Angliyadagi 6 milliondan ziyod obekt suv ostida qolishi mumkin - tadqiqot

Jahon 00:36 / 19.12.2024 6158

2050 yilga borib Angliyadagi 6 milliondan ziyod ko‘chmas mulk obektlari suv ostida qolishi mumkin. Bu haqda Atrof-muhit muhofazasi agentligining hisobotiga tayanib, The Guardian xabar berdi.

«Angliyadagi 6,3 millionga yaqin ko‘chmas mulk obektlari (uylar va korxonalar) bir yoki bir nechta manbalar — daryolar, dengizlar va yer usti suvlari toshqinlari sabab suv ostida qolishi mumkin», — deyiladi hujjatda.

Tadqiqotga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli 2050 yilga borib suv toshqini xavfi ostida bo‘lgan uylar va boshqa ko‘chmas mulklarning umumiy soni 8 millionga yetadi.

«Boshqacha aytganda, asr o‘rtalarida Angliyadagi har to‘rtta obektdan bittasi suv toshqini xavfi mavjud hududda joylashgan bo‘ladi», — deya ta’kidlanadi hisobotda.

Olimlarning ogohlantirishicha, jiddiy suv toshqinlari mamlakat uchun og‘ir iqtisodiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. 2016 yildan 2019 yilgacha Angliya va Uelsdagi suv toshqinlari oqibatida ko‘rilgan zarar turli baholashlarga ko‘ra, 504 milliondan 924 million funt sterlinggacha bo‘lgan.

Britaniyada muntazam yomg‘irlar sabab har yili kuchli suv toshqinlari ro‘y beradi. Joriy yilning sentabr oyida sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatida Angliyaning turli hududlaridagi 630 ga yaqin bino suv ostida qolgandi.

Avvalroq olimlar Daniya poytaxti suv ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Kopengagen universiteti professoriga ko‘ra, mamlakat poytaxtida suv bosish xavfining oldini olish uchun botqoqliklarni quritish samarali yechim hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: