Parkentda sherlar hujumi oqibatida qorovul halok bo‘lgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 00:02 / 18.12.2024 8466

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘ida sher hujum qilgan qorovul halok bo‘lgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura matbuot kotibi.

Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan malakalangan. Hujjatlar tergov harakatlarini olib borish uchun ichki ishlar organlariga yuborilgan.

17 dekabr kuni Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘idagi bir qafasda saqlanayotgan uchta sher qafasdan bog‘ hovlisiga chiqib ketgan. Hovlidagi sherlar shu yerda qorovul bo‘lib ishlovchi 44 yoshli F.I.ga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Fuqaro olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan. U hayvonlarni kattakka qaytarmoqchi bo‘lgan.

Ikkita sher uxlatuvchi dori vositalar qo‘llangan holda katakka qaytarilgan, bittasi esa mahalliy ovchi taklif qilingan holda otib o‘ldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Andijon shahri va Xo‘jaobod tumani chegarasiga joylashgan hayvonot bog‘ida saqlangan «Simba» laqabli sher o‘ziga yemish berayotgan 45 yoshli qorovul H.A.ning chap oyog‘i son qismidan tishlab, kuchli tan jarohati yetkazgan edi. Oqibatda jabrlanuvchi vafot etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: