Suriyadagi muxolifat kuchlari payshanba kuni Hama shahri egallangani haqida e’lon qildi. Suriyalik harbiylar shiddatli to‘qnashuvdan keyin ushbu muhim shahardan chekinganini tasdiqlagan. Isyonchilar o‘tgan haftada 2016 yildan buyon ilk bor mamlakatdagi ikkinchi eng yirik shahar Halabga kirgandi.
Hama egallangani — Halabdan poytaxt Damashqqacha bo‘lgan masofaning uchdan bir qismi bosib o‘tilganini anglatadi; ushbu shahar Suriyadagi fuqarolik urushi boshlanganidan buyon hukumat kuchlari nazoratida qolgandi.
Isyonchilar qo‘mondoni Hasan Abdul G‘ani payshanba kuni tongida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida isyonchilar Hamaga kirishni boshlagani va uning markazi tomon bir necha yo‘nalishda harakatlanayotganini aytgandi.
Keyinroq G‘ani X ijtimoiy tarmog‘i orqali Hama markaziy qamoqxonasidan yuzlab mahbuslar ozod etilgani haqida yozgan.
Al Jazeera telekanali shahardagi yo‘llar kesishmasida tinch aholi isyonchilarni qanday qarshi olayotgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Boshqa kadrlarda Hama bo‘ylab mashinalar va mopedlarda harakatlanayotgan harbiylar aks etgan.
Suriya armiyasi avvaliga isyonchilar Hama shahrining biror tumaniga kirgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini aytishgandi. Suriya mudofaa vazirligi bayonotida harbiylar shahar chekkasidagi «mustahkam» mudofaa chiziqlarida turgani aytilgandi.
Ammo keyinroq armiya rahbariyati shahar isyonchilar qo‘liga o‘tganini tan oldi. Navbatdagi bayonotda aytilishicha, shiddatli to‘qnashuvlardan keyin armiya bo‘linmalari o‘z joylashuvini Hama tashqarisiga ko‘chirishga majbur bo‘lgan — «tinch aholi hayotini saqlab qolish va shahar ko‘chalarida jang olib bormaslik uchun», deyilgan bayonotda.
O‘tgan haftada isyonchilar mamlakatdagi ikkinchi eng yirik shahar Halabga kirgan va shundan buyon Idlib va Halabdan janubga, poytaxt Damashq tomon yurishni davom ettirayotgandi, seshanba kuni Hama shimolidagi strategik tepaliklar egallangandi.
Hama 2011 yilda Bashar Asadga qarshi namoyishlar ortidan boshlangan fuqarolik urushi davomida hukumat kuchlari qo‘lida qolgandi. Uning qulashi Damashqda va Asadning rossiyalik hamda eronlik ittifoqchilarida shok keltirib chiqardi, deya qayd etadi Reuters o‘z xabarida.
Hama — Halabdan Damashqqa qadar yo‘lning uchdan bir qismidir, uning egallanishi mamlakatdagi yana bir yirik shahar Homs tomon yo‘l ochadi, ushbu shahar Suriyaning aholi eng ko‘p yashovchi regionlarini, xususan, poytaxtni O‘rta yer dengizi sohillarida, Rossiya bazalari joylashgan Tartus va Lataqiya bilan bog‘lovchi yo‘llar chorrahasida joylashgan.
Hamada, 1982 yilda Asadlar sulolasi tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgan isyon bo‘lib o‘tgan shaharda chorshanba kuni internet o‘chirib qo‘yilgan, ko‘chalar esa bo‘shab qolgan, deb hikoya qiladi oilasi shaharda qolgan Reuters suhbatdoshi.
Isyonchilarning yutuqlarini rossiyalik harbiylashgan blogerlar ham tan olgan. «Hamada chindan ham barchasi yomon, hatto jangarilarning bayonotlarining ikki yoki uchdan bir qismini olsak ham. Hatto Suriyadagi yarim rasmiy pabliklar jangarilar shaharning sharqiy chekkalarida harakatlanayotganini tasdiqlamoqda, g‘arbda ham vaziyat silliq emas», — deya izohlagan RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblanuvchi Rybar telegram-kanali (1,3 mln obunachisi bor).
Ko‘p yillik tanaffusdan keyin Suriyada keng ko‘lamli fuqarolik urushi qaytadan boshlanishi Yaqin Sharq mintaqasini yanada beqarorlashtirishi mumkin.
Suriyadagi eng jangovar sunniy guruh o‘tmishda «Al-Qoida»ning ushbu mamlakatdagi bo‘limi bo‘lgan «Xay’at Tahrir ash-Shom» guruhi hisoblanadi. Hsh yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy Siriyadagi diniy ozchilikni himoya qilishga va’da bergan va aholini Asaddan yuz o‘girishga chaqirgan, ammo ko‘pchilik hamon isyonchilardan qo‘rqadi, deya yozadi Reuters.
Chorshanba kuni al-Jo‘laniy Halabning tarixiy qal’asiga tashrif buyurdi, bu isyonchilar uchun ramziy palla bo‘ldi, ular 2016 yilda ko‘p oylik qamal va shiddatli janglardan keyin ushbu shahardan siqib chiqarilgandi — bu ularning fuqarolik urushidagi eng katta va eng og‘riqli mag‘lubiyati bo‘lgandi.
Halab aholisi oziq-ovqat va yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelganini aytmoqda, aloqa xizmatlari ham o‘chirilgan.
Hamaga yurish qilayotgan isyonchi kuchlar safida Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Suriya milliy armiyasi koalitsiyasi ham bor, ushbu kuchlar so‘nggi yillar mobaynida Turkiya va Suriya chegarasidagi hududni o‘z nazoratida ushlab turgandi.
Anqara isyonchilarning o‘tgan haftada Halabga qilgan kutilmagan yurishidagi ishtirokini rad etgan.
Rossiya va Eron Asad 2015-2020 yillar davomida Suriyaning katta hududi va barcha asosiy shaharlarini o‘z nazoratiga qaytarishida hal qiluvchi rolni o‘ynagandi. Hozir ham ular yordam ko‘rsatishni va’da qilmoqda.
«Vaziyat baholanishiga qarab, jangarilarni yengish va bu tahdidlarni bartaraf etish uchun Suriya hukumatiga zarur bo‘lgan yordam darajasi haqida gapirish mumkin bo‘ladi», — dedi payshanba kuni Kreml vakili Dmitriy Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagilar Suriyadagi voqealarni «juda diqqat bilan kuzatib bormoqda».
AQSh avvalroq isyonchilarning kutilmagan yurishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgandi. Oq uydagilar fikricha, «siyosiy jarayonda ishtirok etish»dan bosh tortgan Asad hukumati isyonchilarning muvaffaqiyati uchun sharoit yaratgan.
So‘nggi haftada Suriya shimolida hukumatga xayrixoh kuchlar halokatga yuz tutishi Suriya, Rossiya va Eronning alyansi duch kelgan qiyinchiliklarni yuzaga chiqarmoqda. Rossiya 2022 yil fevralidan buyon bor e’tiborini Ukrainadagi urushga qaratgan, Suriya mojarosidagi kuchli tomon sifatida ishtirok etgan Livandagi «Hizbulloh» esa Isroil bilan urushida og‘ir yo‘qotishlarga uchrab, kuchsizlangan.