O‘zbekiston aholisi yaqin yillarda 40 millionga yetadi. Bunday jadal o‘sish albatta quvonarli, lekin aholisi hatto 100 milliondan ko‘proq kambag‘al mamlakatlar ham borligini hisobga olsak, demografik o‘sishdan mo‘jiza kutish yaramasligi oydinlashadi. Kun.uz qator soha mutaxassislaridan bu haqdagi fikrlarini so‘radi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, aholi ko‘payishi bilan inson kapitali ham albatta o‘sishi kerak. Davlat siyosati to‘g‘ri yuritilmasa, aholi soni oshishi bilan O‘zbekistonning ishchi kuchi eksporti oshib boraveradi xolos.
O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha global reytingda 43-o‘rinda turibdi. Reytingda o‘zimizdan yuqoriga nazar tashlasak, Afg‘oniston (42 mln), Pokiston (241 mln), Nigeriya (224 mln), Bangladesh (170 mln), Efiopiya (109 mln), Kongo Demokratik Respublikasi (105 mln) kabilarga ko‘zimiz tushadi: bu mamlakatlar aholisi sezilarli ko‘p, lekin iqtisodiy taraqqiyotining holatiga havas qilib bo‘lmaydi.
Masalan, eng ko‘p aholiga ega davlatlar o‘ntaligiga kiruvchi Nigeriyani olaylik. 232 milliondan oshiq aholiga ega bu davlat, afsuski, kambag‘al. Nigeriya neftga boy bo‘lsa-da, YaIMdagi neftning ulushi 9 foizdan oshmaydi. Aholi tirikchilik uchun qishloq xo‘jaligi bilan band, lekin qishloq xo‘jaligidagi daromad ham aholi umumiy soni oshishiga mos emas. Bir vaqtlar bu davlat oziq-ovqat eksportchisi bo‘lgan, hozir esa o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, import qilishga majbur.
Aholi soni bilan birinchi o‘ntalikni yakunlaydigan Efiopiya ham kambag‘al davlat. 132 milliondan oshiq aholiga ega mamlakat yalpi ichki mahsuloti 145 mlrd dollar. Xorijdan qariyb 30 mlrd dollar qarz olingan, davlat 2025 yilda o‘rta daromadli iqtisodga aylanishni umid qilmoqda.
Demografik o‘sishning nafaqat sur’ati, balki sifati ham muhim
Aholi sonining ko‘p bo‘lishi yaxshi, lekin bu ijobiy ahamiyat kasb etishi uchun to‘g‘irlanishi kerak bo‘lgan jihatlar va qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar bor, deydi iqtisodchi Shuhrat Rasul.
“Iqtisod fani mantig‘i bo‘yicha aholi sonining oshishi davlat iqtisodi rivojiga olib kelishi kerak. Chunki bu mehnat resurslari, ishlab chiqaruvchilar, tovar va xizmatlar hamda iste’molchilarning ko‘payishi degani. Aslida iqtisodning asosi ham – tovar va xizmatlar iste’moli degani. Zamonaviy dunyoda qancha iste’molchi ko‘paysa, iqtisod rivojlanishi kerak.
Lekin demografik o‘sish doim ham iqtisodiy o‘sishga olib kelmaydi. Qachonki u sifatli bo‘lsa, shunda taraqqiyotga olib kelishi mumkin. Davlat elitasi mas’uliyatsiz bo‘lsa, bozor iqtisodi qonunlari bilan hisoblashmasa, elita xalqqa qayishmasa – hech qanday rivojlanish bo‘lmaydi. Aholining o‘zinigina ko‘paytirib qo‘ymaslik kerak. Odamlar iqtisodiy resursga aylanishi uchun ularni sifatli uy, ta’lim, tibbiyot, sifatli ichimlik suv va havo, energetik resurslar bilan ta’minlash kerak”, deydi u.
Aholi ko‘payishida o‘rta qatlamning mustahkamlanishi muhim
Davlatlarning geosiyosiy qudrat parametrini belgilaydigan vositalardan biri bu – aholi. Chunki kam sonli aholi bilan katta iqtisodiy qudratga ega bo‘lish imkonsiz. Lekin shu aholi salohiyatli bo‘lishi ham talab etiladi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta’kidlashicha, kichkina va aholisi kam davlat – qudratli bo‘lolmaydi.
“Iqtisodiy qudrat bilan aholining ko‘pligi orasida doimiy uzviy bog‘liqlik bor. Kam aholi bilan buyuk iqtisodiy qudratga ega bo‘lish imkonsiz. Amalda O‘zbekiston bugun MDHda aholisi soni bo‘yicha 2-o‘rinda. Aholining o‘sish salmog‘iga ko‘ra ham O‘zbekiston bu makonda lider. Agar aholi sifatsiz o‘ssa, bu doim salbiy. Lekin o‘sayotgan aholi o‘ta boy yoki o‘ta kambag‘al bo‘lmay, o‘rta qatlam vakillari sanalsa, bu juda yaxshi. Chunki aholi ko‘pligi davlat va jamiyatning energiyasi yuqoriligini anglatadi. Iqtisodiy, siyosiy va ma’muriy islohotlar to‘g‘ri olib borilsa, jamiyatda aholining kambag‘al va qashshoq qismi kamayib borsa, demografik o‘sish – iqtisodiy qudratga sabab bo‘ladi”, – deydi siyosatshunos.
Aholi sonining oshishi o‘z navbatida yashash uchun birlamchi infratuzilmani ham talab qiladi. Avvalo, uy-joy, oziq-ovqat, ish o‘rinlari, sifatli sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim tizimi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash – bularning hammasi davlat rivojlanganlik holatiga ta’sir qiladi. 2030 yilga borib, 40 milliondan oshadigan aholi haqida hozirdanoq faxr bilan gapirilar ekan, masalaning biz aytayotgan ikkinchi tomonini ham hozirdan o‘ylash kerak bo‘ladi.
Mutaxassislar fikri bilan to‘liq holda videomaterial orqali tanishishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.