Rossiyada YouTube videoxosting trafigi normaning 20 foizigacha kamaydi. Bunday xulosaga IT-ekspert, Internetni himoya qilish jamiyati (IHJ) notijorat tashkiloti direktori Mixail Klimarev keldi, u Google monitoring servisi yordamida ma’lumotlarni tahlil qildi.
«Hozirda Googleʼning monitoring xizmati Rossiya Federatsiyasidan kelgan 8,5 poynt trafikni ko‘rsatmoqda. Sekinlashuvgacha 40 poynt edi», — deb yozadi Klimarev 23 dekabr, dushanba kuni. U gap videoxostingni to‘liq bloklash haqida ketayotganini ta’kidladi.
Rossiyada YouTube sekinlashuvining yangi to‘lqini
19 dekabr kuni Ixbt.com blog-platformasi Roskomnadzor YouTubeʼning sekinlashuvini kuchaytirgani, Google statistikasi esa «Rossiyada, jumladan, smartfonlar orqali trafikning rekord darajada pasayishini qayd etgani» haqida xabar berdi. Ikki manbaning RBK internet nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya Federatsiyasida videoxostingning mobil versiyasi ishlashiga cheklovlar dekabr oyining o‘rtalarida boshlangan: «Ilgari 30 foiz va faqat desktoplarda bloklangan, ammo dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab bu kuchaydi va butunlay bloklash boshlandi, shu jumladan mobil versiyani ham».
Shu kuni Roskomnadzor YouTube platformasiga nisbatan «chora qabul qilish uchun asos ko‘rayotganini» bildirdi va servisni «Rossiya qonunchiligini ko‘p holatlarda buzganlikda» hamda Rossiya va uning fuqarolariga «hurmatsizlikda» aybladi.