Toshkent viloyati hududlarida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni chiqindi poligonlariga qabul qilish va saqlash xizmatlari uchun yagona tariflarni belgilash to‘g‘risida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi «Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» viloyat hududiy boshqarmasi davlat muassasasi tomonidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni hududiy poligonlarga qabul qilish hamda saqlash bo‘yicha yangi narxlar belgilangan. Xususan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab 1 kub metr chiqindi uchun QQS bilan 20 ming 37 so‘m (QQSsiz 17 890 so‘m), 1 tonna uchun QQS bilan 48 ming 633 so‘m (QQSsiz 43 423 so‘m) to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida 18 ta chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ular 246 gektar maydonni egallagan.
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomi mustahkamlanishiga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan va qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, chiqindidan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklab qo‘yilishi bo‘yicha tizim joriy etiladi.
«O‘zbekkosmos» agentligining ekologiya yo‘nalishidagi kosmik monitoring natijalariga ko‘ra, 2024 yilning bugungi kuniga qadar O‘zbekistonning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixonalar aniqlangan.