Suriya shimolida mamlakat prezidenti Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi hujumlarini davom ettirayotgan radikal «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi boshchiligidagi alyans Damashq va Halabdan keyin yirikligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan Homs shahriga yaqinlashdi. Bu haqda 6 dekabr, juma kuni Suriya inson huquqlari observatoriyasiga (SOHR) tayanib, AFP xabar berdi. Hsh yetakchisi Abu Muhammad al-Jolaniy jangarilarning maqsadi Asadni ag‘darish ekanini tasdiqladi, deyiladi xabarda.
Homsga ketayotib, isyonchilar Rastan va Talbisaga kirishdi. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, bu ikki kichik shaharchada hukumat qo‘shinlarining «butunlay yo‘qligi» kuzatilgan.
Asad Homsni boy bermaslikka harakat qiladi
Suriya Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, uning askarlari Hama viloyatidagi isyonchilarning «avtomobillari va yig‘ilish joyi» tomon o‘q uzganini aytdi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, artilleriya, raketalar, shuningdek, «Suriya va Rossiya qiruvchi samolyotlari» ishlatilgan. Bundan tashqari, Asad armiyasi Homsga qo‘shimcha kuchlar yuborgan, deyiladi xabarda.
Homsning egallanishi Damashqni Asadning tayanchi bo‘lgan va uning ittifoqchisi - RF - dengiz va havo bazasiga ega bo‘lgan qirg‘oq mintaqasidan uzib qo‘yishi mumkin», deb tushuntirdi Reuters avvalroq. «Asad endi boshqa hech narsani yo‘qotishga haqqi yo‘q. Agar Homs qulasa, rejim ham o‘zgarishi mumkin», deb aytdi Syria Report muharriri Jihad Yazigu.
Isyonchilar Suriya janubi-g‘arbidagi Dara shahrini egalladi
Suriya hukumati jangarilar uchun ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan Dara shahri, shuningdek, xuddi shu nomdagi viloyatning aksariyat qismi ustidan nazoratni qo‘ldan chiqardi. Bu haqda 7 dekabr kuni Suriya inson huquqlari observatoriyasiga (SOHR) tayanib, AFP xabar berdi.
«Mahalliy guruhlar Dara viloyatidagi hududlarni, shu jumladan Dara shahrini ham nazorat ostiga oldi. Hozirda ular viloyatning 90 foizdan ortig‘ini nazorat qilmoqda, rejim kuchlari asta-sekin qo‘shinlarni olib chiqib ketmoqda», — deb xabar berdi SOHR. Tashkilotga ko‘ra, guruhlar kunning boshida Iordaniya bilan chegaradagi Nassib-Jabir nazorat-o‘tkazish punktini egallab olgan. Iordaniya tomonida bu nazorat-o‘tkazish punkti allaqachon yopilgan, deb xabar bermoqda AFP mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
Suriyada fuqarolar urushi avj olgan bir paytda Iordaniya va AQSh hukumatlari o‘z fuqarolarini imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga chaqirdi.