Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi

Sport 10:44 / 09.12.2024 14394

Angliya: «Arsenal»da yo‘qotish

«Fulhem» — «Arsenal» 1:1
Gollar:
Himenes (11) — Saliba (52). 
«Fulhem» – Leno, Robinson, Bassi, Diop, Tete, Lukich (Kuenka, 90+2), Berge, Smit-Rou (Pereyra, 60), Traore (Uilson, 60), Ivobi, Ximenes (Rodrigo Muniz, 80).
«Arsenal» – Rayya, Timber, Kivyor, Saliba, Parti, Rays, Jorjinio (Merino, 74), Edegor (Nvaneri, 79), Trossard (Martinelli, 60), Haverts (Jyezus, 74), Saka.
Ogohlantirishlar: Lukich (50), Bassi (72), Ximenes (79), Martinelli (82), Robinson (86), Rays (90+7).

«Fulhem» bu mavsumda hayron qoldira olmoqda va dekabr oyida «dachaliklar» turnir jadvalining yuqori qismidagi uch jamoaga qarshi o‘yinda ham ochko olishdi. Avvaliga «Tottenhem» maydonidan durang bilan qaytildi (1:1), hafta o‘rtasida «Brayton» bilan o‘yinda irodali g‘alabaga erishildi (3:1), endi esa «Arsenal»ning to‘rtta ishonchli g‘alabadan iborat seriyasiga barham berildi. O‘yin boshidayoq mehmonlar himoyasidagi muammo o‘zini ko‘rsatdi va Raul Himenes hisobni ochdi. Ammo «kanonirlar» bu safar ham burchak zarbasidan hisobni tenglashtirishdi. Arteta shogirdlari jarohat olgan Gabriel Magalyans yo‘qligida ham kornerdan gol ura olishmoqda. Bu safar — Havers tashlab bergan to‘pni braziliyalikning himoya markazidagi sherigi Saliba darvozaga yo‘lladi.

Bu qizil-oqlar jamoasi yil boshidan buyon 15-marta burchak zarbasidan gol urishi va klub rekordi takrorlanishi. O‘yinda to‘liq ustunlik qilgan mehmonlar so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi, ammo Saka gol urgan hujumda VAR unga qanotdan uzatma amalga oshirgan Gabriel Martinelli ofsaydda qolganini ko‘rsatdi. «Arsenal» «Liverpul» bu turni o‘tkazib yuborganidan foydalana olmadi va oradagi farq jiddiy qisqarmadi, «Fulhem» esa so‘nggi to‘qqizta London derbisida yutqazmagani (+4=5) bilan faxrlanishi mumkin.

«Lester» — «Brayton» 2:2
Gollar
: Vardi (86), Rid (90+1) — Lempti (37), Minte (79). 
«Lester» – Hermansen, Kristiansen, Vestergor (Fas, 81), Koudi, Jastin, Sumare, Ndidi (Skipp, 52), Ayyu (Mavididi, 62), Al Hannus (Daka, 81), Makatir (Dekordova-Rid, 62), Vardi.
«Brayton» – Verbryuggen, Estupinyan, Dank, van Hekke, Lempti, Ayyari (ORayli, 71), Baleba (Viffer, 46), Mitoma (Igor Julio, 89), Joao Pedro (Minte, 70), Ryutter, Fergyuson (Uelbek, 71).
Ogohlantirishlar: Baleba (41), Viffer (74), Sumare (87).

Van Nistelroy kelishi bilan «Lester» futbolchilari ko‘tarinki kayfiyatda to‘p surmoqda. Erik ten Hag ishdan bo‘shatilgach, Ruben Amorim ishga kirishgunicha «MYu» boshqaruvida to‘rt o‘yin o‘tkazgan niderlandiyalik mutaxassis uch g‘alabaga erishgan, «Chelsi» bilan esa g‘alabaga teng durang qayd etgandi. Endi van Nistelroy «Lester»ni jonlantirmoqda, uning hafta o‘rtasidagi debyutida jamoa so‘nggi bir yarim oy ichida ilk bor g‘alabaga erishdi. Ammo bu o‘yinda raqib inqiroz holatidagi «Vest Hem» edi, yakshanba kuni esa «tulkilar» kuchli «Brayton» sinovidan o‘tishdi.

G‘alaba «chaykalar»ni turnir jadvalida beshinchi o‘ringa olib chiqar, «Manchester Siti» bilan oradagi farq bir ochkogacha qisqargan bo‘lardi, 79-daqiqaga kelib hisob 0:2 bo‘lganida barchasi hal bo‘lgandek ko‘ringandi. Ammo Vardi bunga rozi bo‘lmadi, u yangi murabbiylar shtab davridagi ilk o‘yinda 2-daqiqadayoq hisobni ochgandi. Endi esa 37 yoshli forvard so‘nggi daqiqalarda De Kordova-Rid bilan tandemda javob gollarini urdi. Avvaliga Vardi yamaykalik sherigining himoyachilar ortiga tashlab bergan to‘pni bir harakatda darvozaga to‘riga kiritdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda esa ushbu jamoadoshi bilan devor uslubida o‘ynab, unga qarzini qaytardi. Bungacha faqat Rayan Giggz undan kattaroqligida (38 yoshu 22 kunlik) APL o‘yinida gol+pas amalga oshirgandi.

«Tottenhem» — «Chelsi» 3:4
Gollar:
Solanke (8), Kulusevski (11), Son (90+7) — Sancho (17), Palmer (61 penalti, 84 penalti), Fernandes (74).
«Tottenhem» – Forster, Udoji, van de Ven (Grey, 79), Romero (Dregushin, 15), Porro, Sarr, Bissuma (Bergvall, 79), Kulusevski (Meddison, 79), Son, Solanke, Jonson (Verner, 53).
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya (Veyga, 90), Koluill, Badiashil, Kaysedo, Fernandes, Laviya (Gyusto, 46), Palmer (Feliks, 90+1), Sancho, Netu (Madueke, 86), Jyekson (Nkunku, 76).
Ogohlantirishlar: Laviya (21), Sarr (30), Bissuma (59), Netu (85), Sanches (90+9). 

«Chelsi» o‘yinni kuchli boshladi, ammo 11-daqiqada tabloda mezbonlar foydasiga 2:0 hisobi porlab turgandi. Bu oraliqdagi eng omadsiz futbolchi — noqulay butsalarda chiqqan Kukurelya bo‘ldi, u ikki bor golga olib kelgan xatoga yo‘l qo‘yganidan keyin butsalarini almashtirdi. Ispaniyalik himoyachi oddiy holatlarda gazonda toyib ketdi va to‘pni oldirdi. Birinchi holatda bu Jonson to‘pni qanot bo‘ylab olib ketib, Solankega uzatma berishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi holatda tezda boshlangan qarshi hujumni Kulushevski uzoq masofadan aniq zarba yo‘llash bilan yakunladi.

«Tottenhem» uchun muammolar Romero 15-daqiqadayoq jarohat olib almashtirilishi bilan boshlandi. Uning o‘rniga tushgan Dregushin — hisobni qisqartirgan Sanchoning reydini to‘xtata olmagan himoyachilardan biri bo‘ldi. Ushbu golda esa o‘z aybini yuvishga urinayotgan Kukurelya assistentlik qildi. 

Mezbonlarda hakamga e’tirozlar bo‘lishi mumkin, birinchi bo‘limda Kaysedo butsasining ostki qismi bilan Sarrning oyog‘iga zarba berganida qizil kartochka olishi kerak edi. Hakam esa hatto sariq ham ko‘rsatmadi, VAR esa vaziyatga aralashmadi.

E’tiborli jihati, bu mavsumda «Tottenhem» APLda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha APLda «Siti»dan keyingi ikkinchi o‘rinda, ammo birinchi bo‘limda «Chelsi» to‘pni ikki barobar ustunlik bilan nazorat qildi (67 foiz). Birinchi bo‘limda xavfli vaziyatlar bo‘yicha ustunlik esa mezbonlar tomonda bo‘ldi. Avvaliga Son Xin Minning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi, ko‘p o‘tmay koreyalikning uzatmasidan keyin Solanke darvozabon maydonchasida turib to‘pni darvozaga yo‘naltira olmadi.

Burchak zarbasi amalga oshirilganida Sarrning bosh bilan yo‘llagan zarbasi to‘singa bordi. O‘z navbatida, «Chelsi» ham birinchi bo‘limdayoq hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Forster besh soniya ichida ikkita seyv amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. Avvaliga u Palmerning zarbasini qaytardi, keyin esa — Netuning qaytgan to‘pga bergan zarbasini ham.

Mark o‘yinda ikkinchi assistentlik ballini ham o‘z hisobiga yozib qo‘yishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida undan to‘pni qabul qilib olgan Sancho yo‘llagan zarbadan keyin to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi. 

«Chelsi» aynan Sanchoning faolligi evaziga hisobni tenglashtirdi, uning jarima maydoniga uzatgan pasiga yugurgan Kaysedo yiqitildi va belgilangan penaltini Palmer aniq ijro etdi. Bu uning uchun APL joriy mavsumidagi 10-gol bo‘ldi. 

Shundan keyin «Chelsi» futbolchilari bo‘shashdi. Vaziyatlardan birida himoyachilar raqibni ofsaydda qolgan deb o‘ylab to‘pga yugurmadi. Ammo maydon markazidan Son yugurib chiqdi va to‘pni olib, u bilan jarima maydoniga qadar bordi, ammo biroz xato zarba berdi.

Enso Fernandes esa raqibni kechirmadi. U mavsum boshida asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ygandi, ammo endi ajoyib formasini tikladi — barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi olti o‘yinida uch gol urib, olti assist muallifi bo‘ldi. Bu safar u havodagi to‘pni to‘xtatmasdan yaqin burchakka yo‘lladi.

O‘yin oxirlariga borib Palmer o‘zi penalti ishladi va yana bir bor 11 metrdan (bu safar — «panenka» uslubida) gol urdi. Palmer APL rekordini o‘rnatdi. Ushbu yarimhimoyachi chempionatda o‘zi tepgan 12 penaltidan 12 ta gol urgan. Bungacha 100 foizlik realizatsiya faqat Yaya Tureda edi (11 penaltidan 11 gol). Ushbu yosh futbolchi o‘z sovuqqonligi bilan barchani hayratga solishda davom etmoqda, 22 yoshigacha u barcha turnirlar doirasida jami 17 bor penalti tepgan va biror marta adashmagan.

O‘yin oxirida «Tottenhem» tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, ammo vaqt faqat bitta golga yetdi — jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Son yaqin masofadan aniq zarba berdi - 3:4. Navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin «Tottenhem» 11-o‘rinda qolmoqda — Angelos Postekoglu jamoasi 15 turda 20 ochko jamg‘argan. «Chelsi» ikkinchi o‘rinni mustahkamladi va «Liverpul» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga qisqartirdi, ammo Slot jamoasi bitta kam o‘yin o‘tkazgan.

O‘yindan keyin esa Kukurelya ikki golga sababchi bo‘lgan butsalarni chiqindiga tashlab, «Chelsi» muxlislaridan uzr so‘radi.

Ispaniya: Grizmanni to‘xtatib bo‘lmayapti

«Atletiko» — «Sevilya» 4:3
Gollar:
De Paul (10), Grizmann (62, 90+4), Lino (79) — Lukebakio (12), Romero (32), Sanches (57).
«Atletiko» – Oblak, Galan, Langle (Vitsel, 79), Ximenes, Lorente, Gallaher (Syorlot, 63), Barrios, De Paul (Koke, 63), Simeone (Lino, 75), Alvares (Korrea, 75), Grizmann.
«Sevilya» – Alvaro Fernandes, Salas, Bade, Karmona, Gudel, Sou, Agume (Montiel, 80), Xuanlu Sanches, Peke (Saul, 63), Romero, Lukebakio.
Ogohlantirishlar: Barrios (48), Agume (49), Alvaro Fernandes (67), Alvares (72), Saul (76).

«Atletiko» bu mavsumda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda va chempionlik uchun asosiy ikki da’vogarga raqobat ko‘rsatmoqda. Bu o‘yin boshida De Paul raqib jarima maydonida to‘pga ega chiqib, darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga olganida o‘rtamiyona darajaga tushib qolgan «Sevilya»ning taqdiri hal bo‘lgandek ko‘ringandi. Ammo andalusiyaliklar tanaffusga hisobda oldinda holda yo‘l olishdi. Avvaliga burchak to‘pni original ijro etilganida Lukebakio hisobni tenglashtirdi, keyin esa Romero madridlik himoyachilardan qochib ketib, jamoasini oldinga olib chiqdi.

Ammo baribir ikkinchi bo‘limda Diyego Simeonening irodali jamoasi mehmonlarni taslim qiladi degan hissiyot saqlanib turgandi. Avvaliga Xuanlu «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olib, «matraschilar»ning vazifasini qiyinlashtirdi. Ammo mehmonlar asosiy xatoga yo‘l qo‘yishdi — Grizmanning hisobni qisqartiruvchi golidan keyin butunlay o‘z jarima maydoniga qamalib oldi. Mehmonlar darvozaboni Fernandes o‘z ishini yaxshi bajardi va Serlot ikkita qulay imkoniyatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymadi, ammo Samuel Linoning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi qarshisida ojiz qolib, tabloda ikkita uch porlay boshladi.

Hisobni tenglashtiruvchi gol 80-daqiqada urildi, shunday ekan, g‘alaba golini urish uchun «Atletiko»da yetarlicha vaqt qolgandi. «Sevilya» himoyachilari soni oshirilganiga qaramay, muqarrar ish sodir bo‘ldi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda Lino to‘pni jarima maydoniga tashlab berdi, Grizmann esa o‘girilib to‘pni to‘sin ostidan darvoza to‘riga yo‘lladi. Fransuz futbolchining 195-goli uni la liga tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 11-o‘ringa ko‘tardi, jamoani esa «Barselona» hamda «Real»ga yaqinlashtirdi. Ayni vaqtda «Atletiko» — chempionatdagi eng yorqin jamoa bo‘lib qolmoqda.

Italiya: florensiyaliklar rekordi

«Fiorentina» — «Kalyari» 1:0
Gol:
Kataldi (24).
«Fiorentina» – De Xea, Gozens, Raniyeri, Komutsso, Dodo, Kataldi, Adli (Richardson, 67), Ikone (Kolpani, 56), Sottil (Gudmundsson, 67), Beltran (Parizi, 83), Kuame (Ken, 56).
«Kalyari» – Sherri, Obert (Luvumbu, 57), Luperto, Mina, Zappa, Makumbu (Pavoletti, 83), Marin (Adopo, 72), Aujyello, Zortea (Felichi, 73), Viola (Gaetano, 46), Pikkoli.
Ogohlantirishlar: Komutsso (30), Mina (35), Dodo (58), Gozens (75), Luvumbu (88).

O‘tgan turda «Inter»ga qarshi o‘yinda hushini yo‘qotgan yarimhimoyachi Bove bilan bog‘liq voqeadan keyin «Fiorentina» hafta o‘rtasida bir o‘yin o‘tkazib, Italiya kubogini tark etgandi. «Kalyari» bilan o‘yin oldidan esa «fialkalar»ning ushbu futbolchisiga dushanba kuni defibrillyator o‘rnatilishi va shifoxonadan javob berilishi ma’lum bo‘ldi. Bu esa uning Italiyadagi karerasi yakunlanganini anglatadi, chunki A seriya o‘yinlarida futbolchilar bunday tibbiy protseduradan keyin maydonga chiqishi mumkin emas. O‘z vaqtida shu sabab bilan daniyalik Eriksen «Inter»ni tark etishiga to‘g‘ri kelgandi.

«Kalyari» bilan o‘yin taqdiri esa ikkinchi bo‘limda hal qilindi. G‘alaba goli urilgan hujumda barchasini Adli o‘z zimmasiga oldi, uning yurishi to‘p himoyachidan qaytishi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, to‘pga birinchi bo‘lib Beltran yetib keldi. Argentinalik futbolchi to‘pni orqadan yetib kelgan Kataldiga uzatisha ulgurdi, u esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Raqiblaridan bitta kam o‘yin o‘tkazgan «Fiorentina» Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi hududda turibdi, shu bilan birga, florensiyaliklar A seriyada qatorasiga sakkiz o‘yinda g‘alaba qozonib, klubning 1960 yilgi rekordini takrorladi.

«Napoli» — «Latsio» 0:1
Gol:
Isaksen (79).
«Napoli» – Meret, Olivera, Buonjorno, Rrahmani, Di Lorenso, Maktominey (Raspadori, 82), Lobotka (Gilmur, 82), Zambo-Angissa (Folorunsho, 90+1), Kvaratsxeliya, Lukaku (Simeone, 90+2), Politano (Neres, 76).
«Latsio» – Provedel, Tavaresh (Jigo, 90+3), Romanioli (Gabarron, 61), Xila, Marushich, Dele-Bashiru, Genduzi, Zakkani, Dia (Pedro, 72), Isaksen (Ladzari, 90+2), Kastelyanos (Noslin, 72).
Ogohlantirishlar: Dia (19), Genduzi (45+1), Maktominey (46), Rrahmani (51), Kastelyanos (62).

Bu jamoalar payshanba kuni ham Italiya kubogi doirasida Rimda uchrashgandi, ammo «Latsio» g‘alabasi (3:1) bilan yakunlangan o‘yinda janubliklar tarkibni rotatsiya qilgandi. «Napoli» safida o‘shanda Kvaratsxeliya boshchilik bir qator yetakchilarga dam berilgan, Lukaku va Di Lorenso kabi asosiy tarkib futbolchilari esa faqat o‘yin oxirida maydonga tushirilgandi. Shunday ekan, yakshanba kuni Neapolda butunlay boshqacha o‘yin bo‘ldi, unda mezbonlar tashabbusga egalik qilishdi, ammo birinchi bo‘limda yaqqol vaziyatlar yuzaga keltirilmadi, raqiblar safida esa Isaksenning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi Meretni qiynab qo‘ydi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Xvichaning zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.

Ikkinchi bo‘limda esa Noslin Antonio Konte uchun yovuz qahramon rolini bajarishda davom etdi. Payshanba kuni ushbu niderlandiyalik kubok o‘yinida het-trik qayd etgandi, bu safar zaxiradan o‘yinga tushib, Isaksenni golli pas bilan ta’minladi. Skandinaviyalik hujumchi himoyachilarni osonlik bilan ortda qoldirib, uzoq to‘qqizlikni nishonga oldi. Bu zarba beshinchi o‘rinda ketayotgan «Latsio» Neapolda qatorasiga uchinchi bor g‘alaba qozonishiga va «Yuventus» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazishiga yetarli bo‘ldi. «Napoli» esa peshqadamlikni boy berdi. Endi turnir jadvalini juma kuni «Milan»ni mag‘lub etgan (2:1) «Atalanta» boshqarmoqda.

Fransiya: «Marsel» yana «Monako»dan oldinda

«Sent-Etiyen» — «Marsel» 0:2
Gollar:
Rabio (7),  Grinvud (65). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Grinvud (65).
«Sent-Etiyen» – Larsonner, Kornyu (Sissoko, 66), Appia, Petro, Abdulhamid, Batubinsika, Davitashvili, Muton (Amugu, 75), Ekva (Tardiye, 89), Bushuari, Stassen (Eki, 66).
«Marsel» – Rulli, Balerdi, Murillo, Kondogbia, Rabio, Grinvud (Brasse, 90+1), Merlen (Mbondo, 79), Hyoyberg, Ronjye (Vai, 69), Luis Enrike (Rou, 90+1), Mope (Kornelius, 69).
Ogohlantirishlar: Ronjye (47), Sissoko (90+9).

«Marsel» Sent-Etiyendagi o‘yinning ilk daqiqalaridayoq mezbonlardek o‘ynadi va chiroyli gol bilan hisobni ochdi, Mope to‘pni himoyachilar orasidan o‘tkazib berdi, Rabio uzatmani ko‘kragi bilan o‘ziga moslab olib, havodagi to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda esa Grinvud mavsumdagi o‘ninchi goli bilan intrigaga barham berdi. Angliyalik futbolchil bu natijani o‘n to‘rt turdayoq qayd etib, chempionatda 1994 yildan buyon eng tezkor ko‘rsatkichga erishdi, o‘shanda «Lion»da braziliyalik to‘purar Sonni Anderson mavsumni shunchalik yorqin boshlagandi. Grinvudning gollari jamoaviy sermahsullikka hissa qo‘shmoqda (31 gol) — bu provansalliklar uchun turnirning shu davrida so‘nggi yarim asrdan oshiq vaqt davomida qayd etilgan eng yaxshi natija. Roberto De Dzerbi jamoasi bu g‘alabadan keyin yana ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Ochkolar soni «Monako»niki bilan bir xil, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga yuqoriroqda joylashgan, juma kuni nursiz durang qayd etgan «PSJ» bilan oradagi farq — besh ochkoga qisqargan.

«Lans» — «Monpele» 2:0
Gollar:
Labo-Laskari (39), Omeragich (90+2, avtogol).
«Lans» – Samba, Medina (Chaves, 81), Husanov, Danzo, Frankovski, Diuf (Al Enaui, 60), Tomasson, Zaruri, Fyuljyeni (David Koshta, 76), Labo-Laskari (Sotoka, 61), Nzola (Said, 61).
«Monpele» – Lekomt, Sanyan, Maksimovich (Adams, 71), Omeragich, Savane, Silla, Shotar (Bares, 84), Ferri (Ndiayye, 84), Tshato, Norden (Hazri, 46), At Tamari.
Ogohlantirishlar: Savane (43), Sanyan (71), Sotoka (79), Samba (90).

Abduqodir Husanov diskvalifikatsiyani o‘tab safga qaytganidan keyin «Lans» qatorasiga ikki o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, jamoa u yo‘qligida ikkita o‘yinda jami 5 ta gol o‘tkazib yuborgandi. O‘zbekistonlik himoyachi «Monpele»ga qarshi o‘yinda odatdagidek raqib hujumlarini to‘xtatdi, ikki bor seyv amalga oshirdi. Sofascore nashri himoyachining o‘yinini 7,8 ballga loyiq ko‘rdi.

Aynan u ushbu bahsning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qabul qilib oldi. «Lans» esa yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: