Rossiyaning Ms, "Bilayn", "MegaFon", "Tele2" va Yota mobil operatorlari YouTube videolarini tarqatuvchi serverlarga kirishni sekinlashtirdi. Bu haqda 19 dekabr, payshanba kuni The Moscow Times (MT) uyali aloqa operatorlari imkoniyatlaridan foydalangan holda mavjudlik monitoringi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. «Bepul internetdan nazorat punktiga so‘rov o‘rtacha 0,036 soniyada ko‘rib chiqiladi, hozirda so‘rovlarning 70 foizdan ortig‘i 10 soniyadan ko‘proq vaqtni oladi, qolgan 30 foizi – 7 soniyadan 10 soniyagacha», — deya nashr sekinlashuvni baholagan o‘zining IT mutaxassisining so‘zlarini keltiradi
Rossiyada YouTubeʼning sekinlashishi avgust oyida boshlangan va Googleʼning ichki statistikasiga ko‘ra, 15 dekabrda yangi bosqichga start berilgan. Ilgari dunyodagi eng ommabop videoxosting xizmatining sekinlashishi asosan uy interneti provayderlari orasida kuzatilgan edi. «Google vakili kompaniya foydalanuvchilarning Rossiyada YouTube mavjud emasligi haqidagi shikoyatlaridan xabardor ekanligini aytdi, ammo bu texnik muammolar yoki kompaniyaning harakatlari bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi», deyiladi MT materialida.
18 dekabrdan shikoyatlar keskin ko‘paydi
"Meduza" manbasiga ko‘ra, rossiyalik aloqa operatorlaridan biri 18 dekabrdan boshlab YouTubeʼga kirish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan foydalanuvchilardan ko‘plab shikoyatlar tusha boshlaganini tasdiqladi. O‘sish Moskva vaqti bilan taxminan soat 21.00 da sodir bo‘ldi va shikoyatlar kelishi davom etmoqda. «Agar ilgari sekinlashuvdan so‘ng kuniga 10 mingta murojaat bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning soni kuniga 40 mingdan oshadi», — deya aniqlik kiritdi manba.
Manbaning tan olishicha, bundan ham kattaroq «sekinlashuv» 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning jonli muloqoti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yakuniy matbuot anjumanida Putin YouTube faoliyatining yomonlashuvi uchun javobgarlik platformaning o‘zida ekanligini va Roskomnadzorning videoxosting saytiga qarshi da’volari asosli ekanini ta’kidladi. Rossiyada YouTubeʼning normal ishlashi uchun xizmat «mahalliy qonunlarga muvofiq bo‘lishi kerak» va kirish bilan bog‘liq muammolar, jumladan, G‘arb cheklovlari fonida yuzaga kelgan, dedi Putin.