Klass evaziga g‘alaba
«Jirona» — «Liverpul» 0:1
Gol: Saloh (63, penalti).
«Jirona» – Gassaniga, Blind (Solis, 77), Kreychi, Huanpe, Franses, Romeu, van de Bek (Martin, 76), Gutiyerres, Asprilya, Hil (Portu, 71), Danjuma (Stuani, 72).
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Gomes, Aleksander-Arnold, Jons (Elliot, 76), Gravenberh, Soboslai, Dias (Endo, 89), Nunes (Gakpo, 71), Saloh.
Ogohlantirishlar: Dias (53), Romeu (55), Gomes (79), Franses (87), Portu (90+3).
«Liverpul» Kataloniyada o‘zini ortiqcha qiynamadi. Jamoa kuch tejagan holda natijaga erishishni ko‘zlagandi. Ammo «Jirona» turnir jadvalining quyi qismlarida kelayotgan bo‘lsa-da, o‘z uyida jiddiy raqobat ko‘rsatadigan jamoa. Mezbonlar ilk xavfli hujumida ochiqchasiga mehmonlarni kechirishdi, Blind darvozabon hududida turib to‘pni xato tepdi, Danjumaning kuchsiz zarbasi esa gazonga yiqilib bo‘lgan Alissonning o‘ziga bordi. Hil ham hujumni yakunlashda sustkashlik qildi, faqat Asprilyaning kuchli zarbasidan keyin mehmonlar darvozaboni chinakamiga qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.
Umuman olganda, Arne Slot jamoasi dastlabki 45 daqiqalikda o‘z vaziyatlaridan foydalana olmaslik jazolanishi mumkinligini tushunib yetdi. Ikkinchi bo‘limda hal qiluvchi vaziyat VAR aralashuvi bilan sodir bo‘ldi: van de Bek jarima maydoni ichida Diasning oyog‘ini bosib oldi, belgilangan penaltini aniq ijro etgan Saloh saviya evaziga g‘alaba qozonish qanday bo‘lishini namoyish etdi. Mersisaydliklar olti uchrashuvda olti g‘alabaga erishib, turnir jadvalida 18 ochko bilan yakkapeshqadamlik qilmoqda va amalda pley-off masalasini hal qildi, ammo Slot o‘yindan keyingi matbuot anjumanida shogirdlarining harakatlaridan norozi bo‘ldi va bu turnirdagi eng yomon o‘yini bo‘lganini qayd etdi.
Superkubok remeyki
«Atalanta» — «Real» 2:3
Gollar: de Ketelare (45+2, penalti), Lukman (65) — Mbappe (10), Vinisius (56), Bellinghem (59).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Hin, Jimsiti (Kossunu, 74), Pashalich (Samarjich, 58), Bellanova (Zappakosta, 75), Rujyeri (Dzaniolo, 87), Ederson, de Ron, Lukman, de Ketelare (Retegi, 74).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Chuameni, Vaskes, Valverde, Seballos (Modrich, 84), Vinisius, Bellinghem (Guler, 87), Dias (Asensio, 84), Mbappe (Rodrigo, 36).
Ogohlantirishlar: Chuameni (45+2), Kossunu (90+2), Vaskes (90+3).
«Atalanta» ko‘tarilish davrida va o‘tgan haftani A seriyada yakka peshqadam sifatida yakunlagandi. «Real» esa jarohatlardan aziyat chekmoqda va o‘z tarixida ilk bor turnir guruh bosqichidagi besh turdan uchtasida yutqazdi. Bunday holatda o‘yinda kim favoritligini aniq aytib bo‘lmaydi, ammo shu kuni madridliklar safida Vinisius Junior safga qaytgandi. Mbappe ham asta-sekinlik bilan formaga qaytmoqda. Bergamoda fransuz hujumchisi ilk daqiqalardan maydondagi eng faol futbolchi bo‘ldi va 10-daqiqada jarima maydoni oldida to‘pni qabul qilib, bir harakat bilan De Ronni yo‘ldan oldi va 26 yoshga to‘lishiga o‘n kun qolganida asosiy yevrokubokdagi 50-golini nishonladi. Bunday natijaga undan yoshroqligida faqat Messi erishgan (24 yoshu 284 kunlik).
Ammo Kilian 36-daqiqadayoq jarohat oldi va Rodrigoga almashtirildi. Qolaversa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda himoya markazida tushgan Tshuameni Kolashinatsni yiqitdi vaa De Ketelare penaltidan hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa Vinisius yetakchilik sifatlarini namoyish etdi. U o‘zi gol urganida omad ham kulib boqdi, to‘p unga Braziliya milliy jamoasidagi sherigi Edersondan keldi. Vinining mehmonlarning hisobdagi ustunligini mustahkamlagan Bellinghemga pasi esa Kroosga xos uslubda ancha ichkaridan yetkazib berildi va o‘yinning bezagiga aylandi.
Hisobdagi farqni qisqartirgan Lukmanning o‘yini ham maqtovga sazovor, u Lukas Vaskes ortidan turib yaqin burchakni aniq nishonga oldi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi maqomini Vinisiusdan tortib olgan nigeriyalik futbolchi jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolishi ham mumkin edi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda uning uzatmasidan keyin bergamoliklarning eng yaxshi hujumchisi Retegi darvozabon hududida turib xato zarba yo‘lladi. Jan Piyero Gasperini shogirdlari turnirda ilk bor yutqazdi, «Real» esa — Karlo Anchelotti va’da qilganidek — vaziyatni o‘nglamoqda. Lekin olti turdan keyingi to‘qqiz ochko hali Madrid uchun o‘ta kamtarona ko‘rsatkich. Keyingi turlarni «Real» «Zalsburg» va «Brest»ga qarshi o‘tkazadi.
Leverkuzenning yangi qahramoni
«Bayyer» — «Inter» 1:0
Gol: Mukiyele (90).
«Bayyer» – Kovarj, Inkapie, Tapsoba, Ta, Mukiyele, Jaka, Palasios, Grimaldo (Garsiya, 90+3), Frimpong, Virts (Andrix, 90+3), Tella (Terre, 83).
«Inter» – Zommer, Bastoni, de Vrey, Bissek, Karlos Augusto (Dimarko, 56), Darmian, Zelinski, Chalxono‘g‘li (Aslani, 66), Frattezi (Barella, 66), Torimiy (Arnautovich, 85), Tyuram (Martines, 66).
Ogohlantirishlar: Chalxono‘g‘li (25), Augusto (27).
Bu — hujumga zo‘r beradigan «Bayyer» hamda birinchi navbatda himoyani mustahkamlaydigan «Inter» qarama-qarshiligi edi, mehmonlar darvozaboni Zommer oldingi besh turda birorta gol o‘tkazmagandi. Lekin mezbonlar safida Bonifase va Shik yo‘qligida ham neradzurrilarning quruq seriyasi uchinchi daqiqadayoq barham topishiga bir baxya qoldi. Frimpongning zarbasidan keyin milanliklarni darvoza to‘sini qutqardi. Keyin esa — Virs aylanma zarba berganida — Zommer qutqardi. Narigi tomondagi darvozada turgan Kovarj esa dastlabki 45 daqiqa davomida zerikib qoldi — yevrokubok o‘yinini yana Lautaro Martinessiz boshlagan «Inter» raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llamadi. Bu borada vaziyat ikkinchi bo‘limda ham o‘zgarmay qoldi, italiyaliklar devori esa 90-daqiqada baribir buzib o‘tildi. Habi Alonso jamoasi chempionlik mavsumida bo‘lgani kabi o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketdi. Bu safar — raqib jarima maydoni ichidagi talato‘pda Mukiyele boshqalardan ildamroq harakat qilib, yangi qahramonga aylandi. Bu uning yozda «PSJ»dan transfer qilinganidan buyon nemislar jamoasi safida urgan ilk goli.
«PSJ» qaytmoqda
«Zalsburg» — «PSJ» 0:3
Gollar: Ramush (30), Mendesh (72), Due (85).
«Zalsburg» – Shlager, Gindo, Baydu, Dedich, Kapaldo, Gurna-Duat (Baychetich, 66), Bidstrup (Kavamura, 81), Dorjyeles, Glux (Terzich, 81), Yyeo (Klark, 57), Ratkov (Dagim, 57).
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh (Ernandes, 83), Pacho, Markinos, Hakimi, Nevesh, Vitinya, Ruis (Zair-Emeri, 73), Li Kan In, Barkolya, Ramush (Due, 66).
Ogohlantirishlar: Gindo (35), Gurna-Duat (53), Kapaldo (75).
O‘yindan oldin pley-off hududidan tashqarida bo‘lgan «PSJ» bor alamini zalsburgliklardan oldi, parijliklar safida o‘yinning ilk qismida Gonsalu Ramush faolligi bilan ajralib turdi. Portugaliyalik hujumchi avgustda olgan jarohatidan yaqinda tuzalgandi, ammo Luis Enrike forvardga ishonch bildirmoqda va uni so‘nggi o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibga kiritmoqda. Ramushga gol hissi qaytishi kerak edi va seshanba oqshomida u ikkinchi urinishda bunga erishdi. Birinchi epizodda forvard Hakimi tashlab bergan to‘pni ikki metr masofadan turib darvozaga kirita olmadi, ammo bu bog‘lam baribir ish berdi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Barkolya to‘pni qarama-qarshi qanotda ochilgan Hakimiga yetkazib berdi, uning qanotdan darvozabon hududiga yo‘llagan uzatmasini esa Ramush yiqilayotib darvoza burchagiga yo‘naltirib yubordi. Uning mavsumdagi debyut goli Fransiya chempionlari YeChLning bu mavsumida safar o‘yinlarida urgan ilk goli bo‘ldi.
Avstriyadagi portugallar oqshomini esa ikkinchi bo‘limda Nunu Mendesh davom ettirdi, u hujumga faol qo‘shilib, zaxiradan tushgan Duening uzatmasini kuchli zarba bilan golga aylantirdi. Duening o‘zi esa o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, Hakimining yana bir golli pasidan keyin o‘yindagi yakuniy natijani o‘rnatdi. «PSJ» 2020 yil oktyabridan buyon ilk bor turnir safar o‘yinlarida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Bungacha parijliklar 21 o‘yin davomida muntazam ravishda gol o‘tkazishgandi. Jamoaning vaziyati asta-sekin yaxshilanmoqda, «PSJ» 7 ochko bilan chorshanba kungi o‘yinlar yakunlangunicha 24-o‘ringa chiqib oldi. Bu pley-offga yo‘llanma beradigan so‘nggi o‘rin, ammo barchasi yanvarda hal bo‘ladi — «Manchester Siti» va «Shtutgart»ga qarshi o‘yinlarda.
«Bavariya»ning jahli chiqdi
«Shaxtyor» — «Bavariya» 1:5
Gollar: Kevin (5) — Laymer (11), Myuller (45), Olise (70 penalti, 90+3), Musiala (87).
«Shaxtyor» – Riznik, Matviyenko, Gram, Bondar, Konoplya, Gomes (Kriskiv, 46), de Masedo (Eginaldo, 77), Sudakov, Bondarenko (Pedrino, 77), Zubkov (Neverton, 83), Sikan (Traore, 46).
«Bavariya» – Perets, Gerreyru (Boe, 65), Kim Min Je (Dayyer, 88), Upamekano, Laymer (Aznu, 88), Goretska, Kimmih, Musiala, Olise, Sane (Tel, 65), Myuller (Ibrahimovich, 88).
Ogohlantirishlar: Sane (7), Kriskiv (55), Traore (82), Goretska (82).
«Bavariya» fanatlari «Shaxtyor»ning boshqa o‘yinlariga qaraganda chipta narxlari qimmatlashganiga qarshi Gilzenkirhendagi o‘yinni boykot qilishga chaqirdi. Shu tufayli nominal mezbonlar narxni pasaytirishga majbur bo‘lishdi va «Feltins Arena» tribunalari nihoyat to‘ldirildi. Muxlislar o‘yin boshlanishi bilan myunxenliklar darvozasiga urilgan golga guvoh bo‘lishdi, Kevin raqib mudofaasidagi xatoni jazoladi. Ammo tanaffusga qadar barchasi o‘z joyiga tushdi. Avvaliga jarima maydoni ichida to‘pni egallab olgan Laymer uni to‘sin ostiga yo‘lladi va bu yirik hisobdagi g‘alabaning boshlanishi edi.
Birinchi bo‘lim oxirida bavariyaliklar pressingi Musiala Myullerni darvoza qarshisiga chiqarishi bilan yakunlandi. Tomas YeChLda qatorasiga o‘n oltinchi mavsumda gol urmoqda va bu bilan Rayan Giggz hamda Krishtianu Ronalduning natijasini takrorladi. Rekord seriyaga esa Messi va Benzema egalik qiladi (18 tadan mavsumda). Aytish mumkinki, seshanba oqshomida Myuller hujum chizig‘ida jarohatlangan Keynning yo‘qligini bildirmadi. Shtatdagi penaltichi roli esa Harridan vaqtincha Olisega o‘tdi. Musiala ham o‘z golisiz maydonni tark etmadi. U birinchi bor darvozani ishg‘ol etganida hujumdagi fol tufayli gol bekor qilindi, ammo o‘yin oxirida yarimhimoyachi darvozabon va himoyachilarni bolalarcha aldab, baribir o‘z maqsadiga erishdi.
Leypsigdagi triller va «Brest» mo‘jizasi
«Leypsig» — «Aston Villa» 2:3
Gollar: Openda (27), Baumgartner (62) — Makginn (3), Duran (52), Barkli (85).
Leypsig – Gulachi, Henriks, Orban, Gertryuyda, Zayvald, Nusa, Aydara (Kampl, 46), Vermeren (Klosterman, 84), Baumgartner, Openda, Sheshko (Andre Silva, 76).
«Aston Villa» – Martines, Din (Matsen, 83), Torres, Diyego Karlos, Konsa, Kamara, Tilemans (Barkli, 83), Kesh (Nedelkovich, 71), Makginn (Buendia, 76), Rojyers, Uotkins (Duran, 46).
Ogohlantirishlar: Din (45), Karlos (79), Henriks (81).
Barcha besh uchrashuvda yutqazgan «Leypsig» oltinchi o‘yinda uchinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordi, Uotkins to‘pni darvoza qarshisida turgan Makginnga tashlab berdi. Angliyadagilar darhol bu «Aston Villa»ning yevrokuboklarda 1983 yildan buyon eng tezkor goli bo‘lganini qayd etishdi. Ammo bo‘lim o‘rtalarida Emiliano Martines va Diyego Karlos bir-biriga ishonib qolganida gazondan cho‘pchigan to‘pga Openda ega chiqib, bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar darvozaboni Gulachi ham xatoga yo‘l qo‘ydi. Zaxira qiroli Duranning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi kuchi, aniqligi va trayektoriyasi bilan chiroyli chiqdi, ammo to‘p baribir darvozabon turgan markaz tomon kelgandi. Keyin Openda yana bir bor o‘zini ko‘rsatib, ancha ortdan yetkazib berilgan to‘pga yetib borib, Baumgartnerni golli pas bilan ta’minladi, ammo o‘yindagi so‘nggi so‘zni baribir Unai Emeri shogirdlari aytishdi. Hal qiluvchi vaziyatda Gulachidan omad yuz o‘girdi, Barkli uzoq masofadan yo‘llagan zarbadan keyin to‘p rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushdi. «Villa» 13 ochko bilan amalda pley-offda, «Leypsig» esa umidsiz ahvolda.
«Brest» — PSV 1:0
Gol: Le Kardinal (43).
«Brest» – Bizot, Aydara, Ndiayye, Shardonne, Le Kardinal (Pereyra Lajye, 56), Fernandesh, Dumbiya (Saloh, 88), Manetti, Kamara, Del Kastiyo, Balde (Sima, 69).
PSV – Benites, Dams (Verman, 46), Boskali, Flamingo, Karsdorp (Ledesma, 46), Mauro Junior, Tillman (Til, 84), Saybari, Lang, de Yong (Pepi, 73), Bakayoko (Losano, 73).
Ogohlantirishlar: Dams (41), Le Kardinal (45+2), Del Kastiyo (58), Tillman (64), Shardonne (84), Verman (86).
«Brest» tarix yozishda davom etmoqda. Raqib safida Saybarining zarbasi ustunga tegishi va darvozabon Bizotning seyvlari ham bunda katta rol o‘ynadi, ammo fransuzlarning o‘zi ham haqli g‘alabaga erishdi. Faqat Benites yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sib, intrigani oxirgi daqiqalargacha saqlab qoldi. Yakunda 1:0 hisobi o‘zgarmadi. «Brest» olti turda to‘rt g‘alabaga erishdi, bu esa fransuz klublari uchun 1996 yildan buyon eng yaxshi natija hisoblanadi, o‘shanda «Oser» guruh bosqichini o‘ta kuchli o‘tkazgandi. Erik Rua esa vatandosh murabbiylar orasida XXI asrda asosiy yevrokubokdagiilk mavsumida bunday natija qayd etish borasida Zinedin Zidan bilan bir qatorda turadi. Ammo nyuans bor. Zizu «Real»da ishlagan, Ruaning jamoasi esa — ko‘pchilikka notanish «Brest».
«Bryugge» — «Sporting» 2:1
Gollar: Kuarejma (24, avtogol), Nilsen (84) — Katamu (3).
«Bryugge» – Miniole, de Keyper, Mexele, Ordones, Seys, Yashari, Nvadike, Vanaken, Tsolis (Nilsen, 81), Olsen (Talbi, 65), Yutgla (Nilsson, 64).
«Sporting» – Israel, Mateus Reys, Diomande, Kuarejma (Sen-Jyust, 45), Kenda (Harder, 87), Trinkau, Arauxo (Esjayyu, 81), Simoynsh, Yulmand, Katamu, Gyokeresh.
Ogohlantirishlar: Olsen (26), Gyokeresh (34), Tsolis (43), Nvadike (45+4), Katamu (50), Miniole (52).
«Sporting» Ruben Amorim ketganidan keyin cho‘kishda davom etmoqda. «Arsenal»dan uchralgan 1:5 hisobidan keyin «Bryugge»ga safarda mag‘lub bo‘lindi, garchi lissabonliklar Katamoning zarbasidan keyin hisobni ochgan bo‘lsa-da. «Sherlar» yetti yildan buyon ilk bor ketma-ket ikki o‘yinda raqiblari irodali g‘alabaga erishishiga yo‘l qo‘yishdi. Bu orada milliy chempionatda «Santa Klara» va «Moreyrense»ga ham imkoniyat boy berilgandi. Belgiyadagi fiaskodan keyin pley-off masalasini yangi yilgacha hal qilish imkoniyati yo‘qqa chiqdi. Endi barcha umid yanvardagi o‘yinlardan, 10 ochkoga ega «Sporting» «Leypsig» va «Bolonya» bilan o‘ynaydi. Asosiysi — ungacha Amorimsiz qanday o‘ynashni o‘rganib olish kerak.
«Dinamo» Zagreb — «Seltik» 0:0
«Dinamo» Zagreb – Zagorats, Per-Gabriel, Teofil-Katrin, Berno, Ristovski, Rog, Kachavenda, Baturina (Stoykovich, 83), Pyatsa (Xoja, 82), Shpikich (Mbuku, 73), Kulenovich.
«Seltik» – Shmeyhel, Teylor, Trasti, Karter-Vikers, Jonston (Ralston, 46), Hatate (Makkouen, 65), Makgregor, Paulu Bernardu (Engels, 65), Maeda (Forrest, 73), Furuhasi (Ida, 72), Kyun.
Ogohlantirishlar: Teylor (6), Rog (35), Kulenovich (35), Maeda (38), Ralston (56).
Yumshoq qilib aytganda, Zagrebdagi zerikarli o‘yinni faqat natija nuqtayi nazaridan eslash mumkin. «Seltik» ochkolari sonini 10 taga yetkazib oldi va yanvardagi birinchi turda Brendan Rodjyers jamoasi o‘z uyida «Yang Boyz» ustidan g‘alaba qozonib, pley-off masalasini hal qilishi mumkin. Sakkiz ochkoga ega «Dinamo» uchun ham hali barchasi boy berilgani yo‘q, ammo yangi yilning birinchi oyida xorvatlarda juda qiyin taqvim bor, so‘nggi ikki turda jamoa avvaliga «Arsenal»ga safar qiladi, keyin «Milan»ni qabul qiladi.
Kun statistikasi
«Aston Villa» hujumchisi Duran bu mavsumda 6 bor zaxiradan o‘yinga tushib gol urdi. Bu top-5 ligalardagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
«Atalanta» forvardi De Ketelare 7 (3+4) samarali ball to‘pladi — bu Chempionlar ligasida bir kampaniyadagi klub rekordi.
Alisson «Liverpul» safida YeChLning 21 o‘yinida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Braziliyalik posbon Pepe Reynaga tegishli bo‘lgan klub rekordini takrorladi.
«PSJ» himoyachi Ashraf Hakimi turnirdagi golli uzatmalari sonini 24 taga yetkazdi. Bu parijliklar jamoasi himoyachilari orasida Maksvellga tegishli bo‘lib turgan rekord takrorlanishidir.
Umumiy jadval