Eron Suriyadagi harbiylari va diplomatlarini evakuatsiya qilishni boshladi. Misr va Iordaniya Bashar Asadga mamlakatni tark etishni taklif qildi

Jahon 17:49 / 07.12.2024 7194

Eron o‘z diplomatlari va harbiylarini Suriyadan evakuatsiya qilishni boshladi, deb xabar beradi The New York Times. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Suriyani «Al-Quds» — Islom inqilobi muhofizlari korpusi komandirlari ham tark etgan.

NYT suhbatdoshlarining qayd etishicha, Suriyani ayrim diplomatlar ham tark etmoqda. Eronliklar esa mamlakatdan Tehronga uchadigan aviareyslar bilan birga Livan va Eron chegarasi orqali yer usti transporti, shuningdek, Lataqiya portidan dengiz yo‘li orqali ham chiqib ketmoqda.

Eronlik tahlilchi Mehdi Rahmat NYT’ga bergan intervyusida Eron harbiylari Suriya armiyasi «jang qilishni xohlamasa» unga yordam bera olmasligini ma’lum qildi.

The New York Times manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Misr va Iordaniya amaldorlari Suriya prezidenti Bashar Asadni mamalatni tark etishga va tarkibiga muxolifat ham kiritiladigan vaqtinchalik kengashni tuzishni taklif qilgan. Nashrning qayd etishicha Asad farzandlari va rafiqasini Rossiyaga jo‘natib yuborgan, ammo o‘zi oldingidek Suriyada qolmoqda.

27 noyabr kuni isyonchi guruhlarning «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi koalitsiyasi Suriyada Bashar Asad hukumati nazorati ostidagi hududlarga yurish boshladi. Uch kun ichida ular Halabni egallagani ma’lum bo‘ldi. 5 dekabr kuni isyonchilar Hama shahriga kirib, hukumat qo‘shinlarini siqib chiqardi.

Bugun, 7 dekabr kuni Suriya hukumati Dara shahri va shu nomdagi viloyat hududining katta qismi ustidan nazoratni yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi. Dara shahri 2011 yilda Suriya prezidenti Bashar Asad rejimiga qarshi isyon boshlangan joy sifatida uning uchun ramziy ahamiyatga ega. Fuqarolar urushi avjida Dara «isyonchilar qal’asi» edi, deya ta’kidlaydi AFP. 2018 yildan beri shahar hukumat kuchlari nazoratida bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: