RFning «soyadagi floti»ga qarshi kurashish uchun o‘n ikki davlat birgalikda ishlaydi

Jahon 08:13 / 17.12.2024 7401

Yevropaning o‘n ikki davlati – Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Niderlandiya, beshta Shimoliy Yevropa davlati va Boltiqbo‘yi bo‘yining uchta davlati – Rossiya G7 tomonidan belgilangan narx chegarasini chetlab o‘tib, neft eksport qiladigan soyadagi flotiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda 16 dekabr, dushanba kuni Estoniya hukumati saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.

Estoniya bosh vaziri Kristen Mixalning fikricha, Rossiyaning soyadagi floti Yevropa xavfsizligi, iqtisodiyoti va atrof-muhitiga tahdid solmoqda. «Soyada faoliyat yuritishni tanlaganlar oqibatlarga tayyor bo‘lishlari kerak. Biz Rossiyaning soyadagi flotini ushlab turish va sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarning oldini olish uchun muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rmoqdamiz», — dedi Mixal.

Tallinda bo‘lib o‘tgan Qo‘shma ekspeditsiya kuchlari davlat rahbarlarining yig‘ilishida qabul qilingan bayonotda, xususan, olti davlat – Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Polsha, Finlandiya va Estoniya endi La-Mansh, Daniya bo‘g‘ozlari va Fin ko‘rfazi orqali ketayotgan shubhali kemalarning sug‘urta hujjatlarini tekshirishi aytiladi. To‘plangan ma’lumotlar, shu jumladan so‘rovlarga javob berishdan bosh tortgan kemalar haqida xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tahlil qilinadi.

Ushbu chora-tadbirlar yordamida o‘n ikki mamlakat nafaqat Rossiya Federatsiyasining Ukrainada urush olib borishiga imkon beruvchi energiya eksportidan tushadigan daromadini cheklashni, balki mintaqaning ekologik xavfsizligini oshirishni ham kutmoqda. Ekologlar «neft floti»ning 200 ga yaqin tankeri eskirganligini va ular foydalanishdan chiqarilishi kerakligini aniqladilar. Ular so‘nggi yillarda bir nechta neftning to‘kilishiga sabab bo‘lgan.

London RFning «soyadagi floti»ga qarshi eng katta choralar paketini kiritdi

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning «soyadagi floti»ga kiruvchi yana 30 ta kemani sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shib, ularning sonini 73 taga yetkazdi. Bu Londonning Rossiya tomonidan foydalaniladigan tankerlar va yuk kemalariga nisbatan joriy qilgan «eng yirik sanksiya paketi»dir. 25 noyabr kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushni moliyalashtirish uchun neft embargosi ​​va eksport tovarlariga nisbatan boshqa jazo choralari chetlab o‘tilganini aytdi.

Ro‘yxatda, boshqalar qatorida, Rossiya bayrog‘i ostida yuruvchi Anatoly Kolodkin, Antarktika, Belgorod, Bratsk, Georgy Maslov, Kemerovo, Kolomna, Krasnoyarsk, Viktor Bakaev kabi kemalar ham bor. Bundan tashqari, Panama, Gabon, Serra-Leone, Liberiya va boshqa bir qator davlatlar bayroqlari ostida suzayotgan kemalar qora ro‘yxatga kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: