Reuters: YeIga a’zo davlatlar elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini kelisha olmadi

Jahon 22:03 / 06.12.2024 3586

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini kelisha olmadi. Bu haqda Reuters agentligi o‘zining diplomatik manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sanksiyalar paketining qabul qilinishini ikkita davlat bloklagan, ammo ular qaysilar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Bunga Yevropa kompaniyalari Rossiyadan o‘z investitsiyalarini olib chiqib ketishiga bog‘liq muddatni uzaytirish borasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, bahs Chexiyaga Rossiya neftidan olingan va Slovakiya neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan dizel yonilg‘isi hamda boshqa mahsulotlarini import qilish imkonini beruvchi imtiyozni uzaytirish masalasi muhokama qilingan vaqtda ham yuzaga kelgan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Chexiya Rossiya yonilg‘isini import qilishga ruxsat beradigan imtiyoz uzaytirilishiga intilmayotganini ma’lum qilgan, Slovakiya esa aksincha, muddati 5 dekabr kuni tugagan bitimni saqlab qolish niyatida.

15-paket o‘z ichiga Rossiya neftini tashuvchi tankerlarga qarshi sansiyalarni ham olgan. Agentlikning yozishicha, YeI a’zolari kelishuvga keyinroq qaytadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketi 2024 yil iyunda ma’qullangan edi. Ushbu paket bilan Rossiya suyultirilgan gazining Yevropa portlari orqali tranzitiga cheklovlar kiritgan va uchinchi mamlakatlarda «shu’ba» korxonalari bo‘lgan kompaniyalarga ikki tomonlama maqsadlarga mo‘ljallangan texnologiyalarni Rossiyaga qayta eksport qilishga ruxsat bermaslik majburiyatini yuklagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: