Deputatlar 10 trillion so‘mlik xarajatlarni 10 daqiqaga bormay tasdiqlab berdi. Tashqi qarz limiti esa salkam 1,5 barobarga oshirildi. Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini ko‘paytiradi. Isroillik ravvinning o‘limidan keyin BAAda o‘zbekistonliklar uchun muammolar ko‘paymoqda. Organ xodimlariga biznes bilan shug‘ullanish taqiqlandi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Parlamentdagi 9 daqiqa
O‘tayotgan haftada o‘zbekistonliklar mamlakatdagi qonun ustuvorligi, huquqiy davlatchilikning qay holatda ekanidan darak beruvchi yana bir voqeani katta og‘riq bilan qabul qildi. Hukumat trillionlab so‘mlik mablag‘larni odatdagidek parlamentning ruxsatisiz sarflagani oydinlashdi, parlament esa buning uchun hukumatga dakki berish o‘rniga, 10 trillion so‘mlik xarajatlarni 10 daqiqaga bormasdan qonunga kiritib berdi.
Qonunchilik palatasining 3 dekabr kungi majlisida 2024 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishga bor-yo‘g‘i 9 daqiqa yetarli bo‘ldi. Shundan 5 daqiqasi – moliya vaziri o‘rinbosarining nutqiga sarflandi. Qolgan daqiqalarda hujjat loyihasi hech qanday savol-javoblarsiz, birdaniga uchala o‘qishdan o‘tkazilib, 100 foizlik ovoz bilan qabul qilindi. Hukumatni intizomga chaqirib, qonundan tashqari xarajatlar uchun parlamentdan ruxsat olish kerakligini aytadigan birorta ham deputat topilgani yo‘q.
Bu o‘rinda, shu hafta Fransiyada hukumatning aynan budjet masalasidagi o‘zboshimchaligi sabab deputatlar bosh vazirga ishonchsizlik votumi e’lon qilganini ta’kidlash o‘rinli. Yoki uzoqqa borib o‘tirmay, Qozog‘istonni ham misol qilib keltirish mumkin. Qo‘shni respublikada bu yil budjetga 10 marta o‘zgartirish kiritilgan va har safar bu masala deputatlar muhokamasiga olib chiqilgan.
O‘zbekistonda esa yana yil oxiriga kelib budjet qonuni amaldagi holatga moslashtirib qo‘yilyapti. Yil davomida bolalar nafaqalari va moddiy yordamdan 2 trln so‘m tejab qolingani e’tiborga molik. Shunga qaramay, xarajatlar 10 trln so‘m yoki 776 mln dollarga ko‘paytirildi, tashqi qarz limiti esa bundan ancha ko‘proqqa oshirildi. Bir yil oldin 2024 yilda olinadigan tashqi qarzlarning maksimal miqdori 5 mlrd dollar deb belgilangan bo‘lsa, endi bu limit 7,3 mlrd dollargacha oshirildi. Shundan 3,2 mlrd dollar budjet defitsitini yopishga, 4,1 mlrd dollar investitsiya loyihalariga ishlatiladi (yoki allaqachon ishlatib bo‘lingan). Eslatib o‘tamiz, 2024 yil yakunida davlat qarzi miqdori salkam 40 mlrd dollarga yetishi, kelasi yili 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olinishi ko‘zda tutilgan.
Osiyo o‘yinlari xarajatlari tejaladi
Davlat budjeti masalasida jamoatchilik iliq qabul qilgan yangiliklar ham bo‘ldi: O‘zbekiston 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilmaydi. Osiyo Olimpiya Kengashining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni olimpiya shaharchasi qurilishini belgilangan muddatda yakunlay olmasligini ma’lum qilib, musobaqa boshlanishiga 9 oy qolganda mezbonlikdan voz kechgan.
Milliy olimpiya qo‘mitasi olimpiya shaharchasi qurilishining kechikishini koronavirus pandemiyasi bilan izohladi. Unga ko‘ra, pandemiya tufayli kiritilgan cheklovlar sabab Yangi Toshkentda qurilayotgan shaharchaga zarur vositalarni yetkazishda uzilishlar kuzatilgan. Shu munosabat bilan mezbon mamlakat turnirni 2026 yilga ko‘chirishni so‘ragan, Osiyo Olimpiya Kengashi esa bunga rozi bo‘lmagan. Kengash qarori bilan, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Bahraynda o‘tadigan bo‘ldi.
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini oshiradi
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi. Qishning ilk kunlarida telefon orqali suhbat qurgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston parlamenti raisi Gurbanguli Berdimuhamedov shunday kelishuvga erishdi. Rasmiy relizga ko‘ra, tomonlar yaqin kelajakda gaz sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ham rejalashtirgan. Shuningdek, Mirziyoyev va Berdimuhamedov Qo‘shtepa kanali masalasini ham muhokama qilgan.
Gaz borasida aynan qanday qo‘shma loyihalar haqida gap ketayotgani va gaz importi qanchaga oshirilishi hozircha ma’lum emas. Shunisi ma’lumki, Turkmaniston O‘zbekistonga qancha kerak bo‘lsa, shuncha gaz yetkazib berish salohiyatiga ega. Qolaversa, Turkmaniston tomoni yaqinda Rossiyaga gaz sotishni to‘xtatdi. Oktyabr oyi oxirida “Turkmangaz” raisi “Gazprom” bilan tuzilgan 5 yillik shartnoma muddati yakuniga yetgani, tomonlar narx masalasida kelisha olmagani uchun shartnomani uzaytirmaganini ma’lum qilgandi.
Gaz qazib olish sezilarli pasayib borayotgani sabab ,bir necha yil ichida gaz eksportyoridan netto importyoriga aylangan O‘zbekiston, o‘tgan yili Turkmaniston va Rossiya bilan qisqa muddatli gaz shartnomalarini tuzgan. Bu shartnomalarga ko‘ra, Turkmanistondan yiliga 2 mlrd kub metrgacha, Rossiyadan esa yiliga 2,8 mlrd kub metrgacha gaz xarid qilish ko‘zda tutilgan. Shundan buyon O‘zbekiston tomoni har ikkala ta’minotchi bilan ham yetkazib berish hajmini oshirish va uzoq muddatli shartnomalar ustida ishlanayotganini aytib keladi.
BAAda ushlangan o‘zbekistonliklar
Isroillik ravvinning o‘limida uch o‘zbekistonlik gumonlanayotgani O‘zbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklariga kirib-chiqishi qiyinlashishiga olib kelishi mumkin. Avvaliga o‘nlab vatandoshlar Abu-Dabi aeroportidan ortga qaytarib yuborilgan bo‘lsa, keyinroq Dubayda ishlayotgan o‘nga yaqin o‘zbekistonlik hibsda ushlab turilgani oydinlashdi.
Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 25 noyabr kuni Dubayda mehnat qiladigan, bir joyda yashaydigan 9 nafar O‘zbekiston fuqarosi politsiya tomonidan olib ketilgan, shundan beri ular bilan hech kim ko‘risha olmayapti. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, amirliklarning tegishli idoralariga nota yuborilgan, lekin haligacha javob kelmagan. Ish bo‘yicha advokat yollangani, bu hibslar yahudiy rohibining o‘limida gumonlab qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari ishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
30 noyabr kuni esa Abu-Dabi aeroportida kamdan kam kuzatiladigan holat ro‘y bergan: Toshkentdan uchib kelgan o‘zbekistonliklarning 31 nafari amirliklar hududida kiritilmasdan, aeroportda ushlab qolindi. Ushlanganlar faqat o‘rta yoshdagi erkaklar bo‘lib, bolalar, ayollar va keksalar muammosiz o‘tkazib yuborilgan. Qaytarib yuborilganlardan biri ularga huddi terroristlardek muomalada bo‘lishgani, ayrimlariga hatto kishan ham taqilganini aytdi.
O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchixonasi vaziyatdan xabar topgach, vatandoshlarning ovqat bilan ta’minlanishiga erishgan. Shuningdek, 2 dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev amirliklarning Toshkentdagi elchisini qabul qilib, voqeani muhokama qildi. “Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi”, – deyiladi vazirlik axborotida.
Javlon Yunusovning Toshkentdagi qurilish loyihalaridan odamlar norozi
Komil Allamjonovga suiqasd ishida asosiy gumondorlardan biri sifatida Koreyadan ushlab kelingan Javlon Yunusov shaxsiga oid ayrim tafsilotlar oydinlashdi. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, Yunusov turar-joy majmualarini qurish, farmatsevtika, ta’lim, mebel ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi bir qator kompaniyalarning ulushdori hisoblanadi. Unga tegishli kompaniyalar qurayotgan kamida ikkita ko‘p qavatli turar joy majmuasi mijozlarga kelishilgan muddatda topshirilmagan.
Gap Toshkent shahri markazidagi “Minor Towers” va “Nasl dahasi” majmualari haqida ketmoqda. Labzakda qurilishi boshlangan 25 qavatli “Minor Towers”dagi xonadonlar o‘z egalariga 2025 yil oxirigacha topshirilishi aytilgan, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra qurilish to‘xtab qolgan. Hozirda bir guruh xaridorlar pullarini qaytarib olishga harakat qilyapti.
Nukus ko‘chasidagi “Nasl dahasi” nomli majmua esa 2021 yildayoq foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan, lekin haligacha topshirilmagan. Uyini ololmayotgan fuqarolardan birining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Javlon Yunusovning o‘zi xaridorlar bilan uchrashib, 2023 yil oxirigacha uylarni o‘z egalariga topshirishni va’da bergan. Va’da amalga oshmagan, 2024 yilning oxiriga kelib esa Yunusov endi qamoqda o‘tiribdi.
Eslatib o‘tamiz, rasmiylar Allamjonovga suiqasd ishida gumondor deb hisoblanayotgan 7 kishidan faqat Javlon Yunusovning shaxsini ochiqlagan. Boshqa gumondorlar kimligi rasman ma’lum qilinmagan. O‘tayotgan hafta xorijiy matbuot ushbu ish doirasida hibsga olishlar davom etayotganini xabar qildi, ammo rasmiy idoralardan bu borada yangilik bo‘lganicha yo‘q. Bosh prokuraturaning “hamma faqat prokuratura bergan izohlar asosida gapirsin” degan bayonoti mahalliy matbuotning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘ygan.
Ruslanbek Davletov – diniy masalalar bo‘yicha maslahatchi, Abdusalom Azizov – uning o‘rinbosari
Diniy sohada qator tayinlovlar amalga oshirildi. Endilikda bu sohaga Ruslanbek Davletov rahbarlik qiladi. Sobiq adliya vaziri, ikki yildan beri prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Davletovning lavozimi “ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi” deya o‘zgartirildi va unga 3 nafar o‘rinbosar tayinlandi. Ulardan biri – sobiq DXX raisi Abdusalom Azizov prezident maslahatchisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi.
Prezidentning din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi esa, katta ehtimol bilan, tugatilgan. Bu lavozimda ishlab kelgan Muzaffar Komilov Xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimiga o‘tkazildi. Akademiyani boshqarib kelgan Uyg‘un G‘afurov esa Toshkent islom instituti rektori etib tayinlandi. Oliy ma’hadning endilikda sobiq rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov muftiy o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Xo‘jaobodda ayrim o‘quvchilar “qizil toifa”ga kiritildi
Hafta davomida, shuningdek, Andijondagi bir holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Xo‘jaobod tumani IIB boshlig‘i 18 nafar maktab o‘quvchisi bilan suhbat o‘tkazib, ularning kelgusidagi qiziqishlarini muhokama qilgan. Tuman hokimligi bergan xabarda bu o‘quvchilar “qizil toifa”da ekani ta’kidlangan, lekin bolalarga qaysi xususiyatiga ko‘ra “qizil toifa” degan tamg‘a bosilganiga aniqlik kiritilmagan. Bolalarning yuzlari yopilmasdan e’lon qilgan suratlarda 9 nafar ro‘mol o‘ragan qizlar va bir necha yigitni ko‘rish mumkin.
Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarning biror bir tarzda kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ularning sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinadi. Yuqoridagi holatga Kun.uz e’tibor qaratgach, bolalar ombudsmani mas’ullar tomonidan bola huquqlarining kafolatlariga mutlaqo zid ish qilinganini tasdiqlab, ularni ogohlantirdi; tuman hokimligi o‘z xabaridan “qizil toifa” degan so‘zlarni o‘chirib tashlab, suratlarda bolalarning yuzini xiralashtirdi. Shunga qaramay, bolalar ombudsmanining ogohlantirishi qanchalik ta’sirga ega bo‘lishi savol ostida qolmoqda, chunki viloyat hokimligi ombudsmanning pozitsiyasini ochiqchasiga rad etdi. “Bu holatda o‘quvchilarni kamsituvchi holat mavjud emas”, – deyiladi Andijon viloyati hokimligi bayonotida.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga biznes bilan shug‘ullanish taqiqlandi. Prezident imzolagan qonuniy taqiq bir oydan keyin kuchga kiradi. Qonun bilan, kuch ishlatar tuzilmalar xodimlariga o‘z mavqeyini ro‘kach qilib, qonunchilikda yozilmagan imtiyozlardan foydalanish ham man etildi. Shuningdek, organ xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno.
Xitoy O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qiladi. Tashqi ishlar vazirlari imzolagan bitimga ko‘ra, ikki tomonlama amal qiladigan kelishuv fuqarolarga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beradi. Vizasiz rejim qachondan kuchga kirishiga hozircha noma’lum. Ma’lumot uchun, Xitoy 2023 yil noyabrdan boshlab Qozog‘iston bilan ham 30 kunlik vizasiz rejimga o‘tgandi. O‘zbekiston esa 2020 yil 1 yanvardan boshlab Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim o‘rnatgan, avvaliga 7 kun bo‘lgan muddat keyinroq 10 kungacha uzaytirilgandi.
Toshkentdan Xojikentga ilk marta tezyurar elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi. 120 km/soat tezlikkacha chiqa oladigan yangi poyezd bilan endi poytaxtdan “Bochka”ga qariyb 1 soat ichida yetib borish mumkin. Chipta narxi – 20 ming so‘m. Juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu poyezdda safarga chiqib, Bo‘stonliq tumaniga bordi. Davlat rahbariga Chirchiq daryosi bo‘yida qurilayotgan “Chorvoq darvozasi” nomli turistik majmua taqdimot qilindi. Ma’lum qilinishicha, bu yerda 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, supermarketlar, akvapark, piyodalar uchun daryo ustidan o‘tuvchi shishali ko‘prik quriladi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan BYD'larning tannarxini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 2025 yilda BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda “O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulov prezident huzuridagi taqdimotda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha avtosanoatga bevosita va bilvosita bog‘liq 1 millionta ish o‘rni yaratish, importni 500 mln dollargacha qisqartirish reja qilingan.