AQSh sudi Xitoy kompaniyasiga TikTokʼni sotish majburiyatini yukladi

Jahon 18:49 / 07.12.2024 3916

AQSh Federal apellyatsiya sudi Xitoyning ByteDance kompaniyasi zimmasiga 2025 yil 19 yanvarga qadar TikTok platformasini sotish majburiyatini yukladi. Aks holda platforma AQSh hududida bloklanadi, deb xabar beradi Bloomberg.

ByteDance’ning apellyatsiya da’vosida qisqa videolar servisiga qo‘yilayotgan taqiq AQSh konstitutsiyasining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi birinchi tuzatishini buzayotganini qayd etgan. Ammo sud ushbu asosga qo‘shilmadi. Apellyatsiya yakdil qaror bilan rad etildi.

ByteDance’ning oxirgi umidi AQSh Oliy sudi — kompaniya ultimatumni to‘xtatish uchun u yerga murojaat qilishini allaqachon e’lon qildi. Ammo vaqt u qadar ko‘p qolmadi: taqiq 19 yanvar kuni — Jo Bayden prezidentligining so‘nggi kunidan kuchga kiradi.

AQSh qonunchilik organi vakillari Xitoy TikTok orqali amerikaliklarning ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi yoki ularning ortidan josuslik qilishi mumkinligidan xavotirda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq AQSh foydalanuvchilarining ma’lumotlarini hech qachon oshkor etmaganini ta’kidlab kelmoqda.

Avgust oyida Yevropakomissiya TikTok platformasiga raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi Yevropa qonunchiligini buzayotgan TikTok Lite ilovasidagi rag‘batlantirish dasturini olib tashlash majburiyatini yuklagandi.

Avvalroq Kanada TikTok videoservisidan milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan mamlakatdagi TikTok Technology Canada Inc bo‘linmasi faoliyatini to‘xtatishni talab qilgandi. Shu bilan birga Kanada hukumati TikTok ilovasi ishini bloklash niyatida emas: undan foydalanish bo‘yicha qarorni foydalanuvchilarning o‘zlari qabul qilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: