Dpa agentligining 18 dekabr, chorshanba kuni xabar berishicha, 17 dekabr kuni Damashqdagi nemis diplomatlari ilk bor «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi rahbari Ahmad al-Shara bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi.
«Muhokamalarda asosiy e’tibor siyosiy o‘tish jarayoni hamda Suriyada tinch taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ozchiliklar va ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bizning umidlarimiz bo‘ldi», — deyiladi Germaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Avvalroq ARD telekanalining Tagesschau axborot dasturi o‘z saytida Suriyadagi isyonchilar bilan muzokara olib borayotgan Germaniya delegatsiyasiga Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel boshchilik qilishi haqida xabar bergan edi.
YeI va BMT Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng u yerda hokimiyatni egallab olgan isyonchilar vakillari bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan. Tagesschau ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas shu maqsadda tajribali nemis diplomati Mixael Onmaxtni Damashqqa yubordi.
BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen ham al-Shara bilan muzokaralar olib borgan, deyiladi xabarda.
YeI Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochishga tayyor
Suriyadagi yangi hokimiyat bilan muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi Damashqda diplomatik vakolatxonasini qayta ochishni rejalashtirmoqda. 17 dekabr kuni Strasburgda bo‘lib o‘tgan Yevroparlament yig‘ilishida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas: «Biz delegatsiyamiz ishini qaytadan boshlashga tayyormiz», dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi «Suriyada bo‘shliq qoldira olmaydi». Shu bilan birga, u Yevropa diplomatik missiyasining qayta tiklanishini «juda muhim qadam» deb atadi. Kallas, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Suriya bo‘yicha elchisi Maykl Onmaxt yaqinda bu mamlakatning yangi rahbariyati va fuqarolik jamiyati bilan «birinchi aloqalarni» o‘rnatganini aytdi.
Bir kun avval Kallas YeI kengashi yig‘ilishida Suriyadagi fuqarolar urushi paytida Livan poytaxti Bayrutda ishlagan Onmaxt Suriyadagi yangi hokimiyat bilan muloqot qilishni boshlash niyatida ekanini aytdi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Bryussel Suriya yangi rahbariyatidan kurdlar va nasroniylar kabi ozchiliklarni himoya qilishini kutayotganini ta’kidladi.