Oltiariqliklarning uzumi nafaqat hosilining mo‘lligi, balki uning uzoq muddat saqlanishi bilan ham mashhur. Ayni qish faslida xonadonlarda saqlangan uzumlar meva bozorlarini to‘ldirgan. Aksariyat oltiariqliklar xonadonida esa hali ham uzumlari uzilmagan holatda turibdi. Dehqon uni bahorgacha avaylab parvarish qiladi. Tumanning meva bozorida esa bayram oldidan savdo ancha jonlangan. Uzumlar ayni kunlarda holatiga qarab 20 ming so‘mdan 35 ming so‘mgacha sotilmoqda.
Oltiariq meva bozorida bo‘lib savdo jarayonlarini kuzatdik. Uzumlar ichki bozor hamda eksportga chiqarilyapti. Sotuvchilarning aytishicha, o‘tgan yilgiga qaraganda bu yil uzum nisbatan arzon. O‘tgan yili dekabr oyida uzumlar holati va naviga qarab kg 30 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha sotilgan ekan.
“Bozorga to‘rt xil navdagi uzumlar olib chiqdim. Gulukaptar, «damskiy», shohonak va husayni. «Damskiy»lar ozgina qimmatroq, o‘n sakkiz, yigirma ming.
Yangi yil uchun asosan “baklajka” uslubida saqlangan uzumlar chiqyapti, ular qimmatroq bo‘ladi, odamlarning uyida ko‘p yoki kam bo‘lishiga qarab. Ko‘payib ketsa, arzonlab ketishi ham mumkin. Agar qirg‘iz, qozoq, Rossiyaga tortib qolsa uzumlar sezilarli darajada qimmatlab ketadi.
O‘tgan yili husaynilar ellik ming, «damskiy»lar esa oltmish minggacha chiqqan yangi yil arafasida. O‘shanda “baklajka” usulida saqlangan uzumni Toshkentdagi Yunusobod bozorida ellik ming so‘mdan sotganmiz.
Bu yil uzum nihoyatda ko‘p hosil berdi. Yaxshi daromad oldik”, deydi sotuvchilardan biri.
Husanboy G‘ofurovning uyida uzumlar hali ham uzilmagan holatda turibdi
“Xonadonimizda yigirma besh xil navdan ortiq uzumlar bor, eng chidamli va yaxshi saqlangani husayni va kelinbarmoq navidir.
Oktyabr oyida uzilgan uzumlar omborxonamizda kelasi yil uzum pishgunicha saqlab turiladi.
Navdasidan uzilmagan uzumlar esa aprel-may oyigacha plyonka ostida yaxshi holatda turaveradi”, deydi Husanboy G‘ofurov.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov.