Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir

Jahon 18:11 / 20.12.2024 3775

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkekdagi III Xalq Qurultoyida so‘zlagan nutqi chog‘ida aholini suv resurslaridan oqilona foydalanishga chaqirdi.

U dunyoda ekologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli suv tanqisligi yil sayin ortib borayotganini aytdi.

«Biz tog‘li mamlakatmiz, daryolar manbalarida joylashganmiz. Suv resurslarimiz nafaqat bizni, balki qo‘shni davlatlarni ham ta’minlaydi. Shu bilan birga, tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga madaddir. Suvdan oqilona foydalanish nafaqat o‘zimiz, balki qo‘shni davlatlarda yashovchi xalqlar oldidagi mas’uliyatimizdir», dedi Qirg‘iziston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini sug‘orish suvi bilan birga ichimlik suvi bilan ta’minlash doimiy e’tibor va qat’iy harakatni talab etadi.

«Biz bu muammoning jiddiyligini tushunamiz. So‘nggi yillarda 400 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minladik, 2025 yilda esa qo‘shimcha ravishda 150 ming kishini suv bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Yurtimizdagi har bir oila toza suv bilan ta’minlanmaguncha, biz to‘xtab qolmaymiz», dedi u.

Ikki kun davom etadigan Qurultoyda respublikaning barcha viloyatlaridan 698 nafar delegat, jumladan, 30 ta millat vakillari, 30 ta xorijdagi mehnat migrantlari vakillari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, parlament deputatlari, davlat organlari vakillari va davlat hokimiyati, mahalliy hukumat vakillari ishtirok etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: