ishdan chiqardik, Suriyada Asad rejimini ag‘darib tashladik, «yovuzlik o‘qi»ga kuchli zarba berdik», — dedi u 23 dekabr kuni.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati «husiychilar infratuzilmasiga zarbalar bermoqda va ularning rahbariyatini boshsiz qoldirmoqda».

Biz Tehronda, G‘azo sektorida va Livanda [Ismoil] Haniya, [Yahyo] Sinvar va [Hasan] Nasrulloh bilan qilgan ishlarimizni Hudayda va Sanoda ham qilmoqdamiz», — degan u joriy yilda «Hizbulloh» va Hamas guruhlari rahbarlari o‘ldirilganini nazarda tutgan holda.

62 yoshli Haniya 31 iyul kuni Tehrondagi qarorgohida ro‘y bergan portlash qurboni bo‘lgandi, o‘shanda u Eron poytaxtiga yangi prezident Mas’ud Pizishkiyonning inauguratsiya marosimiga kelgandi. Xabarlarga ko‘ra, u turgan uyga aviazarba yo‘llangan.

Uning vafotidan keyin Hamasga Yahyo Sinvar rahbar bo‘ldi, u 2023 yil oktyabrida Isroilga qilingan hujumning tashkilotchisi sifatida ko‘rilardi.

Sinvar 2024 yil oktyabrida G‘azo sektori hududida isroillik harbiylar bilan tasodifiy to‘qnashuv chog‘ida halok bo‘ldi va guruhga shundan keyin yangi rahbar tanlanmagan.

Undan oldinroq, sentabr oyi oxirida Isroil mudofaa kuchlari Livan poytaxti Bayrut chekkasida «Hizbulloh» pozitsiyalariga aviazarbalar yo‘lladi. Natijada tashkilot rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘ldi. Biroz o‘tib TSAHAL Nasrullohning vorisi Hoshim Safiuddinni ham o‘ldirdi.

Yaman shimoli-g‘arbini nazorat qiluvchi husiychilar o‘tgan yil oktyabr oyida Isroil G‘azoda Hamasga qarshi amaliyot boshlaganidan ko‘p vaqt o‘tmay Qizil dengizda isroilliklarning va boshqa davlatlarning kemalariga hujumlar uyushtirishni, shuningdek, Isroil hududi bo‘ylab raketa va dronlar uchirishni boshlagandi. Bunday hujumlar hamon davom ettirilmoqda.

O‘tgan hafta shanba kuni isroillik harbiylar Yamandan uchirilgan snaryadlardan biri o‘tkazib yuborilgani va raketa Tel-Avivdagi park hududiga tushgani haqida ma’lumot berdi. Husiychilar vakili guruh gipertovushli ballistik raketalar bilan harbiy nishonlarga zarbalar yo‘llanganini ma’lum qilgan.

O‘tgan haftada Isroil Yamandagi harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘llab, portni aniq nishonga olgani, shuningdek, husiychilarning poytaxt Sanodagi energetika infratuzilmalariga zarbalar berganini ma’lum qildi. AQSh va Buyuk Britaniya ham xalqaro kemachilikni muhofaza qilish bo‘yicha amaliyot doirasida husiychilarning nishonlariga hujum qilgan.

O‘tgan yil 7 oktyabrida Hamas guruhi Isroilga misli ko‘rilmagan hujum uyushtirgan, bu reyd chog‘ida tinch aholi vakillari va harbiylardan iborat 1200 nafar atrofida kishi o‘ldirilgan, shuningdek, 251 kishi garovga olingandi.

Bunga javoban Isroil G‘azo sektorida Hamasga qarshi harbiy kampaniya boshladi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, anklavda harbiy harakatlar oqibatida 45 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: