Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti

Jahon 14:35 / 20.12.2024 7519

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasining 17 dekabrdagi yangi havo hujumlari G‘azo sektorida yana bir qator vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Jabaliya, Bayt Laxiya va Bayt Hanun kabi hududlar xarobaga aylandi.

Hodisada 8 falastinlik halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar jarohatlangan. Bemorlar, bolalar va aholini qutqarishga harakat qilayotgan shifoxonalar va maktablar ham hujum ostida qolgan.

7 oktyabrdan buyon G‘azo sektoriga qilingan hujumlarda 45 ming 97 falastinlik halok bo‘lgan, ularning 17 ming 492 nafari bolalar va 11 ming 979 nafari ayollardir. Shuningdek, 107 ming 244 kishi jarohatlangan.

Jabrdiydalar hujumlardan qochib, panoh topgan maktablar va shifoxonalar ham vayrona bo‘lgan. Qutqaruv ishlari qiyinlashgan, ko‘plab jasadlar hali ham vayrona ostida qolmoqda.

Falastin BMT a’zosi bo‘lishi kerak

Falastin prezidenti Mahmud Abbos mamlakatning BMTning to‘laqonli a’zosi sifatida tan olinishi va xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘proq e’tirof etilishi zarur ekanini aytdi.

Qohirada bo‘lib o‘tgan D-8 sammitida Abbos falastinliklarning har kuni genotsid, qotillik, ochlik va majburiy ko‘chirishlarga duchor bo‘layotganini ta’kidladi.

«Falastin BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi va xalqaro tan olinishi zarur. Bu mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun muhimdir,» — dedi u.

Abbos G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni va humanitar yordam yetkazishni talab qildi. U, shuningdek, BMTning 2735-rezolyutsiyasini amalga oshirish, xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektori uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va Isroilning to‘liq chiqib ketishini ta’minlashga chaqirdi.

Isroil Yamanga hujum uyushtirdi

Isroil harbiylari Yamandagi «Ansorulloh» harakatining bir necha harbiy obektlariga havo hujumlari amalga oshirdi. Hujumlar mamlakat g‘arbidagi markaziy va sohil hududlarida bo‘lib o‘tdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, zarbalar husiychilarning dronlar va ballistik raketalar orqali Isroilga hujumiga javoban berilgan.

«Biz husiychilarning harbiy infratuzilmasidan foydalanishini cheklash uchun ushbu zarbalarni amalga oshirdik», — dedi Isroil armiyasi vakili Avihay Adrai.

Husiychilar esa poytaxt Sano va Hudayda shahridagi neft obektlari va elektrostansiyalarga Isroil zarbalari natijasida jabrlanganlar borligini ma’lum qildi. Hodisada ko‘plab yamanliklar halok bo‘lgan va jarohatlangan.

So‘nggi hodisalar ortidan Qizil dengizdagi xavfsizlik muammolari yanada keskinlashdi. Husiychilarning savdo kemalariga hujumlari tufayli ko‘plab kemachilik kompaniyalari bu hududdagi harakatlarini to‘xtatishga qaror qildi.

18 dekabr kuni Pentagon «Ravnaq qo‘riqchisi» xalqaro operatsiyasini boshlab, Qizil dengizda savdo kemalarining xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘p millatli dengiz kuchlarini jalb etdi.

Isroilning davomli okkupatsiya siyosati

Isroil davlati 1948 yilda tashkil topganidan buyon qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Falastinning hududlarini bosib olish siyosatini olib bormoqda.

«Isroilning okkupatsiya jarayoni 1947 yildagi BMTning 181-rezolyutsiyasidan boshlangan», — deb ta’kidlanadi tarixiy tahlillarda.

Isroil 1948 yilning 14 may kuni Britaniyaning tarixiy Falastin hududidan chiqishidan so‘ng mustaqil davlat deb e’lon qilingan. Shu yili Isroil va arab davlatlari o‘rtasida birinchi urush boshlangan.

Bu urush natijasida Isroil Falastin hududlarining 68 foizini, jumladan, G‘arbiy Quddusni bosib olgan. Oxirgi yillarda Suriyadagi Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng, Isroil armiyasi bufer zonasiga egalik qilib, o‘zining okkupatsiya siyosatiga qaytmoqda.

Jo‘loniy: «Suriya G‘arb uchun xavf emas»

Suriyaning yangi de-fakto rahbari, avvalroq Muhammad al-Jo‘loniy sifatida tanilgan Ahmad ash-Shar’a mamlakatning qo‘shnilar yoki G‘arbga tahdid solmasligini va uzoq yillik urushdan keyin tiklanishga muhtoj ekanini ta’kidladi.

«Sanksiyalar eski hukumatga qarshi joriy qilingan edi, endi ularni bekor qilish vaqti keldi. Jabrlanganlar va zulm qilganlarni bir xil jazolash adolatsiz», — dedi al-Shar’a BBC bilan suhbatda.

Suriya 2011 yildan buyon 300 dan ortiq sanksiya paketlari ostida qolgan bo‘lib, Rossiya va Erondan so‘ng dunyodagi eng ko‘p sanksiyalangan uchinchi davlat bo‘lib turibdi.

Ash-Shar’aning ta’kidlashicha, «Hay’at Tahrir ash-Shom» aslo terrorchilik tashkiloti emas va fuqarolarga hujum qilmagan.

«Suriya Afg‘oniston emas. Bizda ayollar uchun ta’limga yo‘l ochilgan. Masalan, Idlibda universitet talabalarining 60 foizi xotin-qizlar», — degan ash-Shar’a.

U Suriyada yangi qonun va Konstitutsiya asosida siyosiy jarayon boshlangani e’lon qilindi.

Suriyaga qaytayotgan qochqinlar

BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lum qilishicha, Suriyadagi Asad rejimi ag‘darilishi ortidan 250 ming kishi o‘z uyiga qaytgan, ularning 100 ming nafari chet elda yashagan suriyaliklardir.

«Suriyada 17 mln odam yordamga muhtoj, aholining 90 foizi esa qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi Suriyada katta vayronagarchiliklar keltirib chiqargan. 6 milliondan ortiq suriyalik mamlakatni tark etgan, yana 5,5 million kishi ichki qochqinga aylangan.

Hozirda yuz minglab qochqinlar vataniga qaytishni boshlagan, ammo ba’zilari mahalliy sharoitlarning xavfsizligiga ishonch hosil qilishni kutmoqda.

Asad rejimining vahshiyliklari

Suriyaning Damashq shahri yaqinidagi ombordan 20 dan ortiq inson qoldiqlari topildi. Bu haqda «Oq kaskalilar» tashkiloti xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ombor narkotiklar saqlash uchun ishlatilgan. Hozircha halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash imkoni yo‘q, ularning halok bo‘lishi sabablari o‘rganilmoqda.

Shuningdek, Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng, BMT inspeksiyalari uchun ochilgan Sednaya qamoqxonasida 2011-2018 yillar davomida 30 mingdan ortiq odam qatl qilingan yoki azob-uqubat, tibbiy yordam yetishmasligi yoki ochlik sabab halok bo‘lgan.

Suriyalik ayollardan biri Sednaya qamoqxonasida mahkumlar osib o‘ldirilgan arqonni ommaga namoyish etgani kadrlari tarqaldi. Tadqiqotchilar esa Asad rejimi qamoqxonalaridagi zolimliklarni hujjatlashtirishni davom ettirmoqda.

Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusseldagi muzokaralarda mamlakat xavfsizligini ta’minlash kafolatlari asosiy mavzulardan biri bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda u NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan oldin ma’lum qildi.

«Bryusselda o‘tadigan ikki kundan to‘liq foydalanish juda muhim. Barcha hamkorlarimiz bilan umumiy va yakdil pozitsiyani shakllantirishimiz kerak. Bu Ukraina xavfsizligini ta’minlash, xalqimizni qo‘llab-quvvatlash va armiyamizni kuchaytirish uchun zarur», — dedi Zelenskiy.

NATO bosh kotibi Ryutte esa Ukrainaga havo hujumidan himoya tizimlari va boshqa qurollar taqdim etish bo‘yicha so‘rovlar kun tartibida ekani va Ukraina uchun 19 ta HHH tizimi yetkazib berish muhokama qilinadi, deya qayd etdi.

Bryussel muzokaralari Ukraina xavfsizligini ta’minlash va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Putin migrantlar haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya va ishchi kuchi yetishmovchiligi muammosini hal qilish yo‘lida Markaziy Osiyo mamlakatlarida rus maktablari tarmog‘ini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

«Rus maktablari orqali ishchi kuchi tayyorlashni ularning Rossiyaga kelishidan oldin boshlash mumkin», — dedi Putin.

U ayniqsa qurilish sohasida ishchi kuchi tanqisligi sezilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi past bo‘lishiga qaramay, ayrim tarmoqlarda yuz minglab ishchi yetishmaydi.

Shuningdek, Putin migrantlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini Rossiya maktablariga qabul qilinmasligini ham ma’qullashini aytdi. Unga ko‘ra, bu masala hal etilishida mahalliy aholining manfaatlari hisobga olinishi kerak.

Rossiyada ko‘pxotinlilikka ruxsat berildi

Rossiya Musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi musulmon erkaklarga to‘rttagacha «diniy nikoh» tuzishga ruxsat berdi. Bu haqda Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov ma’lum qildi.

Muftiyning so‘zlariga ko‘ra, poligamiya quyidagi hollarda mumkin: ayolning tug‘ishga layoqatsizligi, reproduktiv yoshning tugashi, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yoki boshqa obektiv sabablar, shu jumladan, farzand ko‘rish istagining yo‘qligi.

Asosiy shart — barcha ayollarga nisbatan adolatli va teng munosabat bo‘lishi kerak. Er har bir ayolni moddiy ta’minlashi, alohida uy-joy bilan ta’minlashi va vaqtni barobar taqsimlashi kerak. Agar bu shartlar bajarilmasa, ko‘pxotinlilik man qilinadi.

Bu ham aholisi urush va tug‘ilishning kamligi tufayli qisqarib borayotgan Rossiyada aholi sonini oshirishga bo‘lgan shoshilinch harakatlardan biri o‘laroq baholanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: