Tatariston bo‘ylab dronlar hujumi kuzatildi

Jahon 12:56 / 21.12.2024 15015

21 dekabr kuni Tatariston poytaxti Qozon shahriga Ukrainaning kamikadze dronlari hujum qildi. Tatariston hukumatiga ko‘ra, jami 8 ta dron shahardagi obektlarga kelib urilgan. Ularning 6 tasi turar joy binolariga, bittasi sanoat korxonasiga, yana bittasi daryoga tushgan.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, eng katta zarar Qozon markazidagi 37 qavatli turar joy binosiga yetgan. Binoga 2 ta dron yarim soatlik farq bilan urilgan. Binoda yong‘in chiqqan, maxsus xizmatlar hodisa joyiga yetib kelgan, yashovchilar evakuatsiya qilingan.

Qozondagi yana bir ko‘p qavatli uy «Manhetten» turar joy binosining tom qismiga va yana bir 4 qavatli binoga ham dron kelib urilgan. Ularning barchasida yong‘in kelib chiqqan.

Ukrainadan Qozongacha masofa qariyb ming kilometrni tashkil qiladi. Tatariston hududiga odatda kamdan kam hollarda dron yetib keladi.

Dastlab, Rossiya mudofaa vazirligi Tatariston osmonidagi barcha uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar urib tushirilganini aytmoqda. Keyinroq Havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlay boshladi.

Qozon aeroporti vaqtincha yopildi, shahar bo‘ylab sirenalar yangray boshladi.

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov «Lazurnyx nebes» turar joy binosiga yetib kelgan, rasmiylar hujum natijasida vafot etgan va jarohatlanganlar yo‘qligini aytmoqda.

Mamlakat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi aholidan osoyishtalikni ta’minlashni, trevoga signallari vaqtida metro, binolarning 1-qavatiga yoki podvaliga tushishni so‘ragan.

Qozon shahrida kelasi 2 kunda xavfsizlik nuqtayi nazaridan barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat aholidan dron kadrlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslikni so‘ramoqda.

Ko‘proq yangiliklar: