Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi

Jamiyat 17:05 / 19.12.2024 3793

Ma’lum qilinishicha, Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlovchi Z.M. o‘zining foydalanuvida bo‘lgan telefon apparati yordamida Instagram, Telegram, WhatsApp tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning «hijrat» va «jihod» to‘g‘risidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.

Shuningdek, u Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» hamda «G‘uroba katibasi» terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan andijonlik uch nafar fuqaro bilan 2023 yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning ta’sirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.

Bundan tashqari, 2023 yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila a’zolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSh dollari hamda 41 million 230 ming so‘m pul mablag‘ini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovaluta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisobraqamlariga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan. Ya’ni ular ushbu pul mablag‘larini kriptovaluta bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan xorijiy valuta ko‘rinishida qabul qilib olgan.

Shu bilan birgalikda, Z.M. ulardan birining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023 yilning 19 dekabr kuni «Do‘stlik» chegara o‘tkazish punkti orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriya davlatiga yetib borishi uchun O‘sh shahridagi aeroportga kuzatib qo‘ygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. U 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ta’kidlanishicha, Suriyadagi uch nafar andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: