Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e’lon qilolmadi

Jahon 16:17 / 07.12.2024 9082

Janubiy Koreyaning hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasi a’zolari Milliy assambleyada prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish taklifi bo‘yicha ovoz berish jarayonini boykot qilib, zalni tark etdi, deb xabar berdi Yonhap.

Qayd etilishicha, mamlakat birinchi xonimi Kim Gun Xiga nisbatan «korrupsiya va aralashish» ayblovlarini tekshirish taklifiga ovoz bergan deputatlar navbatdagi ovoz berish jarayonida qatnashishdan bosh tortgan holda zalni tark etgan.

Prezidentga impichment to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun deputatlarning 200 ta ovozini to‘plash kerak, bu parlament a’zolari umumiy sonining 2/3 qismini tashkil qiladi. Milliy assambleyadagi 300 o‘rindan 192 tasiga ega bo‘lgan muxolifat bloki ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasidan kamida 8 deputatning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj edi.

Yun Sok Yol 2022 yilgi prezident saylovida aynan «Xalq hokimiyati» partiyasi nomidan ishtirok etib, g‘alaba qozongan edi.

Prezident Yun Sok Yol 3 dekabr kuni muxolifatni «davlatga qarshi faoliyatga» aloqadorlikda ayblab, harbiy holat e’lon qildi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Milliy assambleya binosiga kirdi.

Parlamentning favqulodda yig‘ilishida harbiy holatni bekor qilish taklifini 190 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Milliy assambleya ma’muriyati rasmiylari ovoz berishdan keyin harbiy holat «o‘z kuchini yo‘qotdi» deb e’lon qildi.

Parlamentdagi ovoz berishdan so‘ng, prezident o‘z fikrini o‘zgartirdi, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishini chaqirdi va Vazirlar Mahkamasi roziligini olgandan keyin harbiy holat bekor etilganini e’lon qildi. Keyinchalik xalqdan uzr so‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: