AQSh Davlat departamenti Belarusga sayohat qilishni rejalashtirayotgan amerikaliklar uchun yangilangan tavsiyalarni e’lon qildi. Bu haqda 23 dekabr, dushanba kuni bir qancha Rossiya OAV yozdi. Yangi tavsiyalar Davlat departamenti veb-saytida besh kun oldin paydo bo‘lgan. «Belarus hukumati mahalliy qonunlarni o‘zboshimchalik bilan bajarishi va hibsga olish xavfi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirish, mintaqadagi beqarorlik va vaziyatni oldindan aytib bo‘lmasligi sababli sayohat qilmang», deyiladi xabarda.
Amerika rasmiylarining tavsiyalariga ko‘ra, hozirda Belarusda bo‘lgan AQSh fuqarolari darhol mamlakatni tark etishlari kerak. Konsullik xizmatiga muhtoj bo‘lganlar esa boshqa davlatdagi AQSh vakolatxonasiga murojaat qilishlari lozim.
Davlat departamenti 2022 yilning 28 fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan to‘rt kun o‘tib, amerikaliklarga mamlakatni tark etishni birinchi marta tavsiya qilganida, AQShning Minskdagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatdi. Keyinchalik, Qo‘shma Shtatlar Belarusga sayohat qilishning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha tavsiyalarini bir necha bor yangiladi. Yangi o‘zgarishlar maqomni «sayohat qilmaslik kerak» darajasiga oshirishni o‘z ichiga oladi.
YeI Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
YeI kengashi Belarus hukumati tomonidan prezident Aleksandr Lukashenkoning siyosiy muxoliflariga nisbatan amalga oshirilgan repressiyalar bilan bog‘liq holda Belarusga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi. 16 dekabr kuni 26 jismoniy va ikki yuridik shaxsni qora ro‘yxatga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deyiladi YeI organi saytida.
Shu jumladan, siyosiy ishlar bo‘yicha ayblov hukmi chiqargan sudyalarga, «siyosiy mahbuslar g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgan va nomaqbul xatti-harakatlarga uchragan» qamoqxonalar va tergov hibsxonalari rahbariyatiga nisbatan jazo choralari joriy etildi, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, sanksiyalar Lukashenko rejimidan turli imtiyozlar orqali foyda ko‘ruvchi, shuningdek, YeI sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam beradigan kompaniyalar egalari va menejerlariga joriy etildi. Boshqa narsalar qatorida, Belarusning Yevropa Ittifoqi bilan chegarasida ikkita nazorat-o‘tkazish punktiga ega bo‘lgan va Lukashenko rejimidan sezilarli imtiyoz va afzalliklarga ega bo‘lgan «VLATe Logistik» transport-ombor kompaniyasi va uning egalariga nisbatan cheklov choralari kiritildi.
Rejimdan foyda ko‘ruvchi va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam beradigan yuk tashuvchi «Ruzekspeditsiya» ham qora ro‘yxatga kiritilgan. Kompaniya Yevropa Ittifoqidan Belarusga sanksiyalar orqali taqiqlangan avtomobillarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.