Bashar Asad: Londondagi oftalmolog qanday qilib Suriya hukmdoriga aylangandi?

Jahon 14:10 / 11.12.2024 45399

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning hayotida ko‘plab burilish nuqtalari bor, ammo ulardan eng muhimi u yashab turgan joydan minglab kilometr masofada ro‘y bergan avtohalokat bo‘lgandi.

Avvaliga Bashar Asad hokimiyatni otasidan meros qilib olishi ko‘zda tutilmagandi. Uning siyosatdagi yo‘li faqat akasi Basil 1994 yil boshida Damashq yaqinida yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganidan keyin boshlanadi. O‘shanda Bashar Londonda oftalmologiya bo‘yicha tahsil olayotgandi.

Basilning o‘limidan keyin ukasini Suriyani boshqarishga tayyorlay boshlashadi. Basharning hukmronligi yuz minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan va millionlab suriyaliklarni uylarini tashlab ketishga majbur qilgan qonli fuqarolik urushi davriga to‘g‘ri keladi.

Bashar Asad shifokorlikdan harbiy jinoyatlarda ayblangan avtoritar hukmdorgacha bo‘lgan yo‘lni qanday bosib o‘tgan? BBC uning tarixini hikoya qiladi.

Ota merosi

Basharning otasi Hafiz Asad Suriyani qariyb 30 yil boshqargan

Bashar Asad 1965 yilda Hafiz Asad va Anisa Mahluf oilasida dunyoga kelgan. Uning tug‘ilishi Suriya, Yaqin Sharq va undan tashqaridagi dramatik voqealar bilan bir paytga to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda mintaqaning ko‘plab mamlakatlari siyosiy hayotida arab millatchiligi o‘rtaga chiqqan va Suriya ham bundan mustasno emasdi.

Misr bilan Suriya o‘rtasidagi qisqa muddatli ittifoq tuzishga muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin (1958–1961) Damashqda panarab millatchiligi g‘oyalariga ergashgan Baas arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi. O‘sha vaqtdagi arab mamlakatlarining ko‘pchiligi ham Suriya demokratik davlat emasdi va ko‘ppartiyaviy saylovlar o‘tkazilmagan.

Asadlar oilasi manbus bo‘lgan alaviylar jamoasi Suriyadagi ozchilikni tashkil etadi va ko‘plab alaviylar Suriya armiyasidan ijtimoiy lift sifatida foydalanadi. Hafiz Asad armiya zobit va Baas partiyasining sodiq tarafdori sifatida ajralib turardi va 1966 yilda mudofaa vaziriga aylanadi.

Hafiz Asad o‘z ta’sirini kuchaytirishda davom etib, mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlaydi va 1971 yilda prezidentga aylanadi — u bu lavozimda 2000 yilda vafot etguniga qadar qoladi. Suriyaning qator to‘ntarishlar bilan kechgan urushdan keyingi tarixi fonida bunday uzoq yillik barqarorlik uning mohirona siyosiy manipulyatsiyasi samarasi edi.

U temir musht bilan hukmronlik qilib, muxolifat va o‘zgacha fikrlovchilarni bostiradi. Ammo Asad tashqi siyosatda ancha pragmatik edi: u sovetlar ittifoqi bilan faol hamkorlik qilgan, ammo shu bilan bir vaqtda 1991 yilda Fors ko‘rfazidagi urushda AQSh rahbarligidagi koalitsiyaga qo‘shiladi.

Londondagi tibbiyotchi talaba

Bashar Asad bo‘lajak rafiqasi Asmani Londonda uchratgandi

Bashar Asad avvaliga o‘zi uchun siyosat va harbiy ishlardan yiroq bo‘lgan yo‘lni tanlagandi. U tibbiyot sohasida karera qilishga bel bog‘lagandi.

U 1992 yilda Damashq universitetini tamomlagach, Buyuk Britaniyaga yo‘l oladi, bu yerda Londondagi Western Eye ko‘z klinikasida oftalmologiyaga ixtisoslashadi.

BBC’ning 2018 yilgi «Xavfli sulola: Asadlar» nomli hujjatli filmiga ko‘ra, Bashar Londonda qulay hayot kechirgan: sevimli musiqachisi Fil Kollinzning konsertlariga tushgan va umuman olganda mahalliy britan madaniyatidan bahra olgan.

Bashar bo‘lajak rafiqasi Asma al-Ahrasni aynan Londonda uchratadi. Asma London Qirollik kollejida kompyuter fanlarini o‘rgangan, keyinroq Harvardga biznes boshqaruv kursiga (MBA) qabul qilingan. Ammo uning hayoti tez orada o‘zgarib ketadi.

Ikkinchi o‘g‘il bo‘lgani uchun Bashar doimo akasi, Hafiz Asadning vorisi sanalgan Basilning soyasida qolardi.

Basil 1994 yil yanvarida vafot etishi Basharning hayotini butkul o‘zgartiradi. U darhol Londondan chaqirib olinadi va uni Suriyaning keyingi yetakchisi bo‘lish uchun tayyorlashadi.

Basharni qurolli kuchlar zobiti qilishadi va uni bo‘lajak prezident sifatidagi imijini shakllantira boshlashadi.

Orzular va o‘zgarishlar

Asadlar oilasi Suriyada yarim asrdan ko‘proq hukmronlik qildi. Foto: AFP

Hafiz Asad 2000 yil iyunida vafot etadi va 34 yoshli Bashar tezda prezidentga aylanadi, buning uchun prezident lavozimi uchun belgilangan minimal 40 yosh chegarasini kamaytirish maqsadida Suriya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keladi.

Bashar Asad prezidentlikka qasamyod qilib, darhol yangi siyosiy ohang belgilashga harakat qiladi. Uning chiqishlarida «shaffoflik, demokratiya, rivojlanish, modernizatsiya, mas’uliyat va institutsional fikrlash» haqida so‘z boradi.

Lavozimga kirishganidan bir necha oy o‘tib Bashar Asma al-Ahrasga uylanadi. Ularning oilasida uch farzand dunyoga keladi: Hafiz, Zeyn va Karim.

Avvaliga Basharning siyosiy islohotlar va OAV erkinligi to‘g‘risidagi ritorikasi ko‘plab suriyaliklarda umid uyg‘otgandi. Uning yetakchilik uslubi va g‘arbda ta’lim olgan Asma bilan yonma-yon turishi yangi o‘zgarishlar davri kelgandek taassurot uyg‘otgandi.

Suriya «Damashq bahori» deb nom olgan, so‘z erkinligi nisbatan ta’minlangan qisqa muddatli davrni boshdan kechiradi, ammo 2001 yilga kelib xavfsizlik kuchlari qatag‘onni tiklab, muxolifatchi faollarni hibsga olishga kirishadi.

Bashar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan cheklangan iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning boshqaruvidagi ilk yillar amakivachchasi Rami Maxlufning ta’sir doirasi kengayishi bilan yodda qolgan. Maxluf ulkan biznes-imperiya qurgan, tanqidchilar buni boylik va hokimiyat qorishib ketishiga mosil sifatida keltirishadi.

Iroq va Livan

Livanning sobiq bosh vaziri Rafiq Haririy o‘ldirilishi Bashar Asad siyosatiga ta’sir ko‘rsatadi

2003 yilda Iroqda boshlangan urush Bashar Asad va g‘arb mamlakatlari munosabatlari sezilarli darajada yomonlashishiga olib keladi. Suriya prezidenti AQShning Iroqqa bosqiniga qarshi chiqadi, buni ayrimlar u Suriya Amerika harbiy amaliyotining keyingi nishoni bo‘lishi mumkinligidan xavotirlangani bilan izohlashadi.

Vashington esa Damashqni Iroq Amerika tomonidan okkupatsiya qilinishiga qarshi kurashgan isyonchilar uchun qurollar kontrabandasiga ko‘z yumishda va ekstremistlarga ikki mamlakat chegarasini erkin kesib o‘tishiga yo‘l qo‘yib berishda ayblaydi.

2003 yil dekabrda AQSh nafaqat Iroq, balki Livanda suriyaliklar harbiylar joylashtirilgani bilan bog‘liq qator sabablarga ko‘ra Suriyaga qarshi sanksiyalar kiritadi.

2005 yil fevralda Livan sobiq bosh vaziri, Suriyaning Livandagi asosiy muxolifi Rafiq Haririy Bayrut markazidagi kuchli portlash oqibatida o‘ldiriladi. Bunda darhol Suriya va uning ittifoqchilari gumonlanadi.

Livanda ommaviy norozilik namoyishlari avj oladi, shu va xalqaro bosim tufayli Damashq qariyb 30 yillik mavjudlikdan keyin Livandagi Suriya qo‘shinini olib chiqishga majbur bo‘ladi.

2020 yilda maxsus xalqaro tribunal «Hizbulloh» mazkur jinoyatda aybdor deb hukm chiqarganiga qaramay, Asad va uning Livandagi asosiy ittifoqchisi, livanlik shialar guruhi muntazam ravishda Haririyning o‘ldirilishiga aloqadorligini rad etib keladi, 

«Arab bahori»

«Arab bahori» namoyishlari Suriyaga 2011 yilda yetib keladi

Hokimiyatdagi dastlabki 10 yilida Bashar Asad Eron bilan munosabatlarni mustahkamlaydi, Qatar va Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashga urinadi, ammo bu uzoqqa bormaydi. Avvaliga yosh prezident Ar-Riyod tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, Saudiya Arabistoni bilan ham munosabatlar barqaror emasdi.

Umuman olganda, Bashar Asad tashqi siyosatda otasi tutgan yo‘nalishga amal qilib, ehtiyotkorlik ko‘rsatadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlardan qochadi.

Uning boshqaruvining o‘n yilligi o‘tganida rejimni avtoritar deb ta’riflash mumkin edi, chunki muxolifat ovozini kuch bilan o‘chirish davom etardi.

2010 yil dekabrda Asma Asad Vogue jurnaliga bergan intervyusida uyida «demokratiya hukmronligi»ni aytadi.

Shu vaqtlarda Tunisda sabzavot sotuvchi savdogar Muhammad Buaziziy ayol politsiyachidan kaltak yeganidan keyin o‘zini yoqib yuboradi. Bu akt Tunisda xalq qo‘zg‘aloniga sabab bo‘ladi, yakunda prezident Zina al-Abidin Ben Ali ag‘dariladi.

Tunisdagi qo‘zg‘alon kutilmaganda butun arab dunyosi bo‘ylab inqilobiy harakatlarni ilhomlantirib, Misr, Liviya, Yaman, Bahrayn va Suriya ham namoyishlar ichida qoladi.

Vogue jurnalida 2011 yil martida «Sahrodagi atirgul» (keyinroq qaytarib olingan) sarlavhasi ostida chiqqan intervyuda Suriya «portlashlar, keskinliklar va odam o‘g‘irlash yo‘q bo‘lgan mamlakat» sifatida tasvirlangandi. Ammo bu obraz juda tez fursat ichida keskin o‘zgaradi.

Mart oyi o‘rtalariga kelib Damashqda norozilik namoyishlari boshlanib ketadi, bir necha kun o‘tib Suriya janubidagi Dar’a shahrida odamlar ko‘chalarga chiqadi. Bu namoyishlarga devorga Asadga qarshi graffiti chizgan bolalar hibsga olinishi sabab bo‘lgandi. Xavfsizlik kuchlari esa namoyishchilarni o‘qqa tutadi.

Asad Suriya xalqiga murojaat qilishdan oldin ikki hafta kutadi. Parlamentdagi chiqishida u o‘zi Suriyaga qarshi «fitna» deb atagan jarayonga barham berishni va’da qiladi, shu bilan birga, odamlarning ko‘plab ehtiyojlari qondirilmayotganini tan oladi.

Dar’ada namoyishchilar otib tashlanishi boshqa shaharlarda yanada kattaroq namoyishlarni keltirib chiqadi, ularda endi Asadning iste’fosiga chaqiriqlar yangray boshlaydi. Hukumat bunga javoban zo‘ravonlik ishlatib, tartibsizliklarda «sabotajchilar va tashqi kuchlar tomonidan boshqarilayotgan josuslar»ni ayblaydi.

Bir necha oy o‘tib vaziyat hukumat kuchlari va butun mamlakat bo‘ylab qo‘liga qurol olgan muxolifat guruhlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketadi.

Mojaro internatsional tus oladi

10 yildan oshiq davom etgan urushda Suriyaning ko‘plab shaharlari to‘liq vayron qilingan

Mojaro kuchaygach, BMT hisoblariga ko‘ra, qurbonlar soni yuz minglabgacha oshgan. Suriyada fuqarolik urushiga tashqi kuchlar jiddiy aralasha boshlagan.

Rossiya, Eron va eronliklar tomonidan qo‘llanadigan qurolli guruhlar Asad tomonda turadi, Turkiya va Fors ko‘rfazi davlatlari esa qurollangan muxolifatga yordam ko‘rsata boshlaydi.

Asadga qarshi namoyishlar avvaliga demokratiya va barcha uchun erkinlik shiorlari bilan ish olib borgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib ular diniy xarakter kasb eta boshlaydi. Muxolifatdagi ayrim fraksiyalar hukumatni sunniylarga zarar yetkazish hisobiga ozchilik alaviylarga xayrixohlik ko‘rsatishda ayblaydi.

Xorijiy aralashuv sektalar o‘rtasidagi bo‘linishni kuchaytiradi. Sunniy guruhlar alaviylarni kofir deb atay boshlaydi, mintaqadagi shialar esa Eron va «Hizbulloh» yetovida Asad rejimini qo‘llab-quvvatlash uchun Suriyaga kirib keladi.

Bu vaqtda qo‘shni Iroqda IShID ekstremistik guruhi kuchaya boshlaydi. Bu terrorchi guruh fuqarolik urushidan foydalanib, Suriyaning katta hududlarini egallab oladi va mamlakat sharqidagi Raqqa shahri poytaxti bo‘lgan «yangi xalifalik» tuzilganini e’lon qiladi.

2013 yil avgustida Damashq yaqinida, muxolifat nazoratida bo‘lgan Sharqiy G‘utada yuzlab kishilar kimyoviy hujum qurboniga aylanadi.

G‘arbdagi barqudrat davlatlar va Suriya muxolifati hujumda Asad rejimini ayblaydi. Damashq o‘z aloqadorligini rad etgan bo‘lsa-da, xalqaro bosim ostida kimyoviy qurollari zaxirasini yo‘q qilishga rozilik bildiradi. Lekin kimyoviy hujumlar bu bilan to‘xtab qolmaydi.

Urushning o‘zi yanada shafqatsiz tus oladi. BMT komissiyasi mojaroning barcha tomonlarini qotillik, qiynoq va zo‘rlash kabi urush jinoyatlarini sodir etishda ayblaydi.

2015 yilga kelib Asad hukumati mamlakatning katta qismini qo‘ldan boy berib, halokat yoqasiga kelib qolgandek ko‘ringandi. Ammo Rossiyaning harbiy aralashuvi urushning borishini o‘zgartirib, Asadga muhim hududlarni qaytarib olish imkonini beradi.

G‘azodagi urush

Idlibda o‘rnashgan muxolifat kuchlari noyabr oyi oxirida chaqmoq tezligidagi yurish boshladi

2018 va 2020 yillar oralig‘ida mintaqaviy va xalqaro kelishuvlar shunday vaziyatni yaratadiki, unga ko‘ra, hukumat kuchlari Suriyaning katta qismini nazorat qiladi, muxolifatchi kuchlar va kurd otryadlari esa mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi hududlarni bo‘lib oladi.

Bu kelishuvlar Bashar Asadning pozitsiyasini mustahkamlab, asta-sekinlik bilan diplomatik arenaga qaytishiga imkon beradi: 2023 yilda Suriya Arab davlatlari ligasi a’zoligiga tiklanadi, arab mamlakatlari Damashqdagi elchixonalarini qaytadan ochadi.

Suriyada iqtisodiy vaziyat og‘irlashib borganiga qaramay, Bashar Asad o‘z boshqaruvining uchinchi o‘n yilligida eng og‘ir sinovlardan o‘tib olgandek ko‘rina boshlaydi.

Ammo 2023 yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga qilgan kutilmagan hujumi G‘azoda yangi urushni boshlab beradi, ko‘p o‘tmay  Livan, xususan, Asadning yaqin ittifoqchisi — «Hizbulloh» bu urushga tortiladi.

Isroil bilan qurolli mojaro «Hizbulloh» uchun og‘ir oqibatlarga ega bo‘ladi, guruh ko‘plab muhim qo‘mondonlari, jumladan, o‘ttiz yillik yetakchisi, shayx Hasan Nasrullohdan ayriladi.

Livanda sulh tuzilgan kunda esa Suriya shimolidagi «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi muxolifat kuchlari kutilmaganda yurish boshlab, bir necha kun ichida Suriyaning ikkinchi eng yirik shahri — Halabni egallab oladi.

Yurish keyingi kunlarda ham jadal sur’atlarda davom etdi va isyonchilar mamlakat markazidagi muhim shaharlar Hama va Homsni o‘z nazoratiga oladi, bunga parallel ravishda Suriyaning janubiy hududlarida ham isyon boshlanib, hukumat qo‘shinlari siqib chiqariladi.

Asadning muhim ittifoqchilari bo‘lgan Rossiya va Eron bu safar unga yordam bera olmadi. 8 dekabr kuni tongda isyonchilar poytaxt Damashqqa kirib keldi. Rossiya TIV Asad prezidentlikdan iste’fo berib, mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.

Yakshanba kuni kechqurun Rossiyadagi davlat agentliklari Kremldagi manbaga tayanib, Rossiya Suriyaning ag‘darilgan prezidentiga siyosiy boshpana bergani, Asad o‘z oila a’zolari bilan Moskvaga yetib kelgani haqida xabar tarqatdi.

Ko‘proq yangiliklar: