Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori Halilillo Hamidov, Golden Ring Economic Forum tahlil markazi raisi Sikander Afzal va boshqalar qatnashdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat "aql markazlari" o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, birgalikda savdo-iqtisodiy munosabatlarda ijobiy o‘sish trayektoriyasini saqlab qolish bo‘yicha yangicha yondashuv va takliflarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tahlil markazlari faoliyati, joriy tadqiqot sohalari va dolzarb izlanishlar to‘g‘risida ma’lumot almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Pokistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, mavjud savdo tariflari, bojxona tartiblari, tashqi savdoni osonlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan siyosat va imtiyozlarga e’tibor qaratdilar.
"O‘zaro savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar O‘zbekiston va Pokiston uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchim komil", dedi Sikander Afzal.
Onlayn uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi amaldagi ikki va ko‘p tomonlama normativ-huquqiy bazani tahlil qilish, ularning natijadorligi bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash, investitsiyalarga oid statistik ma’lumotlar bilan almashish, manfaatli sohalardagi tadqiqotlar mavzusini muvofiqlashtirish, akademik doira vakillarining o‘zaro safarlarini uyushtirish va qo‘shma tadbirlar tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.