G‘azoda davom etayotgan harbiy harakatlar va qishki jalalar odamlar turmushini yanada og‘irlashtirib, ularga ocharchilik xavfini solishda davom etyapti. Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik tashkilotlari vakillari ta’kidlashicha, G‘azo butun boshli “qabristonga” aylanib qolgan.
“Dunyo bu odamlarning holi nima kechayotganini ko‘rmayapti, bunday sharoitda oilalarning boshpana qiladigan joyi yo‘q”, — dedi BMTning Falastin qochqinlari ishlari bo‘yicha agentligi (UNRWA) vakili Luiza Uoterij.
G‘azo markazidagi qochoqlar lageri Nusayratdan turib chiqish qilgan Uoterij hudud tun bo‘yi kuchli jala ostida qolganini aytib, butun anklav “qabristonga aylanganini” ma’lum qildi.
“Ikki milliondan ortiq odam tuzoqqa tushib qolgan. Ular bu yerdan chiqib ketolmayapti. Odamlar oddiy xizmatlardan mahrum, istalgan yo‘l o‘limga yetaklaydigandek tuyuladi”, — dedi Uoterij.
BMT Bolalar jamg‘armasi vakili Rozaliya Bollen ham tashvishli chiqish qildi. U sektordagi oziq-ovqat inqirozining ko‘lamiga e’tibor qaratib, ayollar va bolalarning 96 foizdan ortig‘i to‘yib ovqatlanmasligini ma’lum qildi.
Iordaniya poytaxti Ammandan turib nutq so‘zlagan Bollen, G‘azoning eng shimoliy qismi 75 kundan buyon deyarli to‘liq qamalda qolayotganini ta’kidladi. Oqibatda, bolalarga insonparvarlik yordamini yetkazish imkoniyati qariyb butunlay yo‘qqa chiqqan, bunday vaziyat 10 haftadan beri davom etib kelmoqda.
“Odamlar nafaqat jismoniy, balki ruhiy azob-uqubatlarni ham boshdan kechirmoqda. Bolalar sovuqdan muzlashyapti, yomg‘irda ivishyapti, oyoq yalang yuribdi. Men haligacha yozgi kiyimda yurgan ko‘p bolalarni ko‘ryapman. Ovqat pishirishga gaz uzilganidan so‘ng, ko‘pchilik bolalar o‘tin uchun chiqindilar orasidan plastik terishga majbur bo‘lyapti”, — dedi u.
Kuchli yomg‘irlar davom etishi haqidagi prognozlarni hisobga olib, Uoterij G‘azo aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun hududga yordam yetkazish o‘ta muhimligini ta’kidladi. Chunki G‘azo aholisi Isroil bombardimonlari tufayli o‘z uylarini qayta-qayta tark etishga majbur bo‘lmoqda, ularda yomon ob-havodan himoyalanish uchun zarur vositalar yo‘q.
“Ko‘pchilik matodan qilingan chodirlari ostiga yashirinmoqda, ularning hatto suv o‘tkazmaydigan boshpanalari yo‘q, bu yerdagi binolarning 69 foizi zarar ko‘rgan yoki butkul vayron bo‘lgan”, — dedi u.
Isroil rejimi tomonidan qo‘yilgan ko‘plab to‘siqlar tufayli humanitar tashkilotlar boshpana emas, oziq-ovqat yetkazib berish masalasini ustun qo‘yishga majbur. Aks holda g‘azoliklar ovqat uchun tiqilinchlarda qolib halok bo‘lishi xavfi bor.
“Oldindan aytib bo‘ladigan yagona narsa qish yaqinligi edi. Unga tayyorgarlik ko‘rsak bo‘lardi”, — deb ta’kidladi Uoterij. “Ammo bittasini tanlashga majburmiz, birinchi navbatda odamlarni ovqatlantirish kerak, shu sababli boshpana masalasida yordam berolmaymiz. Ayollar bir burda non uchun tiqilinchda halok bo‘lishi mumkin edi”.
19 dekabr kuni BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Isroil G‘azo sektorining shimoliy qismidagi qamal qilingan hududlarga oziq-ovqat va suv yetkazib berish uchun BMT so‘rovini yana rad etganini ma’lum qildi. Buning oqibatida Bayt-Hanun, Bayt-Lahiya va Jabaliyaning ayrim qismlaridagi falastinliklar hayot uchun zarur yordamdan uzilgan holda qolmoqda.