2025-2026 o‘quv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari bo‘yicha, boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublari tashkil etiladi.
Bunda oliygohlarning sport klublari faoliyati uchun tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) shaxsan mas’ul hisoblanadi. Sport klubi raisi etib ta’lim muassasasi rektori tayinlanadi, sport klubi menejeri lavozimi esa oliy ta’lim muassasasi kafedra mudiri lavozimiga tenglashtiriladi.
OTMlarga o‘z sport klublarini tegishli sport bazalariga beg‘araz asosda joylashtirish huquqi beriladi. OTMlarning har yilgi budjetdan tashqari daromadlari va xarajatlari smetasida sport klublarini saqlash bo‘yicha xarajatlar ko‘zda tutiladi.
2025-2026 o‘quv yilidan jamoaviy sport turlari bo‘yicha quyidagi sport musobaqalarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi:
- “Maktab ligasi”;
- “Talabalar ligasi” va “Oliy ta’lim kubogi”;
- “Rektor kubogi”.
Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bunda jamoaviy sport turlari bo‘yicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari o‘tkazib boriladi. Mahallalar o‘rtasida “Mahalla ligasi” musobaqalari o‘tkazib boriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublarini tashkil qilish, tadbirkorlik sub’yektlari sport klublari o‘rtasida “Korporativ sport o‘yinlari” sport musobaqasini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Hujjat 2024 yil 6 dekabrdan boshlab kuchga kirdi.