Germaniya kansleri Olaf Shols 2024 yilning «anti-erkagi» deb tan olindi. So‘rov nemis ayollari o‘rtasida qaysi mashhur erkaklar ko‘proq esda qolganini aniqlash maqsadida o‘tkazildi.
Deutche Welle nashrining qayd qilishicha, shu yil futbolchilik faoliyatini yakunlagan «Real Madrid» va «Bavariya» klublarining sobiq futbolchisi Toni Kroos ko‘pchilik ayollarning xayrixohligiga erishdi. So‘rovda ishtirok etganlarning 17 foizi uni yilning eng yaxshi erkagi deb tan oldi. Ikkinchi o‘rinda basketbolchi Dennis Shryoder, uchinchi o‘rinda Germaniya futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman qayd etildi.
Eng mashhur erkaklar o‘ntaligiga biror siyosatchi kirolmadi. Ammo muqobil ro‘yxatda - «yilning anti-erkaklari» reytingida birinchi o‘rinni siyosatchilar egalladi. Xususan, nemis ayollari bu yil kansler Olaf Sholsni hammadan ko‘ra ko‘proq yomon ko‘rdi. So‘rov ishtirokchilarining 1/3 qismidan ko‘prog‘i undan norozi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek, uchinchi o‘rinda esa yaqinda ishdan bo‘shatilgan moliya vaziri Kristian Lindner qayd etildi.