Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanayotgan "Geran-2" uchuvchisiz uchish apparatlari bilan bog‘liq texnik nosozliklar Moskvaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarning samarasini ko‘rsatadi. Bu haqda Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi 5 dekabr, payshanba kuni o‘z ismlarini ko‘rsatmaslikni istagan g‘arbiy va ukrainalik harbiy tahlilchilarga tayanib yozdi.
Eronning Shahed-136 uchuvchisiz uchog‘ining ruscha versiyasi bo‘lgan dronlar bir necha hollarda keskin burilishlar paytida nazoratdan chiqib ketgan. Ba’zilari qulagan, boshqalari esa yo‘nalishni to‘g‘rilagan, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlarining oson o‘ljasiga aylangan, deya tushuntiradi nashr. WP suhbatdoshlari UUAning noodatiy xatti-harakatlari kuchayishini past sifatli komponentlar, ya’ni uchuvchisiz uchoq parvozdagi harakatini tartibga solishga yordam beradigan motorcha bilan bog‘lashdi.
Janubiy Koreya mahsuloti o‘rniga Xitoydan dvigatel
Ko‘pgina davlatlar Moskvaning G‘arb texnologiyalariga kirishini to‘sib qo‘yish uchun cheklovlar kiritganidan keyin Rossiya Xitoy servodvigatelidan foydalanishni boshladi. Ilgari Rossiya tomoni xuddi shunday qismni Janubiy Koreyadan o‘rnatgan, deb yozadi nashr.
«Nosoz ishlayotgan dronlar razvedka xizmatlari qisman jalb qilingan davom etayotgan soyadagi mojaroda G‘arb mamlakatlari kichik g‘alabasini ko‘rsatdi», deb ta’kidlaydi WP. Uning Amerika razvedkasidagi suhbatdoshlariga ko‘ra, Rossiya uchun xorijiy komponentlarni sotib olish bo‘yicha yashirin operatsiyalar Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bosh boshqarmasi nazorati ostidadir.