Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti

O‘zbekiston 22:57 / 21.12.2024 3670

Farg‘ona shahri markazidagi propan quyish shoxobchasi portlab, 4 kishini hayotdan olib ketdi. Metan va benzinga navbat kutmaslik uchun elektromobil olganlar zaryadlash stansiyasiga navbatda turishga majbur bo‘lmoqda. Chorvoq xalqaro darajadagi zamonaviy turistik markazga aylanadi: Emin Agalarov 10 mlrd dollarlik loyihani taqdim etdi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Propan shoxobchasidagi portlash

Shahar ichidagi bomba”. Farg‘onada portlagan benzin va propan shoxobchasini jabrlanuvchilar shunday ta’riflayapti. Avvaliga AYoQSh sifatida tashkil etilgan, bir necha oy oldin faoliyatini kengaytirib, avtomobillarga propan ham quya boshlagan shoxobcha qurilishiga odamlar avvaldan qarshi bo‘lgan. Qo‘shyoqilg‘ili shoxobcha, aholi uylari va bolalar bog‘chasining qanday qilib bir-biriga bunchalik yaqin joylashib qolgani yuzasidan 4 kundan buyon izohlar bo‘lmadi.

Rasmiylarga ko‘ra, shoxobchada konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz tashqariga sizib chiqishi oqibatida portlash ro‘y bergan. 1 kishi voqea joyida, yana 3 kishi shifoxonada halok bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan. Qurbonlarning na jinsi, na yoshi ochiqlanmadi; tarmoqlarda ulardan ikki nafari bolalar, yana biri ularning onasi ekani aytilmoqda.

Holat bo‘yicha mehnat muhofazasi va yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish moddalari bilan jinoyat ishi ochilib, 5 kishi qamoqqa olingan. Nechta uy, nechta avtomobilga zararga yetgani, umuman jinoyatning moddiy oqibatlari qanchaga baholangani ma’lum emas. Hodisadan keyin viloyat bo‘ylab barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tekshirish ishlari boshlandi, shoxobchalarning ishchi-xodimlari xavfsizlik qoidalari bo‘yicha o‘qitiladigan bo‘ldi.

Fojia yuzasidan ekopartiya deputati Javlon Abdullayev Sanoat xavfsizligi qo‘mitasiga so‘rov yuborib, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga aniqlik kiritishni so‘radi. So‘rov matnidan ma’lum bo‘lishicha, portlash sodir bo‘lgan Petrolium nomli shoxobcha “Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasiga tegishli. Davlat reyestrida ushbu korxona Azizxo‘ja Usubxo‘jayevich Mavlonovga tegishli ekani ko‘rsatilgan.

Elektromobil zaryadlash stansiyalariga “hujum”

Gaz va benzinda yuradigan haydovchilardan farqli ravishda, qishni yoqilg‘i uchun navbat kutmasdan o‘tkazmoqchi bo‘lgan elektromobil egalari chuchvarani xom sanagani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz bilan bog‘langan toshkentlik haydovchilardan biri uyining yaqinidagi 2 ta zaryadlash nuqtasi ishlamay qolgani uchun, boshqa stansiya izlashiga to‘g‘ri kelgan, ishlayotgan stansiyani topganida esa 2 soat navbatda turishga majbur bo‘lgan. Ayrim holatlarda haydovchilar quvvatlash punktida 5-6 soatgacha navbat kutayotgani aytilyapti. Taqqoslash uchun, metan-shoxobchalarda ham ko‘plab haydovchilar xuddi shuncha vaqt navbatda turishibdi.

Xo‘sh, elektromobillarni zaryadlash stansiyalaridagi navbatlar qayerdan paydo bo‘ldi? Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan haftadan buyon elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini ommaviy ravishda elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish boshlangan. Bu holat jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, Energetika vazirligi bunday topshiriq bermaganini aytib chiqdi. Vazirlik tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” esa go‘yoki faqat qarzi bor iste’molchilar tarmoqdan uzilayotganini aytdi. Lekin bozordagi kompaniyalar vakillariga ko‘ra, bu –qip-qizil yolg‘on, chunki zamonaviy hisoblagichlar iste’molchining hisobida pul bo‘lmasa, avtomatik o‘chadi, pul to‘langanidan keyin darrov yonishi kerak. Qolaversa, aksariyat stansiyalar savdo markazi, restoran yoki mehmonxonaning transformatoriga ulangan bo‘lib, elektr uchun to‘lovni ana shu transformator egalari to‘laydi, stansiyalarning esa elektr ta’minoti korxonasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomasi va ID-raqami yo‘q. Agar energetiklarning “qarzi borligi uchun o‘chirildi” degan izohi rost bo‘lganida, stansiyalar ulangan birlamchi abonentlar – ya’ni savdo markazlari, restoranlar va mehmonxonalar ham elektr ta’minotisiz qolgan bo‘lardi.

Tez orada energetiklar bu voqealar zanjirida yolg‘iz emasligi, bosh rollardan birida Kadastr agentligi ekani oydinlashdi. Agentlik bir qator me’yoriy hujjatlarni ro‘kach qilib, tadbirkorlarga qo‘pol qilib aytganda “lash-lushlaringni yig‘ishtirib, sur bo‘tdan” degan ma’noda xat yuborgan. Rasmiy aytganda, stansiyalarni demontaj qilish talab qilinmoqda. Aks holda, yer uchastkasini noqonuniy egallaganlik ayblovi bilan ish ochiladi. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyatni qonuniy yo‘l bilan qanday hal qilish mumkinligini so‘rashganida, ularga stansiyalarni buzib tashlashdan boshqa choralari yo‘qligini aytishgan. Kadastr agentligi Kun.uz'ning bu boradagi savollarini javobsiz qoldirdi.

Qaysidir davlat organi shuncha vaqt ko‘z yumib kelib, nega to‘satdan o‘z vakolatlarini ishga solishga qaror qilgani, tadbirkorlarga hech qanaqa yechim taklif qilmay, biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida ularni xonavayron qilishga jazm etayotgani tushunarsiz. Tarmoqlarda odamlar bir xavotirli savolni o‘rtaga tashlamoqda: nahotki, elektromobillarni zaryadlash stansiyalari bozori ham monopoliyaga aylantirilsa?

“Bu ham yetarli emas” — Qo‘chqorov 2 yilda 4 marta qimmatlashadigan issiqlik ta’minoti tariflari haqida

Monopoliyalardagi tarif va tannarx poygasi davom etadi. Bu poyga samaradorlikni oshirish, tannarxni pasaytirish degan maqsadlar bilan xususiy sektor boshqaruviga berilgan Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimida ayniqsa yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. Xabaringiz bo‘lsa, bu yil poytaxtda issiqlik ta’minoti tariflari 2 marta oshirildi, kelasi yili ham 15 foizdan 2 marta oshiriladi. E’tiborlisi, 2 yil ichida 4 marta ko‘tarilgan tariflar ham tannarxni qoplash uchun yetarli bo‘lmasligi aytilyapti. Bunga sabab – tizimda haligacha sovet paytidan qolgan, gazni ko‘p yoqadigan samarasiz texnologiyalardan foydalanilyapti. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Senatdagi chiqishida aytib o‘tdi.

Mana yaqinda Toshkent shahri kengashi kelgusi yilda 2 marta tariflarni oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Lekin birdaniga aytamiz, tannarxni qoplab berish uchun bu ham yetarli emas”, – dedi u.

Qo‘chqorov bu yil aholi uchun elektr va gaz tariflari oshirilgani, kelasi yil 1 apreldan yana oshishiga qaramay, energetika sohasiga budjetdan subsidiya ajratish davom etayotganiga ham izoh berdi.

Birinchidan, bizning tariflarimiz haligacha xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqqani yo‘q. Ikkinchidan, gazning ma’lum qismini import qilyapmiz. Shuning uchun tariflarni to‘liq o‘zini o‘zi qoplaydigan darajaga o‘tkazmasdan boshqa ilojimiz yo‘q”, – dedi hukumat a’zosi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda elektr energiyasi va tabiiy gazga 12 trln so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lsa, kelasi yil bu miqdor 7,5 trln so‘mgacha kamaytiriladi. Bu sohalarga subsidiya berish 2028 yildan boshlab to‘xtatilishi reja qilingan.

Energetika sohasidagi islohotlarning yakuni nima bilan o‘zining pirovard natijasiga yetadi desangiz, shuni aytishimiz mumkinki, elektr energiya va gazning chakana va ulgurji bozorini shakllantirish bilan bu masala o‘zining yakuniga yetadi. Shunda budjetdan bu sohalarga subsidiya berishga hech qanaqangi ehtiyoj qolmaydi”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Ta’kidlash kerak, O‘zbekistonda energoresurslarning tannarxi shakllanishi bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar ochiqlanmaydi. 2023 yil sentabr va 2024 yil aprel oyida berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu qisqa vaqt ichida elektr energiyasining tannarxi 21 foizga, gazning tannarxi esa 35 foizga oshib ketgan. Shu sababli faollar tariflarni oshirish bilan ish bitmasligi, energetika tizimidagi samarasizlik va o‘g‘riliklarga barham berish, shaffof va raqobatli bozor qoidalarini joriy etish kerakligini aytib keladi.

Gaz qazib olish qisqarishda davom etadi

Energetikada bozorga o‘tilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev ham so‘nggi chiqishlarida bir necha marta to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Hozirgi kunda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetgani, ulgurji bozorda yirik iste’molchilar elektr energiyasini “raqobatli savdolar orqali” xarid qilishi aytilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni gaz qazib chiqarish sohasidagi joriy holat va kelgusi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Mamlakatdagi eng yirik gaz qazib chiqaruvchi “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Sidiqovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya kelasi yili 26,5 mlrd kubometr tabiiy gaz qazib chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi rasmiy xabarlarda gaz qazib chiqarish “oshayotgani” aytilgan bo‘lsa-da, amalda buning aksi kuzatilmoqda. Qolaversa, kelasi yilga reja qilingan 26,5 mlrd kubometrlik prognoz – bu kompaniya tomonidan 2022 yilda qazib olingan gaz hajmidan 10 foizga, 2025 yil uchun bir necha oldin qilingan prognozdan esa 22 foizga kam. Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz”ga qarashli konlarda gaz qazib olish tannarxini kamaytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, mavjudlarida yangi quduqlarni burg‘ilash, eskilarini ta’mirlash haqida so‘z bordi. Kompaniyaga xorijdan 2 mlrd dollar kreditlar jalb qilish, o‘tgan yili pasaytirilgan xalqaro kredit reytingini ko‘tarish topshirig‘i berildi.

Xorijdan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha vazifalar boshqa bir yig‘ilishda banklar uchun ham belgilab berildi. Unga ko‘ra, banklar 2025 yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 mlrd dollar jalb qilishi kerak. Har bir bankda chet eldan mablag‘ olib keladigan ishchi guruh tuziladi. Shuningdek, mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, banklar tomonidan mahalla startaplariga 50 mln dollar mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Hafta davomida prezident ishtirokidagi tadbirlarda, Chorvoqda yirik turistik markaz qurilishi haqida ham so‘z bordi. “Sea Breeze Uzbekistan” nomli loyihani prezidentga ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarov taqdim etdi. Suv ombori bo‘ylarida plyajlar, sport maskanlari, golf maydoni, akvapark, mehmonxonalar va turar joylar qurilishi, xalqaro brendlarning do‘konlari va restoranlari ochilishi, ikki qirg‘oq ko‘prik bilan bog‘lanishi reja qilingan. Xorijiy investorlar tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha qiymati 10 mlrd dollarga baholanyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Jizzax viloyatiga 7 yil rahbarlik qilgan Ergash Soliyev lavozimidan ozod etildi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” ishdan ketgan. 2017 yil oktyabrdan buyon Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan 68 yoshli Ergash Soliyev bir necha marta qarindoshlari bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi keyslarida jurnalistik surishtiruvlar markazida bo‘lgandi. Uning o‘rniga “Hududiy elektr tarmoqlari” raisi Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Mustafoyev Jizzax viloyatida tug‘ilgan, 2016-2017 yillarda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Moskvada rus generali Igor Kirillov va uning yordamchisini portlatib o‘ldirganlikda ayblanib, O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari unga bu ishi uchun 100 ming dollar mukofot va Yevropa Ittifoqiga chiqarib qo‘yishni va’da qilgan. Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqotida ushbu voqeani muhokama qildi. Shu kuni Putin yil yakuni bo‘yicha an’anaviy ochiq muloqotida migrantlarga talablarni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlab, Rossiyaga keluvchi markaziy osiyoliklarni o‘sha yerning o‘zida tayyorlash kerakligini aytdi.

Komil Allamjonovga suiqasdda ikki nafar Rossiya fuqarolari ham gumonlanmoqda. Chechenistonlik ekani aytilayotgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan. Ularga Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Lini o‘ldirish uchun 1,5 mln dollar va’da qilingani aytilmoqda. Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekistondagi suiqasd ishida “chechen izi” borligi haqidagi xabarlarni rad etgandi. Hozirda tergovchilar kimni buyurtmachi deb hisoblayotgani ma’lum emas.

Avtomobilni ijaraga berish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar ehtiyot bo‘lganlari ma’qul. Aks holda, oxir-oqibat avtomobillaridan ayrilib qolishlari mumkin. Kuni kecha Andijonda 14 kishidan iborat jinoiy guruh ustidan sud boshlandi. Ular odamlarning mashinalarini go‘yoki ijaraga olib, ularni qaytarib bermay, ehtiyot qismlarga bo‘lgan holda sotib yuborish bilan shug‘ullanib kelgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudi ko‘rib chiqayotgan jinoyat ishida 40 ga yaqin avtomobil topilmagan va egasiga qaytarilmagan.

Parkent tumanidagi xususiy hayvonot bog‘i qorovuli sherlar hujumiga uchrab halok bo‘ldi. 17 dekabr kuni tongga yaqin qafasidan chiqib ketgan sherlar 44 yoshli qorovulga tashlangan. Ertalab zooparkka kelgan boshqa xodimlar holatning ustidan chiqqach, 2 ta sher uxlatuvchi dori bilan katakka qaytarilgan, yana bir sher otib o‘ldirilgan. Holat bo‘yicha mehnat muhofazasi qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Lion Park nomli ushbu xususiy zooparkda sherlar soni 15 ta bo‘lib, ulardan 10 tasi katta yoshli Afrika sherlaridan iborat.

Respublika bo‘ylab is gazidan zaharlanish holatlari davom etmoqda. Qarshi shahrida bir oilaning to‘rt a’zosi, Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi, Asaka tumanida esa er-xotin isi gazidan zaharlanib vafot etdi. Piskentda noma’lum moddadan zaharlanib vafot etgan kelin-kuyovning o‘limiga ham is gazi sabab bo‘lishi mumkin. Avvalroq “Hududgazta’minot” aholiga murojaat qilib, gaz uskunasi o‘rnatilgan xonaga gaz signalizatorlari o‘rnatishni tavsiya qilgandi. Bunday datchiklar gaz yoki is gazi to‘plangan vaqtda, ovozli xabar beradi yoki gaz ta’minotini avtomatik to‘xtatadi.

Ko‘proq yangiliklar: