Fuqarolik sudiga beriladigan ariza IIBda
Guliston shahrida yashovchi fuqaro Munavvarxon Rajabova (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, “o‘ziga tegishli bo‘lgan, opasi Saodat Asadovaning nomidagi xonadonni nomiga rasmiylashtirib berilmayotganini ma’lum qilib, ushbu xonadonni o‘zining nomiga rasmiylashtirib berishda amaliy yordam” so‘ragan.
Odatda bunday nizolarni fuqarolik tartibida sud orqali hal qilishni tavsiya qilish bilan cheklanadigan IIB nimagadir arizani jinoyat haqida xabarlarni ro‘yxatga olish kitobi (shakl-1)dan ro‘yxatdan o‘tkazgan va tergovga qadar surishtiruv o‘tkazishga kirishgan.
Ichki ishlar qachon birovni nomidagi mulkni boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib beradigan idoraga aylanib ulgurdi?
Surishtiruvda aniqlanganlari ham jinoyat emas. Tafsilotlar quyidagicha: murojaatchi Munavvarxon Rajabova nomiga rasmiylashtirishda “IIBdan yordam” so‘rayotgan xonadon opasi Saodat Asadova nomidagi mulk – ko‘p qavatli turar joyning birinchi qavatida joylashgan noturar joy. Barcha tegishli hujjatlar ham uning nomida. Bu xonadonni Munavvarxon Rajabovaga rasman xech qanday aloqasi yo‘q.
Saodat Asadovaning o‘zi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydi. Xonadonni tasarruf etish huquqiga oid ishonchnomani o‘g‘lining nomiga qoldirgan. Ushbu ishonchnoma beradigan huquq asosida o‘g‘il xonadonni bir muddat notarial tartibdagi oldi-sotdi shartnomaga asosan boshqa fuqaroga sotgan.
Ushbu aniqlangan holatlar jinoyat sifatida malakalangan va Saodat Asadova hamda uning o‘g‘liga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Guliston shahar IIB TB tergovchisi, katta leytenant X.B.Eshpo‘latov tomonidan Saodat Asadovaga nisbatan yuqoridagi modda bilan ayb e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risida sanksiya ham olingan. Qidiruv e’lon qilingan.
Vaholanki, ayb e’lon qilinib, sanksiya olinib, qidiruv e’lon qilinguniga qadar mazkur xonadon Saodat Asadova nomiga qaytarib sotib olingan edi. Bugungi kunda ham xonadon uning nomida turibdi.
Rossiya politsiyasi hayratda
Ayol shu yil 12 dekabr kuni ishlab yurgan joyi – Sankt-Peterburg oblastining Smolenskiy tumanida ushlanib, politsiya xibsxonasiga joylashtirilgan.
Saodat Asadovani Rossiyada himoya qilayotgan advokatning aytishicha, politsiya ayolga qo‘yilgan ayblovlarni tushunishga ojizlik qilmoqda. Biroq xalqaro hamkorlik sababidan ayolni ozod qilib yuborlomaydi. Belgilangan tartibda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinmaguniga qadar ayol ruslarning zax va qorong‘u xibsxonasida bir necha oyni o‘tkazsa ajab emas.
Gulistondagi tergovning g‘ayriqonuniyligi nimada?
Tergov organi go‘yoki Saodat Asadova aslida singlisi “Munavvarxon Rajabovaga tegishli bo‘lgan noturar joyni uning xabardorligisiz sotib yuborib, firibgarlik sodir etgan”i haqidagi xulosaga kelgan, mulkiy nizoga jinoiy tus berib, taxminlarga asoslanib ish tutgan.
Jumladan, arizachi xonadonni o‘zining nomiga rasmiylashtirib bermayotganini bildirgan bo‘lsa, tergov organi mulk qanday asoslarga ko‘ra, Asadovaga o‘tgani, uning mulkni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani qanday dalillar bilan tasdiqlanishini aniqlashi lozim edi.
Saodat Asadova o‘zining nomidagi va aslida singlisiga tegishli mulkni o‘zga shaxslarga sotib yuborganlikda ifodalangan firibgarlik harakatlari uchun ayblanayotgan bo‘lsa, bu ayblov ham asossiz. Chunki, yuqorida aytilganidek mulkning qonuniy egasi Saodat Asadova bo‘lgan.
Bundan tashqari, Saodat Asadova “xonadonni firibgarlik yo‘li bilan sotib yuborib, tushgan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan” degan ayb e’lon qilingan (2024 yil 3 iyul) paytda bu mulk Saodat Asadovaning nomida bo‘lgan. Ya’ni 2024 yil 1 iyul kuni mulk Saodat Asadovaga notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotilib, qonuniy rasmiylashtirilgan holda qaytarilgan, 3 iyul kuni davlat reyestridan ko‘chirmaga asosan ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquq Saodat Asadova nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. U hozirga qadar ushbu mulk egasi.
Nega bu jinoyat emas fuqarolik ishi bo‘lishi kerak?
Fuqarolik kodeksining 228-moddasiga asosan mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya).
Oliy sud Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-sonli qarori 10-bandida dastlabki tergov organlari e’tibori shunga qaratilsinki, qonun talablariga muvofiq tuzilgan bitimlar, shartnomalarga asoslangan fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik ham, bunday holda o‘zgalar mulkini egallashda huquqqa xiloflilik belgisi bo‘lmaganligi tufayli firibgarlik deb baholanishi mumkin emas.
Ushbu holatdan Sirdaryo viloyat prokuraturasi rahbariyati (xususan ichki ishlar organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i) hamda Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmalari xabardor. Ammo nima uchundir real vaziyatdan ko‘z yumib kelishmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 230-moddasiga ( aybsiz kishini javobgarlikka tortish) ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aybsizligi ayon bo‘lgan shaxsni ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganlikda ayblab javobgarlikka tortish 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat og‘ir yoki o‘ta og‘ir ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda ayblab sodir etilsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Kun.uz prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan xususiy mulk daxlsizligi sindirilayotgani, o‘zgalar mulki “jinoyat ishi” qo‘zg‘atish orqali tortib olinayotganiga oid sxema qanday ishlashi haqida katta surishtiruv olib bormoqda.
Ruslan Saburov,
Kun.uz