Qashqadaryoda isitish tizimidagi ta’mirlashda salkam 1 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan MChJ aniqlandi

O‘zbekiston 22:37 / 20.12.2024 2141

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida isitish tizimini ta’mirlashda 934,4 million so‘mni o‘zlashtirgan MChJ rahbari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Ko‘kdala tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda «S-TH.» MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, tumandagi ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimida bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlarida rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozgani aniqlangan.

Ular jami 934,4 million so‘m budjet mablag‘larini hamda ushbu ijtimoiy soha obektlarini isitish uchun olib kelingan 79 tonna ko‘mirni talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani, Surxondaryoda esa tegishli hujjatlari bo‘lmagan 100 tonna ko‘mirni 100 million so‘mga sotgan fuqaro ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: