Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk

Jahon 17:13 5705

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi ajrashish uchun ariza berdi. Bu haqda Turkiyaning Haberturk nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Asma Asadga Moskvada yashash sharoiti yoqmayapti va u Londonga ko‘chib ketmoqchi. Haberturk’ning yozishicha, Asadning rafiqasi Moskvadan chiqish uchun «maxsus ruxsat» so‘ragan.

Turk OAVning yozishicha, Asadga Moskvani tark etish taqiqlangan. Ammo ushbu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Asadning harakatlanishiga cheklov mavjudligi hamda uning rafiqasi bilan ajrashish borasidagi rejalariga oid xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Asma Asad Londonda tug‘ilgan. Buyuk Britaniyada u Amerikaning JP Morgan bankida investitsion bankir bo‘lib ishlagan. U 2000 yilda Bashar Asadga turmushga chiqqan. Asma Asadning Suriya fuqaroligidan tashqari, Britaniya pasporti ham bor.

Financial Times’ning yozishicha, Asma Asad vositachilar orqali Suriyada telekommunikatsiya, ko‘chmas mulk, banklar, savdo kabi iqtisodiyotdagi butun boshli sektorlarni nazorat qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti Bashar Asad, uning ukasi Mohir va Asma o‘rtasida bo‘lib olingan.

Bashar Asad hamda uning oilasi dekabr boshida hokimiyat qo‘ldan boy berilganidan keyin Moskvaga qochib ketgandi. Bloombergʼning yozishicha, Asadning qochishini Rossiya razvedkasi xodimlari tashkillashtirgan. 8 dekabr kuni Rossiya davlat OAV Bashar Asad o‘z oila a’zolari bilan Moskvaga yetib kelgani, unga boshpana berilgani haqida xabar berdi. Ko‘p o‘tmay RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur ma’lumotlarni tasdiqladi.

Ko‘proq yangiliklar: