O‘zbekiston elchisi prezident Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston 17:39 / 20.12.2024 1765

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar beradi «Kabar» agentligi.

Qayd etilishicha, 17 dekabrda bo‘lib o‘tgan marosimda Sadir Japarov Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasidan mamnunligini bildirgan va bu aloqalar turli sohalarda barqaror rivojlanish dinamikasini namoyon etayotganini ta’kidlagan.

Prezident Sadir Japarov joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan barcha kelishuvlar, jumladan, Oliy davlatlararo kengashning tashkil etilishi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Iqtisodiy hamkorlik doirasida Qirg‘iziston prezidenti o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, tovarlar turi ko‘payib, eksport-import aloqalari mustahkamlanayotganini qayd etgan. Qo‘shma korxonalar tashkil etish, yirik investitsiyaviy loyihalarni, jumladan, energetika va transport sohalarida amalga oshirishning muhimligi ta’kidlangan.

O‘z navbatida, elchi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Saidikrom Niyozxo‘jayev Bishkekka tayinlanishidan oldin, 2018 yildan buyon O‘zbekistonning Qozog‘istondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Diplomat 2024 yil avgust oyida amalga oshirilgan ishlari va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Qozog‘iston prezidentining farmoni bilan II darajali «Dostyq» ordeni bilan taqdirlangan.

Avvalroq Sadir Japarov Duyshonkul Chotonovni Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: