Xitoy sun’iy orolda dunyodagi eng yirik aeroportlardan birini quradi

Jahon 19:38 1497

Xitoy Dalyan shahri shimoli-sharqida joylashgan sun’iy orolda dunyodagi eng yirik aeroportlardan birini qurishini ma’lum qildi. Ushbu megaloyiha qiymati 4,3 milliard dollarni tashkil etib, Xitoy materigida joylashgan bu turdagi birinchi aeroportga aylanadi va mintaqaning turistik hamda iqtisodiy ahamiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dalyan Tszinchjouvan nomli yangi xalqaro aeroport 20 kilometr kvadrat maydonni egallaydi, bu esa uni Honkong (12,48 km kv.) va Yaponiyaning Kansaye (10,5 km kv.) orol-aeroportlaridan sezilarli darajada katta bo‘lishini anglatadi.

Ta’kidlanishicha, aeroport to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagiga va 900 ming metr kvadratli zamonaviy terminal maydoniga ega bo‘ladi. Avvaliga aeroport yiliga 43 million yo‘lovchini qabul qilsa, istiqbolda uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati ikki barobarga oshadi va yiliga 80 million kishiga xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, obekt har yili 1 million tonna yukning qayta ishlanishini ta’minlaydi.

Boxay bo‘g‘ozidagi yarimorolda joylashgan Dalyan Xitoyning 6 milliondan ziyod aholiga ega muhim iqtisodiy va logistik markazi hisoblanadi. Yangi aeroport shaharlar va xalqaro bozorlar o‘rtasidagi transport aloqalarini kuchaytirishga yordam beradi.

Dalyan geografik jihatdan qulay hududda joylashgan: shahar Yaponiya va Janubiy Koreya bilan faol hamkorlik qilib keladi, uning neftni qayta ishlash sanoati hamda port logistikasi esa zamonaviy infratuzilmaviy yechimlarni talab etadi.

Mutaxassislarning baholashicha, Xitoyda 19,6 milliard dollarlik 22 ta yangi aeroport qurilmoqda. Ammo Dalyan loyihasi o‘zining kattaligi va mintaqa uchun ahamiyati bilan ajralib turadi. Mazkur havo bandargohining foydalanishga topshirilishi 2035 yilga borib shaharning iqtisodiy rivojlanishiga muhim turtki beradi.

Ko‘proq yangiliklar: