Ukraina davlat reyestrlari RFdan keng ko‘lamli kiberhujumga uchradi

Jahon 16:06 / 20.12.2024 1805

Ukraina davlat reestri so‘nggi paytlardagi eng yirik kiberhujumga uchradi. Bu haqda 19 dekabr, payshanba kuni kechqurun bosh vazirning Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari, Ukraina adliya vaziri Olga Stefanishina Facebookʼda ma’lum qildi. «Maqsadli hujum natijasida Ukraina Adliya vazirligi tasarrufidagi Yagona va Davlat reyestrining ishi vaqtincha to‘xtatildi, endi biz guruh va boshqa xizmatlar mutaxassislari bilan birgalikda kiberhujumlarga qarshi kurashish va tizimlarni tiklash bo‘yicha ish olib boryapmiz», deyiladi xabarda.

Vazir, shuningdek, bu harakatlardan maqsad Ukrainaning muhim infratuzilmasi ishini buzishga urinish ekanini aytdi va «hujum rossiyaliklar tomonidan amalga oshirilgani allaqachon aniq bo‘lganiga» aniqlik kiritdi.

Reyestrlarni tiklash bo‘yicha ish ikki haftagacha davom etadi

Ayni paytda mutaxassislar shikastlangan reyestrlarga «kirishni bosqichma-bosqich tiklash uchun intensiv rejimda» ishlamoqda. Dastlabki baholashga ko‘ra, Stefanishina ta’kidlaganidek, boshqa resurslarning ishlashiga hech qanday tahdid yo‘q. Unga ko‘ra, birinchi navbatda, Fuqarolarning FHDYo davlat reyestri, Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning yagona davlat reyestri hamda Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri tiklanadi.

«Dastlabki tiklanish vaqti taxminan ikki hafta davom etadi», dedi rasmiy. Uning ishontirishicha, to‘liq tiklanishdan so‘ng, kelgusida shunga o‘xshash aralashuvlardan himoyani kuchaytirish uchun tegishli organlar bilan birgalikda hujum chuqur tahlil qilinadi. «Dushman bu vaziyatdan Ukraina va xorijdagi fuqarolar orasida vahima qo‘zg‘ash uchun foydalanishga harakat qilmoqda, biz sizga barcha muhim yangilanishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot beramiz», dedi Stefanishina.

O‘z navbatida, Ukrainaning «Dіya» portali foydalanuvchilarga davlat reyestrlari majburiy yangilanishi sababli ilovadagi ba’zi xizmatlar vaqtincha ishlamay qolgani haqida ma’lum qildi, deb xabar beradi «Ukrinform» agentligi.

Ko‘proq yangiliklar: