O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Falastin: G‘azodagi vaziyat
Isroil aviahujumlari tufayli o‘tgan tun G‘azo sektorida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Falastin tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, hujumlardan biri «humanitar hudud» deb ataluvchi Al-Mavasiydagi qochqinlar lagerga yo‘naltirilgan.
Xon Yunus shahridagi Nosira shifoxonasiga ko‘ra, bu hujum natijasida kamida o‘n kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan.
Al Jazeera muxbirining xabar berishicha, Isroil qo‘shinlari Nusayrat qochqinlar lageridan boshpana topgan fuqarolarga yordam berayotgan maktabni qurshab olishgan.
«Odamlar harakatlanishi cheklandi, binodan chiqishga ruxsat berilmadi. Ba’zi vaqtlarda dronlar va og‘ir artilleriyadan o‘t ochildi. Halok bo‘lganlar bor», — deyiladi telekanal xabarida.
Falastin: G‘arbiy Sohildagi vaziyat
Isroil so‘nggi 6 oy ichida O‘rdun daryosining bosib olingan G‘arbiy sohilida 7 ta noqonuniy manzilgoh qurgan, deb xabar bermoqda Peace Now nodavlat tashkiloti.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yashash punktlarining 5 tasi Baytlahmning sharqi va janubi-sharqidagi keng hududlarda qurilgan. Qolgan ikkisi esa Ayn-Yabrud va G‘arbiy sohilning shimoliy qishloqlari yerlarida barpo qilingan.
O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilida 451 mingdan ortiq, Sharqiy Quddusda esa taxminan 230 ming isroillik falastinliklarning yerlarini bosib olgan holda yashamoqda. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu o‘zlashtirishlar noqonuniy hisoblanadi.
«Mossad»ning Eronga hujum taklifi
Isroil tashqi razvedka xizmati — «Mossad» rahbari Devid Barni yamanlik husiychilar tomonidan raketalar va dronlar yordamida amalga oshirilgan hujumlarga «javob» sifatida Eronga hujum qilishni taklif qildi.
Isroil OAV ma’lumotiga ko‘ra, Barni yuqori martabali shaxslar ishtirokidagi yopiq yig‘ilishda raketalar va dron hujumlari yuzasidan fikr bildirgan.
Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiychilar Isroilga qarshi raketalar va dronlar orqali hujumlarini davom ettirmoqda.
21 dekabr kuni husiychilar tomonidan Tel Avivga qarata uchirilgan raketa Isroilning havo hujumidan himoya tizimi tomonidan to‘xtatib qolinmadi. Natijada 16 nafar isroillik jarohat olgan.
«Qahvaga taklif» olgan suriyaliklar
Suriyaliklar Bashar Asad davrida hokimiyat nazorati va chaqimchilar xavfi sabab kodlashtirilgan so‘zlardan foydalangan, deb yozadi The Washington Post. Ushbu shifrlangan iboralar nafaqat fuqarolar, balki Bashar Asad rejimi kuchishlatar tuzilmalari tomonidan ham ishlatilgan.
«Suriya haqida xotiralar: mamlakatimiz bo‘lgan uy» kitobining muallifi Aliya Malik shunday deydi: «Suriyaliklarning yashirin tili bo‘lgan, chunki mamlakatda chinakam so‘z erkinligi mavjud emasdi».
Shifrlar xavfli mavzu va hodisalar uchun yaratilgan. Masalan, chaqimchi «husnixatli kishi», qamoqqa olingan inson haqida esa «xolasidan xabar olishga ketdi» deyilgan. «Hukumatni tanqid qilish uchun ko‘rsatkich barmog‘imizni tepaga qilib ishoralar qilardik», deydi Maysun ismli ayol.
Xorijiy valuta savdosi taqiqlangan vaqtda dollarlar «ko‘ka», keyinchalik «kashnich» yoki «yalpiz» deb nomlangan. Maxsus xizmatlar tergovni «choyga taklif» deb atagan, og‘irroq so‘roq esa «qahvaga taklif» bo‘lgan.
Erdo‘g‘an Suriya kelajagi haqida
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada hukumat yig‘ilishi yakunlaridan so‘ng Suriyadagi vaziyat va terrorizmga qarshi kurash haqidagi pozitsiyasini bayon qildi.
Erdo‘g‘an Turkiyaning Suriya inqirozi boshidanoq tarix uchun to‘g‘ri tarafni tanlaganini ta’kidladi. «Biz shafqatsiz rejimga qarshi kurashda g‘alaba qozongan suriyaliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», dedi u.
Erdo‘g‘an Suriyadagi inqirozni yengib, hududiy yaxlitlikni himoya qilish Turkiyaning o‘zgarmas pozitsiyasi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Isroilning hozirgi tajovuzkor harakatlarini Suriya inqilobini bo‘g‘ishga qaratilgan urinishlar sifatida baholab, «Isroil ishg‘ol qilingan yerlardan ketishga majbur bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi.
Erdo‘g‘an terrorizmga qarshi operatsiyalar davom etishini ta’kidlab: «Suriya va mintaqamiz kelajagida IShID va RKKga o‘rin yo‘q. Ular yo o‘zini tugatadi, yoki yo‘q qilinadi», deya so‘zlarini yakunladi.
Anqara Suriyaning parchalanishiga qarshi
Turkiya Suriyada har qanday etnik bo‘linish va siyosiy manipulyatsiya urinishlarini qat’iy rad etadi. Bu haqda Turkiya prezidenti administratsiyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha rahbari Faxriddin Altun Euronews telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. U Turkiyaning Suriyadagi pozitsiyasi adolat va jabrdiydalar tomonida ekanini ta’kidladi.
Altun Turkiyaning Suriya xalqiga yordam berish, uni rivojlantirish va tinchlikni o‘rnatishga sodiqligini aytdi. Shuningdek, u Rossiya-Ukraina mojarosini tugatish uchun barcha tomonlarni mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi va Istanbulning yana muzokaralar maydoniga aylanishi mumkinligini bildirdi.
«Turkiya humanitar yordam va tinchlik muzokaralarini boshlashda har qanday ko‘makka tayyor», dedi u.
Ukraina urushi 2025 yilda tugaydimi?
The Washington Post xabariga ko‘ra, Ukraina hukumati urushi 2025 yilda yakunlanishiga umid qilayotgani ta’kidlandi. Bu fikr AQShda Donald Trampning prezidentlikka qayta saylangani va frontda vaziyat yomonlashgani ortidan paydo bo‘lgan.
Anonim manbaning aytishicha, tinchlik muzokaralari haqidagi muhokamalar ushbu ishonchni kuchaytirgan. «Men Putin bilan kelishuvga erishish mumkin, deb o‘ylamayman», degan Ukraina hukumati rasmiylaridan biri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oxirgi haftada tinchlik muzokaralariga tayyorligini bildira boshlagan. Bu, ayniqsa, Zelenskiyning avval Qrimni qaytarib olishga qaratilgan qat’iy pozitsiyasidagi o‘zgarish sifatida qayd etildi.
Gazeta manbalari Rossiya qo‘shinlari front chizig‘ida yuqori natijalarga erishmas ekan, Vladimir Putin muzokaralarga tayyor bo‘lmasligini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ukrainaliklar jangovar harakatlarni davom ettirish yoki muzokaralar orqali tinchlikka intilish bo‘yicha muhim qaror qabul qilishi kerakligini ta’kidlagan.
Rossiyaning eng yirik neft zavodi yopildi
Rossiyaning Rostov oblastidagi Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodi Ukraina maxsus xizmatlari va dengiz kuchlari tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma hujumdan so‘ng to‘liq faoliyatini to‘xtatdi.
Mazkur zavod kuniga taxminan 15 ming tonna neftni qayta ishlab, dizel yoqilg‘isi va harbiy texnikalar, tanklar hamda samolyotlar uchun aviatsiya kerosini ishlab chiqarib kelayotgan edi. Hozir zavodning barcha ishlab chiqarish quvvatlari to‘xtatilgan.
Hujum natijasida zavodning neft qayta ishlash uchun asosiy qurilmalari ishdan chiqqan. Bu holat Rossiya harbiy logistikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Transgenderlarga qarshi Tramp
Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishishi bilan «transgendercha buzuqlik»ni tugatishga va’da berdi. U shuningdek, erkaklarni ayollar sportida ishtirok etishdan cheklash va jinslar masalasida aniq pozitsiyani joriy qilishni maqsad qilganini bildirdi.
«AQSh hukumati rasman faqat ikki jins — erkak va ayolni tan oladi. Men bolalarning jinsiy mayib qilinishiga chek qo‘yish va transgender siyosatiga barham berish buyrug‘ini imzolayman», degan Tramp Arizonada.
So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning ko‘pchiligi, ayniqsa Tramp tarafdorlari, transgenderlarning huquqlarini hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni haddan ziyod deb hisoblaydi.
AQShga Suriyadan chiqish maslahat qilindi
AQShning bo‘lajak milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Mayk Uolts Donald Tramp ma’muriyatida Amerika qo‘shinlari Suriya hududini tark etishi kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, ushbu pozitsiya Amerika saylovchilari ko‘pchiligi xohishini aks ettiradi: «Prezident Tramp to‘g‘ri fikrda. Ko‘pchilik amerikaliklar Yaqin Sharq mojarolariga aralashmaslikni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Suriyada bo‘lishni yoki uning hududida operatsiyalarda ishtirok etishni istamaymiz», dedi Uolts.
Shu bilan birga, u AQSh mintaqadagi vaziyatni kuzatib borishda davom etishini, xususan, IShID va Isroil chegarasidagi holatga e’tibor qaratishini ma’lum qildi. U Iroqning yadroviy qurol yaratishga urinishlariga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etilishini ta’kidladi.
Panama Trampga javob qaytardi
Panama prezidenti Rikardo Mulino Donald Trampning Panama kanali tariflari bo‘yicha tanqidlariga qat’iy javob berdi.
«Panama kanali va uning atrofi Panamaga tegishli. Biz o‘z suverenitetimiz va mustaqilligimizga nisbatan biror savol yoki tahdidni qabul qilmaymiz. Kanal bizniki edi, bizniki va shunday qoladi», dedi Mulino.
U kanal boshqaruvi professional va shaffof olib borilayotganini, tariflar esa bozor sharoitlari, ekspluatatsiya xarajatlari va modernizatsiya ehtiyojlariga asosan belgilanishini ta’kidladi.
Shuningdek, Mulino kanal faqat Panama nazorati ostida ekani va boshqa davlatlar, xususan, Xitoy, Yevropa Ittifoqi yoki AQShdan mustaqil ravishda boshqarilayotganini ta’kidladi.