Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi KXDR Rossiya—Ukraina urushida 1100 nafar harbiysidan ayrilganini ma’lum qildi, deb yozadi Yonhap agentligi.
Qayd etilishicha, KXDR Rossiya armiyasini urushda qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatga qo‘shimcha harbiy texnika va qo‘shin yuborishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.
«Har tomonlama o‘rganib chiqilgan ko‘plab razvedka ma’lumotlari Shimoliy Koreya Rossiyadagi qo‘shinlari sonini oshirishga yoki rotatsiya qilishga tayyorlanayotganini ko‘rsatmoqda», — deyiladi Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi bayonotida.
Bundan tashqari Seul ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga zarba beruvchi dronlarni yetkazib berishi mumkin. Harbiylarning qayd etishicha, KXDR dronlar ishlab chiqarishga kirishgani to‘g‘risida «ayrim belgilar mavjud» — bu haqda ilk bor noyabr oyida ma’lum bo‘lgan.
Janubiy Koreya, AQSh va Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR hukumati Rossiyaga shu paytgacha 10-12 ming harbiysini yuborgan.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanadigan Shimoliy Koreya askarlariga ularning frontda borligini yashirish uchun soxta guvohnomalar berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ukraina Qurolli kuchlarining maxsus operatsiyalar kuchlari ruslar «jang maydonidagi yo‘qotishlarini yashirish va xorijiy kuch mavjudligini yashirish» uchun bunday choralarga murojaat qilmoqda, deb hisoblamoqda.