Yaponiyada «Simane» AESining ikkinchi reaktori qayta ishga tushirildi

Jahon 22:48 / 07.12.2024 2366

Yaponiyaning Chugoku Electric Power energetika kompaniyasi 2012 yilda faoliyati to‘xtatilgan «Simane» AESning ikkinchi energoblokini qayta ishga tushirdi, deb xabar beradi The Japan Times.

Qayd etilishicha, ushbu reaktor 2011 yilda avariya yuz bergan «Fukusima-1» AES energobloki kabi suv-suvli tipga kiradi. O‘tgan 13 yildan beri Yaponiyada bu turdagi reaktorlardan faqat bittasi qayta ishga tushirilgan.

«Simane» AESining ishga tushirilgan reaktori 820 megavatt quvvatga ega bo‘lib, u Yaponiyada hozirda foydalanilayotgan 14 ta reaktorning biriga aylandi.

Nashrning yozishicha, keyingi yildan boshlab Yaponiyada tabiiy gaz va ko‘mirga bo‘lgan talab kamayadi, chunki Tohoku Electric Power kompaniyasi ham yaqinda 825 megavatt quvvatli «Onagava» AESining ikkinchi energoblokini qayta ishga tushirgan.

«Simane» AESi shu nomdagi prefektura poytaxti hisoblanuvchi Matsue shahrida joylashgan. Bu Yaponiyada prekturaning ma’muriy markazida joylashgan yagona atom elektr stansiyasidir. Uning energobloki 2011 yil martda yuz bergan zilzila va sunamidan keyin, 2012 yil yanvar oxirlarida to‘xtatilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yil mart oyida Yaponiyada zilzila sodir bo‘lgan va u 550 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan kuchli sunamiga sabab bo‘lgandi. Oqibatda qariyb 16 ming kishi halok bo‘ldi. Tabiiy ofat natijasida «Fukusima-1» AESda avariya sodir bo‘lgan: stansiyaning 3 ta reaktorida yadro yoqilg‘isi erishi kuzatilgan. Radioaktiv chiqindilar tufayli 80 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: