AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin u bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun uchrashish istagini bildirganini aytdi. «Prezident Putin imkon qadar tezroq men bilan uchrashmoqchi ekanligini aytdi», — deya Trampning 22 dekabr, yakshanba kuni Arizona shtatida o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishi chog‘ida qilgan bayonotidan iqtibos keltirgan Amerikaning CNBC telekanali o‘z saytida.
«Shunday qilib, biz buni kutishimiz kerak (Vladimir Putin bilan uchrashuvni), ammo bu urushni tugatishimiz kerak, bu urush dahshatli», — deya qo‘shimcha qildi respublikachi.
Dekabr oyi boshida Donald Tramp Notr-Dam sobori restavratsiyasidan keyin ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan Parijga tashrifi chog‘ida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi, unga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qo‘shildi. Ushbu uch tomonlama muloqot natijasida Tramp Ukrainada «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish»ga chaqirdi.
FT: Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da berdi
Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishgach, Ukrainaga yordam berishda davom etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Financial Times (FT) gazetasi 20 dekabr kuni Respublikachilar jamoasiga tayanib. Shu bilan birga, Tramp, FT manbalariga ko‘ra, NATO a’zolaridan mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilmoqchi. Muzokaralardan xabardor odamlar jurnalistlarga ma’lum qilishicha, AQSh saylangan prezidentining tashqi siyosatdagi eng yaqin yordamchilari shu oydagi maslahatlashuvlar chog‘ida Yevropaning yuqori martabali amaldorlariga uning pozitsiyasi haqida ma’lumot berishgan.
Ayni paytda NATOga a’zo 32 davlatdan atigi 23 tasi yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini harbiy ehtiyojlarga sarflaydi, deya eslatadi FT. Ushbu xarajatlarni 5 foizga oshirish ularni ikki barobardan ko‘proqqa ko‘taradi. Trampning rejalari bilan tanish bo‘lgan yevropalik amaldorlardan biri nashr bilan suhbatda gap ko‘proq YaIMning «uch yoki undan ko‘p foizi» haqida ketayotganini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar bu mavzuni 2025 yil iyun oyida Haagada bo‘lib o‘tadigan Shimoliy Atlantika alyansi sammitida muhokama qilmoqchi.
Oq uyga ko‘ra, AQSh mudofaa xarajatlari 2024 yilda YaIMning 3,1 foizini tashkil qiladi. Trampning birinchi prezidentlik muddatining so‘nggi yilida (2020 yilda) Pentagon xarajatlari 3,4 foizga yetdi, deb yozadi FT.