Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi isyonchilar koalitsiyasi Bashar Asad hukumati kuchlariga qarshi hujum boshlagan Suriyadagi vaziyatga izoh berdi.
U isyonchilar Idlib, Halab va Hama shaharlarini egallagan harbiy operatsiyani «muxolifat yurishi» sifatida ta’rifladi.
«Idlib, Hama, Homs va, albatta, maqsad Damashq. Muxolifatchilarning yurishi davom etmoqda. Umid qilamizki, Suriyadagi bu yurish muammolarsiz davom etadi», — deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi, shuningdek, u Suriya prezidenti Bashar Asadga vaziyatni tartibga solish bo‘yyicha murojaat qilgani, ammo «ijobiy javob» olmaganini qo‘shimcha qildi.
«Biz Asadga qo‘ng‘iroq qildik. "Keling, Suriya kelajagini birgalikda belgilab olaylik", dedik. Afsuski, bu masalada ijobiy javob olmadik», — deydi Erdo‘g‘an.
27 noyabr kuni isyonchi guruhlarning «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi koalitsiyasi Suriyada Bashar Asad hukumati nazorati ostidagi hududlarga yurish boshladi. Uch kun ichida ular Halabni egallagani ma’lum bo‘ldi. 5 dekabr kuni isyonchilar Hama shahriga kirib, hukumat qo‘shinlarini siqib chiqardi.
Bu so‘nggi to‘rt yil ichida mintaqada yuz berayotgan birinchi yirik mojaro — 2020 yilda Asad qo‘shinlari va isyonchi guruhlar Rossiya hamda Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushida Rossiya Bashar Asadni, Turkiya esa muxolifat guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.