Shavkat Mirziyoyev BAA bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston 09:41 / 14.12.2024 2044

Suhbat avvalida Sulton Al-Jobir davlat rahbariga Amirliklar prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum va vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-BAA ko‘p qirrali munosabatlarining bugungi yuksak darajasi alohida qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetdi.

"Yashil" energetika ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol stansiyasi ishga tushirildi - bu loyiha Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

Umuman, ushbu kompaniya ishtirokida so‘nggi yillarda mamlakatda umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarish obektlari ishga tushirildi.

Energetika, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yirik investitsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha darajalardagi samarali muloqotlarni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: