Suriyada nega harbiylar prezidentni himoya qilmadi? Bu to‘ntarishdan qaysi davlatlar yutdi, kimlar yutqazdi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida diktator Bashar Asad rejimining qulashi haqida so‘z yuritadi.
1970 yildan buyon Suriya hokimiyatida bo‘lib kelgan Asadlar sulolasi quladi. Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga qochdi. Bu sulola Suriyani yarim asrdan ortiq boshqardi.
Suriya – Yaqin Sharqdagi muhim davlatlardan biri. Aholisi 23 milliondan oshiq (bundan tashqari, yana bir necha million aholi qo‘shni mamlakatlarda qochqin maqomida). Hududi – O‘zbekistondan deyarli ikki yarim baravar kichik, lekin Isroilga nisbatan 8,5 baravar katta.
Ikkinchi jahon urushi tugagach, dunyoda ikki qutblilik davri boshlanadi. Sovuq urush davrida arab davlatlari ham de-fakto ikki tomonga bo‘linadi. Ba’zi arab davlatlari SSSRga oriyentir oladi, o‘zlarining davlatlarida arab milliyatchiligi asosidagi sotsializmni joriy qilishga kirishadi. Shunday davlatlardan biri – Suriya edi. Suriya, Misr, Iroq va boshqa davlatlarda Baas partiyasi tuziladi, kuchayadi, hokimiyatga keladi. Baas partiyasi Suriya hokimiyatiga 1963 yilda, davlat to‘ntarishidan keyin kelgan. Partiyaning asosiy g‘oyalari – arab milliyatchiligi, insonlar tengligi, arab davlatlarining barchasi birlashishi kerakligi, dunyoviy davlatchilik va boshqalar edi. 1970 yilga kelib, Hofiz Asad hokimiyatdagi general Saloh Jadidni yiqitadi va o‘zi hokimiyatga keladi. O‘sha vaqtdan boshlab Asadlar davri 2024 yilning 8 dekabriga qadar davom etdi.
2000 yilda Xofiz Asad vafot etadi. Va uning o‘g‘li Bashar Asad Suriya prezidenti bo‘lib “saylanadi”. Rasman Suriya “respublika” bo‘lsa-da, de-fakto monarxiya tomon ketayotgan edi.
2011 yilda arab davlatlarida Arab bahori deb atalmish ommaviy namoyishlar va inqiloblar boshlandi. Arab dunyosi yagona axborot hududida yashaydi. Shuning uchun Tunisdan boshlangan ommaviy namoyishlar Jazoirga, Misrga, Mag‘rib va Iordaniyaga, Saudiya va Bahraynga ham tarqaladi. Arab bahori Suriyani ham aylanib o‘tmaydi. O‘sha 2011 yilda Suriyaning bir qancha mintaqalarida oddiy odamlar islohotlar so‘rab namoyishlar o‘tkazishadi. Lekin Bashar Asad rejimi namoyishlarni qattiq bostiradi: ko‘plari o‘ldiriladi, qolganlari qamaladi va baxti borlari qochib qutuladi. Natijada, Suriyada fuqarolik urushi boshlanadi.
Suriyadagi Asad rejimi nega bu qadar tez va qarshiliksiz quladi degan savol – juda muhim. Asosiy sabab – Asad rejimining legitimligi yo‘q edi. Uni qo‘llaydigan, himoya qiladigan xalq yo‘q edi. Suriyaliklarning aksariyati uning yiqilishini istardi, orzu qilardi. Agar hokimiyatning legitimligi yo‘q bo‘lsa yoki past bo‘lsa, tizim ikki tanlov oldida qoladi: yo islohotlar o‘tkazib xalqning ishonchiga kirish (xalq “bu hokimiyatdan men roziman” degan xulosaga kelishi, natijada, siyosiy tizimni himoya qilishga tayyor bo‘lishi); yoki noma’lum vaqtga kelib, yiqilish... Bashar Asad birinchisini qila olmadi, va yiqildi.
Asad tuzumi yiqilishining katta geosiyosiy oqibatlari bo‘ladi. Qaysi davlatlar va kuchlar yutqazdi? Eng avvalo, Eron Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va “Hizbulloh” tashkiloti yutqazdi. Vatq o‘tib, yangi Suriya hokimiyati bu davlatlar va kuchlar bilan ma’lum darajada til topishishi mumkin, lekin bu davlatlarning yangi Suriyaga ta’siri oldingidek bo‘lmaydi.
2011 yilda Arab bahori boshlanganida, Asad rejimini saqlab qolgan davlatlar – bu Rossiya Federatsiyasi, Eron va “Hizbulloh” tashkiloti edi. Nega bu safar ular yordamga kelmadi? Rossiya Ukraina urushi sabab juda holsizlangan. Rossiyaning o‘zi Erondan, Shimoliy Koreyadan yordam olib turibdi. Qanday qilib Asadga yordam bersin? “Hizbulloh” esa Isroil bilan urushda ancha zaiflashdi, hozir Asadga yordam bera oladigan holatda emas. O‘zini tiklash uchun “Xizbulloh”ga oylar va yillar kerak bo‘ladi. Eron ham o‘zi bilan o‘zi band.
Endi, qaysi davlatlar yutdi? Eng avvalo, Asadning yiqilishidan va “Hay’at Tahrir ash-Shom” tashkiloti boshchiligidagi guruhlarning hokimiyatga kelishidan Turkiya yutdi. Endi Suriyadan Eron va Rossiya chiqib ketib, o‘rniga Turkiya kirib keladi. Chunki Turkiyaning bu guruhlarga ta’siri yuqori.
Isroil-chi? Isroilda katta ikkilanish va ehtiyotkorlik. Isroil Suriya bilan chegaradosh. Suriyaning Jo‘lan tepaliklarini bosib olgan. Isroil Suriyadan Eronning chiqib ketishidan juda xursand. Lekin hokimiyatga diniy jangari guruhlarning kelishidan, albatta, xursand bo‘lishi mumkin emas. “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhining lideri – Abu Muhammad Al-Jo‘laniy, u Isroil tomonidan bosib olingan Jo‘lan hududida tug‘ilgan shaxs. Abu Muhammad Al-Jo‘laniy “Biz bosib olingan Jo‘lan tepaliklarini qaytaramiz” degan bayonotlar bergan. Umuman, Suriya hokimiyatiga kim kelsa ham, ularning Isroilga nisbatan ijobiy qarashda bo‘lish ehtimoli yo‘q. Chunki o‘n minglab falastinlarni o‘ldirar ekan, Suriya, Falastin yerlarini bosib olar ekan, suriyaliklar, arablar va musulmonlarning Isroilga o‘ta salbiy munosabati saqlanib qolaveradi.
Suriyada Asadlar yiqilishini g‘arb davlatlari ehtiyotkorona qo‘llab-quvvatlamoqda. Sababi, ular Rossiyaning va Eronning quvilishidan xursand. Lekin Turkiyaning Suriyaga kirib kelishi – Isroilga, g‘arbga juda qulay bo‘ladi degani emas. Stil o‘zgaradi, taktika o‘zgaradi, ritorika biroz o‘zgaradi, lekin sovuqqon strategiya kuchayadi.
Yangi Suriya hokimiyati oldida og‘ir vazifalar turibdi. Repressiya qilmasdan, milliy va diniy kamchiliklarni quvg‘in qilmasdan kuchli, markazlashgan, tarqoq bo‘lmagan davlat shakllantirish uchun katta siyosiy mahorat kerak bo‘ladi.
Agar Suriyaning global reputatsiyasi ijobiy bo‘lsa, Damashqning Isroil tomonidan bosib olingan yerlarini qaytarib olish salohiyati oshadi, tezlashadi. Musulmon dunyosining qudrati va salohiyati, yana bir layoqatli davlat hisobiga boyigan bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos