Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi

O‘zbekiston 19:55 / 11.12.2024 8831

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozorini kengayishiga joy yo‘qligi, uni zamonaviy konsepsiya asosida yuqoriga «o‘stirish», savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalari namoyish etildi. Loyihaga ko‘ra, avvalo, asliyat saqlab qolinib, hozirgisining o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Eng muhimi, ushbu binolarning yerosti qismi mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi. Jami 4-5 ming ish o‘rni ochiladi. Mutasaddilarga bular sababli bozor faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslik, qurilishni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Keyingi loyihalarga ko‘ra, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘i obodonlashtiriladi. Relyyefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlar ko‘paytiriladi. Sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy quriladi. Sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xol tashkil etiladi.

Davlat rahbari bog‘da sharoitlarni yaxshilash va an’analarni aks ettirish zarurligini ta’kidladi.

«Do‘stlik» bog‘i ham yangilanib, aholini o‘ziga jalb etuvchi maskanga aylantiriladi. Sayr yo‘laklari, suv havzalari, dam olish joylari ta’mirlanib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Oilaviy ko‘ngilochar maskan va bolalar ijod markazi tashkil qilinadi. Yoshlar uchun skeyt maydonchasi, daraxtlar bilan uyg‘un aviariy hamda tomosha charxpalagi quriladi.

Shu yerdagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi ortidagi maydonda milliy madaniyat markazlarining pavilyonlari barpo etiladi.

Prezident tashabbusi bilan 2019 yilda Toshkent shahrida «Navro‘z» bog‘i barpo etilgan edi. Bu yerda mehmonxona, yopiq sport maydonchasi, restoran, konferensiya zali bunyod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Nurafshon va Namangan shaharlarida «Yangi O‘zbekiston» bog‘lari barpo etilgan. Navbatdagi loyihalar ulardan foydalanish samaradorligini oshirish va mehmonlarni ko‘proq jalb etishga qaratilgan. Buning uchun Nurafshon va Namangandagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘lari yonida turizm markazlari tashkil qilinadi. Ularda Sharq bozori, hunarmandchilik joylari, amfiteatr, favvora va boshqa qurilmalar bo‘ladi. Daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytiriladi.

Davlat rahbari loyihalarni sifatli qilish, bog‘larda aholi va turistlar uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: