«Avval bin Lodinga taqlid qilgan, keyin kostyum kiyib olgan» - Asad rejimiga qarshi kuchlar yetakchisi haqida

Jahon 16:15 / 05.12.2024 26574

Asli ismi-sharifi Ahmad Husayn al-Shar’a bo‘lgan Abu Muhammad al-Jo‘laniy 2003 yilda ko‘ngillilar safida AQSh bosqinini qaytarishga yordam berish uchun Suriyadan Iroqqa yo‘l oladi. U harbiy asirlar uchun Amerika lageriga tushib qoladi va Suriyaga faqat 2011 yilda qaytib, IShID asoschisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning emissariga aylanadi. Suriyaga u «pul to‘la sumkalar va ekstremistik harakatni global miqyosga olib chiqish missiyasi bilan» kelgandi, deya yozadi The Wall Street Journal. 

Avvaliga al-Jo‘laniy Suriyada tashkil etgan IShID filiali (o‘sha vaqtda ikki tashkilot ham «Al-Qoida»ga bo‘ysungan) al-Bag‘dodiy o‘zini IShID xalifasi deb e’lon qilganidan keyin iroqlik safdoshlar bilan aloqalarni uzadi. Keyin al-Jo‘laniy al-Bag‘dodiy bilan ham aloqani uzadi va uning yangi tashkiloti — «An-Nusra» fronti — «Al-Qoida»ning Suriyadagi tarmog‘i bo‘lib qoladi.

2017 yilda al-Jo‘laniy rahbarlik qilgan guruh nomini «Hay’at Tahrir ash-Shom»ga o‘zgartirib, «Al-Qoida» bilan aloqalar uzilganini e’lon qiladi. Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti katta ilmiy xodimi va Hsh haqidagi kitob muallifi Aaron Zelinning so‘zlariga ko‘ra, al-Jo‘laniyning IShID va «Al-Qoida»ni tark etishi «mutlaqo samimiy» bo‘lgan, Hsh shu tariqa global jihod mafkurasidan uzoqlashgan. AQSh Davlat departamenti esa nomini o‘zgartirish va «Al-Qoida»dan ajralib chiqishni soxtalik, yangi nomni — «An-Nusra»ning shunchaki boshqacha nomlanishi deb hisoblaydi.

Al-Jo‘laniy 2013 yilda AQShda o‘ta xavfli terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan, Hsh terrorchilik tashkiloti deb hisoblanadi. Qariyb 10 yil muqaddam Amerikaning dushmani bo‘lishga intilmasligini aytib bergan bayonotiga qaramay, u hamon ro‘yxatda qolmoqda. Donald Tramp ma’muriyati 2020 yilda «Tolibon» bilan kelishuv tuzganidan buyon al-Jo‘laniy va Hsh o‘zidan terrorchilik maqomini olib tashlaydigan kelishuvga erishishga harakat qilib keladi — ammo samarasiz.

«Al-Qoida» bilan aloqa uzilganini e’lon qilganidan keyin al-Jo‘laniy 2015 yildan amalda Suriya shimolidagi Idlib viloyatini to‘liq nazorat qilgan Hshni «islom va millatchilik aralashmasi» asosida qurilgan, yaxshi intizomga ega kuchga aylantirdi, deb yozadi WSJ. Nashr qayd etishicha, Hsh kuchlari o‘z kurashini Asad oilasi hokimiyat tepasiga kelguniga qadar respublikada amal qilgan Suriya bayrog‘i ostida olib borishni tanlagan.

Xalqaro inqiroz guruhi katta maslahatchisi, Suriyada al-Jo‘laniy bilan bir necha bor ko‘rishgan Darin Xalifa Hsh rahbariyatini «pragmatik va mafkuraga berilmagan», guruh rahbarining o‘zini esa kelishuvchan va rejimga qarshi kurashdan boshqa ko‘plab masalalarda murosaga tayyor bo‘lgan siyosatchi deb atagan.

Yaqin Sharq ommaviy axborot vositalari tadqiqot instituti vitse-prezidenti va AQSh Davlat departamentining terrorizmga qarshi kommunikatsiyalar bo‘yicha sobiq koordinatori Alberto Migel Fernandesning aytishicha, guruhda hamon ekstremistik mafkura elementlari bor, «ammo ular ahmoq ekstremistlar emas, balki millatchi ekstremistlar». «Al-Jo‘laniy o‘z ohangini yumshatishi kerakligini biladi — masalan, etnik va diniy ozchiliklar masalasida, chunki aks holda buning uchun G‘arbda unga ta’na qilishlari mumkin», — deydi Fernandes.

WSJ bilan gaplashgan boshqa ekspertlar esa, aksincha, al-Jo‘laniy «Iroqdagi suriyalik mayda jihodchi»dan «Suriya inqilobi yetakchisi»ga aylanganiga shubha bilan qarashadi. «Ha, u, katta ehtimol bilan, yoshi o‘tib mo‘’tadilroq bo‘lgan va o‘zining radikal mafkurasidan qisman chekingan bo‘lishi mumkin. Ammo men o‘ylaymanki, katta ehtimol bilan, u haqiqiy istaklarini pinhon tutmoqda», — deydi Lyumer Lion 2 universitetining Suriya bo‘yicha mutaxassisi Fabris Balansh.

Al-Jo‘laniyning o‘zi 2021 yil Idlibda Amerikaning PBS Frontline dasturi uchun bergan intervyusida 2001 yil 11 sentabrda, Amerikaga «Al-Qoida» tomonidan qilingan hujumni yoki Iroqdagi AQSh qo‘shinlariga qarshi kurashni xotirlagani uchun afsuslanmasligini bildirgan. «Agar Amerika kelmaganida, [Iroqdagi] qarshilik ham bo‘lmasdi. Islom yoki arab dunyosida yashovchilardan kimdir [11 sentabr kungi hujumdan] xursand bo‘lmaganini aytsa, aldagan bo‘ladi. Ammo odamlar, shubhasiz, begunoh odamlar o‘limidan afsuslanadi», — degandi al-Jo‘loniy.

Xuddi o‘sha intervyuda al-Jo‘laniy Hsh mintaqada hokimiyatni o‘z qo‘liga olmayotgani, balki bir kishi bilan cheklanib qolmaydigan Suriya inqilobining bir qismi hisoblanishini aytgandi. U terrorchilik maqomini «hech qanday haqiqat yoki ishonchga ega bo‘lmagan siyosiy yorliq» deb atagan. «Bu inqilobdagi o‘n yillik yo‘limiz davomida biz g‘arbga yoki Yevropa jamiyatiga hech qanday tahdid tug‘dirmadik. <…> Biz bunday choralar qabul qilgan mamlakatlarni bu inqilob bo‘yicha siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz», — degan u.

Hozirda 42 yoshda bo‘lgan al-Jo‘laniy noyabr oyi oxirida Suriyaning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Halab markazini egallagan, Turkiya tomonidan qo‘llanayotgan va Hsh rahbarligidagi isyonchi kuchlarga bosh qo‘mondonlik qilmoqda.

WSJ qayd etishicha, hozircha Halabda ommaviy qotilliklar sodir etilgani to‘g‘risida xabarlar kelmagan, Hsh esa qurollangan kurd jangarilariga zarar yetmasdan ketishiga imkon bermoqda. Halabda yashovchi xristian ayol anonim tarzda avvaliga jangarilar «qo‘rqinchli» ko‘rinishgani, ammo talonchlik holatlari ro‘y bermagani va «barcha ular yaxshi muomila ko‘rsatayotganidan shokka tushgani»ni aytib bergan.

Hsh nazorati ostidagi Idlibda yashovchi aktivist Muhammad Oysha Halabdagi vaziyatni «xaotik» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Idlib xavfsizroq bo‘lgandi va mintaqani nazorat qiluvchi guruh islom dini shariatiga amal qilinishini qattiq talab qilgan IShID bilan solishtirganda odamlar hayotiga kamroq aralashgan. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, aholi baribir o‘zgarishlardan xavfsirab yashagan va barchasi hozirgidek qolishiga amin emas.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Hshni tanqidiy fikr bildiruvchi faollar, jurnalistlar va boshqa fuqarolarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olishda ayblaydi va qo‘lga olinganlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘linganini ta’kidlaydi. Al-Jo‘laniy bu ayblovlarni rad etadi.

Idlibda al-Jo‘laniy davlat qurilishi bilan mashg‘ul bo‘lgan

Al-Jo‘laniy turli yillarda. Foto: Al Jazeera videosidan skrinshot va PBS Frontline videosidan skrinshot

Idlib viloyatida 2020 yilga qadar davom etgan to‘qnashuvlardan keyin u deyarli to‘lig‘icha Hsh nazoratiga o‘tadi. 2024 yil noyabrida Rossiya va Suriya aviatsiya kuchlari hududni o‘qqa tutishni tiklashi guruhning yirik yurishi boshlanishiga olib keldi. Hududda tashkil etilgan koalitsiya o‘zini «Harbiy amaliyotlar qo‘mondonligi» deb atamoqda. Koalitsiyadagi asosiy kuch esa «Hay’at Tahrir ash-Shom» jangchilaridir. Turkiya o‘z manfaatlari — janubi-sharqiy chegaralari orqali qochqinlarning yangi oqimi oldini olish ushbu guruhlarni qo‘llamoqda, deydi «Suriyaliklar haqiqat va adolat uchun» tashkiloti tadqiqotchisi Aleks MakKiver.

Vashingtondagi Yaqin Sharq institiuti tahlil markazi Suriya bo‘yicha dasturi direktori Charlz Listerning fikricha, so‘nggi yillarda Hsh global jihod va xalqaro terrorizm g‘oyalarini ochiqchasiga rad etib, asosiy e’tiborni millatchilik kun tartibiga qaratib, o‘zini yanada mo‘’tadil kuch sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Guruh o‘ta konservativ diniy qarashlarga sodiq bo‘lsa-da, uning yetakchilari o‘z nazoratidagi hududlarda shariat qonunlarini joriy etish niyatida emasligini aytishadi.

Rossiyalik tadqiqotchi Kirill Mixaylov «Mediazona» bilan suhbatda Hshning hozirgi rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniyning muhim roliga e’tibor qaratgan. U «Al-Qoida» bilan aloqalarni rasman uzib, Idlib viloyatida jihodchilar guruhi qoldiqlarini siqib chiqargan va davlat qurish ishlari bilan shug‘ullana boshlagan.

«Ya’ni, u ilgari Ben Ladenning nusxasi edi, keyin esa pidjak kiyib oldi. Va bir necha yil ichida u qandaydir byurokratiyani tashkil etib, etnik-diniy ozchiliklar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilib, idlibliklarning hayotini birmuncha yaxshiladi, ya’ni u chindan ham xalqaro darajada tan olinadigan "insoniy qiyofadagi jihodizm" qurishga harakat qildi. U o‘zining ko‘p sonli intervyularida xatolik bilan Hshni terrorchilik tashkiloti deb hisoblashlari, Suriya inqilobi uchun bu adolatsizlik ekanini takrorlagan», — deya izohlaydi Mixaylov.

Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, Isroil-Livan mojarosi chog‘ida Livandan o‘tgan qochqinlar Asad nazorati ostidagi hududlarda emas, balki Idlib viloyatiga kelib joylashgani ham al-Jo‘laniy davlat qurilishida yutuqlarga erishganidan dalolat beradi. «Chunki u yerda vaziyat normal, u yerda yashasa bo‘ladi. Suriyaning aqlga sig‘mas narxlar, bemisl korrupsiya, qilishga ish yo‘q bo‘lgan, hech narsa tiklanmagan qolgan qismidan farqli o‘laroq», — deydi u.

Mixaylov armiyasi korrupsiyaga botgan Asaddan farqli o‘laroq, al-Jo‘laniy o‘tgan vaqt davomida guruh jangchilarini muntazam harbiylashgan tuzilmaga aylantirganini e’tirof etadi. «Ya’ni u armiyani normal tashkil etgan: unda harbiy akademiya paydo bo‘lgan, unda janglarda o‘zini yaxshi ko‘rsatayotgan chinakam maxsus topshiriqli bo‘linmalar paydo bo‘lgan, unda dronlar paydo bo‘lgan. Bunga biz hozirning o‘zida guvoh bo‘lmoqdamiz», — deydi u.

Mixaylov al-Jo‘laniyning guruhining kelgusi harakatlarini prognoz qilishdan tiyilgan, ammo yurish qanday yakunlanishidan qat’i nazar, u allaqachon bemisl va tarixiy voqeaga aylanganini ta’kidlagan. «Biz bu mintaqada mutlaqo unikal voqealarning guvohi bo‘ldik. Ehtimol, buni faqat Idlibning qulashi bilan solishtirish mumkin, ushbu shahar muxolifatchilar qo‘liga o‘tgan ilk gubernatorlik markazi bo‘lgan va Rossiyaning Suriyadagi urushga aralashishi sabablaridan biriga aylangandi», — deya xulosa qiladi u.

Ko‘proq yangiliklar: