«Sog‘lom oziq-ovqat» ta’rifi yangilandi - endi u nimani anglatadi?

Jamiyat 21:32 / 20.12.2024 2351

1990 yillarning boshida oziq-ovqat mahsulotlarini markalashda «sog‘lom» atamasidan foydalanishni tartibga solish me’yorlari ishlab chiqilganidan beri birinchi marta AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika nazorati idorasi (FDA) bunday da’vo uchun zarur bo‘lgan mezonlarni (.pdf) yangiladi.

Oziq-ovqat mahsulotining yorlig‘iga «sog‘lom» deb belgilash ishlab chiqaruvchilar uchun ixtiyoriy bo‘lib qoladi, ammo buning uchun ular o‘z mahsulotlarini 2028 yil fevraligacha yangilangan mezonlarga mos kelishiga ishonch hosil qilishi kerak.

Avvalgi «Sog‘lom oziq-ovqat» ta’rifi mahsulotning sog‘lom deb e’tirof etilishi uchun uning tarkibida qancha to‘yingan yog‘, natriy, umumiy yog‘ va xolesterin bo‘lishi mumkinlini belgilar edi. Oziq-ovqatlar, shuningdek, A va S vitaminlari, temir va oqsillarning minimal miqdordagi o‘ziga xos ozuqaviy moddalarni ham o‘z ichiga olgan edi.

Yangi ta’rif hali ham to‘yingan yog‘ va natriyga cheklovlardan iborat bo‘lsa-da, endi u shakar miqdori cheklovlarini ham o‘z ichiga oldi va umumiy yog‘ cheklovini olib tashlaydi.

Minimal talablarga kelsak, asosiy e’tibor endi ma’lum oziq moddalarga emas, balki ma’lum oziq-ovqat guruhlari va kichik guruhlarga qaratiladi: sabzavotlar, mevalar, sut mahsulotlari, oqsillar va donga. Bu, FDA ta’rifiga ko‘ra, «yakka holda bitta foydali ozuqaga e’tibor qaratishdan ko‘ra, oziq-ovqatning umumiy ozuqaviy tarkibini yaxshiroq aks ettiradi».

Ta’rifning yangilanishi sabablari ikkita asosiy omilga bog‘liq. Birinchisi, uni hozirgi ovqatlanish haqidagi zamonaviy fanga moslashtirish. Ikkinchisi, ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklar hozir AQShda turli xastalik va nogironlikning asosiy sababi sifatida ko‘rilayotgani. Misol uchun, odamlarning 77 foizi to‘yingan yog‘larning tavsiya etilgan miqdoridan ko‘proq iste’mol qilmoqda, 90 foizi esa juda ko‘p miqdorda natriy iste’mol qilyapti - ikkalasi ham yurak-qon tomir kasalliklari xavfining oshishi bilan bog‘liq.

FDA «Sog‘lom» mezonlarini yangilash odamlarga ovqatlanish odatlari to‘g‘risida qaror qabul qilishi uchun eng aniq va dolzarb ma’lumotlarni berishi, bu esa kasalliklarni kamaytirishga ta’sir etishiga umid qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: