"O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda ikki baravar o‘sib, 100 milliard dollarlik marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 2024 yilda 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda. Eksport hajmi qariyb ikki baravar ko‘payib, birinchi marta 25 milliard dollardan oshdi, oltin-valuta zaxiralari esa 40 milliard dollarlik dovonni zabt etdi. Jahon banki 2024 yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’atlari eng yuqori bo‘lgan uchta davlat qatoridan joy olishini e’tirof etdi", – deb ta’kidlangan maqolada.
Jurnal davlat rahbarining parlament quyi palatasidagi nutqida keltirilgan quyidagi raqamlarga alohida e’tibor qaratgan. "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan edi. Barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zida 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Shunday sur’at jadal davom ettirilsa, 2030 yilga borib, O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish salohiyati mavjud. Bu aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga asos bo‘ladi.
Nashr O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kelgusi besh yil davomida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 6-7 foiz darajasida ta’minlash, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish, davlat-xususiy sheriklik doirasida yirik loyihalarni amalga oshirish va boshqa dolzarb vazifalar haqida batafsil ma’lumot keltirgan.
Business Central Asia O‘zbekiston hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayoni haqidagi maqolalarni o‘z o‘quvchilari e’tiboriga havola qilgan.