Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda

Jahon 19:30 / 20.12.2024 3083

AQSh prezidenti administratsiyasi yaqin kunlarda Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur harbiy yordam paketi Jo Bayden administratsiyasining Ukrainaga ko‘rsatadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri yordamining oxirgi qadami bo‘lishi mumkin.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukraina Xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida 1,2 milliard dollar ajratadi. USAI doirasida Pentagon o‘z zaxiralaridan texnikalar va qurollanishni taqdim etmay, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzadi. Qurollarni yetkazib berishga esa oylab yoki yillab vaqt ketishi mumkin.

Reuters suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, yangi paketdan havo hujumidan mudofaa vositalari va artilleriya snaryadlari o‘rin oladi. Davlat departamenti va Pentagon mazkur xabarga izoh berishdan bosh tortgan.

So‘nggi haftalarda AQSh Ukrainaga ko‘rsatiladigan harbiy yordamlar to‘g‘risida ko‘proq xabar bera boshladi. AQShda Ukrainaga qurol va boshqa harbiy yordam yetkazish bo‘yicha Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lardan 5,6 milliard dollar qolgan. Pentagonning hisoblashicha, Bayden administratsiyasi ma’qullangan barcha yordamni ko‘rsatishga ulgurmaydi.

Ukraina va ayrim ittifoqchi davlatlar rasmiylarining Bloombergʼga ma’lum qilishicha, Kiyevga harbiy yordam ajratishni paysalga solgan Jo Bayden pozitsiyasi tufayli Ukraina urushda g‘alabaga erishish imkoniyatlarini qo‘ldan chiqargan.

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp avvalroq 2025 yil 20 yanvar kuni lavozimga kirishishi bilan Rossiya—Ukraina urushini 24 soat ichida yakunlashini aytgandi. Tramp maslahatchilarining rejalaridan biriga ko‘ra, Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni boshlamasa, AQSh harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘yadi.

Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan beri AQSh Kiyevga 175 milliard dollarlik yordam yo‘lladi — mablag‘larning 61,4 milliard dollarga yaqini xavfsizlik sohasiga yo‘naltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: