4-5 kunlari Bryusselda Yevropa Ittifoqining GSP+ (Generalised Scheme of Preferences) imtiyozlar tizimini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining 28 ta a’zo mamlakati va birinchi marta O‘zbekiston ham ishtirok etgan. Mamlakat nomidan tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) delegatsiyasi qatnashgan.
Uchrashuvda o‘zbek delegatsiyasi 2021 yilda GSP+ benefitsiar maqomini olganidan buyon amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etgan. Ta’kidlanishicha, ushbu davr mobaynida Yevropa Ittifoqiga eksport qariyb uch baravarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 6,2 mingdan ortiq imtiyozli tovar turidan 1,1 mingga yaqin mahsulot, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari uchun barqaror eksport yo‘lga qo‘yilgan.
«O‘zbekistonning ulkan eksport salohiyatini inobatga olgan holda, delegatsiya GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar ro‘yxatini yangi uzilgan mevalar va sabzavotlar bilan kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, mavsumiy eksport kvotalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning muddatini uzaytirishni tavsiya etdi. Bu mahsulotlar yetkazib berish barqarorligini ta’minlab, Yevropa bozorida o‘zbek tovarlarining raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, ISSV vakillari GSP+ imtiyozli rejimi amal qilish muddatini yana 10 yilga uzaytirish taklifi bilan chiqqan. Ta’kidlanishicha, bu erishilgan natijalarni mustahkamlash va Yevropa Ittifoqi bilan uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
«Tashrif doirasida delegatsiya Yevropa komissiyasining savdo va xalqaro hamkorlik departamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Konstruktiv suhbat davomida o‘zbek tovarlarining Yevropa bozoriga kirish shartlarini yaxshilash masalalari, jumladan, prokatlangan metall mahsulotlari uchun import kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zbek mahsulotlarini Yevropa standartlariga moslashtirish uchun YeI tomonidan texnik ko‘mak jalb qilish masalalari muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.